Ijodkorning bebaho ne’matlari
Siz jurnalimiz orqali Zikrilla Ne’mat ijodidan boxabarsiz-a? Sevimli adibingizning she’r va hikoyalarini miriqib o‘qib borarsiz? Ehtimol, ijodkorning kitoblarini ham do‘konlardan xarid qilayotgandirsiz?! Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda bolalar yozuvchisi va shoiri Zikrilla Ne’matning “Qatag‘on o‘pqoni” pyesalar to‘plami hamda “Olamni angla, bolam!” she’riy kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ana endi kitob javoningizni yangi badiiy xazinalar bilan ham boyitishingiz mumkin. Bu kitoblar haqidagi qisqacha ma’lumotni o‘qigach, ularni izlab topishingizga ishonaman.
QATAG‘ON O‘PQONI
Mazkur kitobda XX asr o‘zbek madaniyatining mashhur vakillaridan biri, taniqli siyosat va jamoat arbobi, mashhur adib, birinchi o‘zbek professori Abdurauf Fitratning ziddiyatlarga boy hayoti haqidagi “Abdurauf Fitrat yoxud zulmatda ziyo izlab” nomli hamda o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida Germaniyaga o‘qishga yuborilib, keyinchalik mustabid tuzum tomonidan qatag‘on qilingan o‘zbek talabalarining achchiq qismati haqidagi pyesalar kiritilgan. Ular “millatchi”, “xalq dushmani”, “josus” va “bosmachi” sifatida ayblanib, aksariyati sovuq o‘lkalarga surgun qilingan, ko‘plari otib tashlangan. Jafokash xalqimiz bugungi ozod kunlarga yetib kelguncha qanchadan-qancha ma’rifatparvar ziyolilarimizni yo‘qotdi. Istiqlol uchun kurash qurbonlarsiz bo‘lmadi. Pyesalarni to‘liq o‘qisangiz, tinchlik naqadar bebaho ne’mat ekanligini, mustaqillik insonga keng imkoniyatlar eshigini ochib berganligini anglaysiz.
OLAMNI ANGLA, BOLAM!
Ushbu kitobda shoirning ona sayyoramiz, uning oy-u yulduzlari, daryo-yu ko‘llari, daraxtlari-yu turli jonzotlari haqidagi qiziqarli va mazmunli she’rlari jam bo‘lgan. Shuningdek, to‘plamda ona yurtning go‘zal manzaralari, bebaho ne’matlari, tengdoshlaringizning zavq-quvonchlari, orzu-istaklari tiniq ifoda etilgan ajoyib nazm namunalari ham bor. Siz ularni o‘qib, atrof-muhit, uning betakror jamoli va boyligiga yana bir bor ishonch hosil qilib, o‘zingiz uchun kerakli ibrat va saboqlar olasiz, deb umid qilamiz. Masalan, shoirning shunday she’ridan to‘rt qator misol keltirsak:
Hoy, sen ta’tilga chiqqan,
Sho‘x-u shodon bolajon.
O‘quvchi ekanliging
Unutmagil hech qachon!
Tushundingiz-a?! Shoir ta’tilda kitob o‘qimay, faqat o‘yin-kulgu qilib yurishingizni istamayapti. U bebaho xazina bo‘lmish vaqtni zoye ketkazmaslikning tarafdori. Shunday ekan, soniyalar o‘tmoqda... Zikrilla Ne’matning ikkita yangi badiiy xazinasini mutolaa qilishga oshiqing!
Azim AXTAMOV