Tinimsiz mehnat samarasi
Yuzingizga husnbuzarlar toshganda, endi nima qilaman, degan savolni o‘zingizga bergandirsiz?! Bugungi hikoyamiz qahramoni bunday vaziyatlarda teridagi nuqsonlarni xamirdan qil sug‘urgandek davolay oladi. U bu darajadagi ilmga erishish uchun qa-a-ancha zahmat chekmadi deysiz? Javlon Mullaxonov 1984-yil 28-iyul kuni Toshkent shahri Olmazor tumani Ko‘kcha mahallasida dunyoga keldi. Uning bolaligi juda oddiy o‘tdi: gadjetlar yo‘q, ko‘chada do‘stlari bilan berkinmachoq, quvlashmachoq, lanka tepish, futbol, eshakmindi kabi turli-tuman o‘yinlar o‘ynar, suratkashlikka qiziqardi. Ammo bu oddiy bolakay bronxial astma dardi bilan kurashgan yillari mobaynida kelajakda shifokor bo‘lishni orzu qila boshladi.
Bugungi kunda Javlon Mullaxonov nafaqat shifokor, balki Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi konsultativ poliklinika mudiri, Tibbiyot fanlari doktori, ilm-fan sohasida katta yutuqlarga erishgan, Yevropa va Amerika dermatovenerologlar assotsiatsiyalari a’zosi bo‘lib, Toshkentdan dunyo bo‘ylab ilmiy safarlarni amalga oshirayotgan yetakchi mutaxassisga aylandi. Uning hayoti, mashaqqatlari va yutuqlari haqidagi suhbatimiz sizni ham qiziqtirishiga ishonamiz.
– Bolaligingiz qanday o‘tgan?
– Bolaligim Toshkentning Olmazor tumani Ko‘kcha mahallasida o‘tgan. U paytda hozirgidagidek telefon, planshet, pleysteyshnlar yo‘q edi. Chorsuda to‘garaklar ishlar edi. O‘shanda suratkashlik to‘g‘aragiga juda qiziqib qolganman. U payt plyonkali fotoapparatlar bo‘lar edi. Rasmga olish, suratlarga ishlov berishni yaxshi ko‘rar edim. U damlar sira esimdan chiqmaydi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganda Mustaqillik maydonida mushak otilgan. Undan keyin ham ko‘plab mushakbozliklarni ko‘rdim. Ammo o‘shandagi quvonchni hali-hanuz boshqacha, entikib eslayman. Oila a’zolarim bilan tez-tez tabiat qo‘yniga borar edik. Bugun o‘ylab qarasam, shunaqangi sayr-u sayohatlar bolaligimdagi eng go‘zal va quvonchli kunlar sifatida qalbimga muhrlangan ekan. Ota-onam hammamizni mehnatga o‘rgatganlar. Oilada to‘rt aka-uka edik. To‘rt o‘g‘il bo‘lganimiz uchun “Bu o‘g‘il bolaning ishi, bu qiz bolaning ishi”, degan narsa bizda bo‘lmagan. Pishiqchilik payti bog‘imizda anjir, gilos, olcha kabi mevalarni terib, bozorga olib borib sotib kelardik. Puliga keyingi o‘quv yiliga ust-bosh olar edik. Esimda, bir kuni konsertga borgim kelib, dadamdan pul so‘radim. Dadam anjirga ishora qildilar-da: “Ana, konsertning puli daraxtda”, – dedilar. Anjirlarni terib, Chorsu bozorida sotib, puliga konsertga bilet olganman. Ota-onamiz o‘zimiz qiziqqan soha bilan shug‘ullanishimizga ruxsat berganlar. Katta akam irrigatsiya sohasiga, undan keyingi akam harbiy bo‘lishga qiziqqanlar. Ota-onamiz hech qachon bizning qiziqishlarimizga befarq bo‘lishmagan.
Ko‘pchilik maktab o‘quvchilari kasb tanlashda qiynaladi. O‘zlari nima xohlayotganini ham anglamay tavakkal o‘qishga topshiradi. Sizda bu jarayon qanday kechgan?
Men bolaligimdan shifokor bo‘lishni orzu qilar edim. Sababi, ko‘p kasal bo‘lganman. Bronxial astma bilan kasallanganman va ko‘p vaqtim shifoxonada o‘tgan. Chunki astmada qariyb 40 kunlab shifoxonada yotishga to‘g‘ri kelar edi. O‘sha paytlar “Katta bo‘lsam, albatta, shifokor bo‘laman va o‘zim kabi bemorlarni davolayman”, – deb ahd qilganman. Kasalxonada yotganimda doimo shifokorlar bilan o‘rtoq bo‘lib olishga harakat qilardim. Shifokorlar xonasida ko‘p o‘tirar edim. Hamshiralar muolaja qilayotganida tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim. Shu tarzda hali maktabga chiqmasimdanoq kim bo‘lishimni aniqlab olgan edim: – Men, albatta, shifokor bo‘laman!
– Shifokor bo‘lish uchun qanday yo‘llarni bosib o‘tdingiz?
– Maktabni bitirgach hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshirdim. Afsuski, kira olmadim. Ikkinchi yili hujjat topshirganimda davlat granti asosida o‘qishimga 1 ball yetmagan va to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinganman. Bakalavriatni bitirib, magistraturaga hujjat topshirdim. Lekin unda ham birinchi yili kira olmadim. O‘shanda rosa siqilganman. Hatto, yetti kiloga ozib ketganman. Rahmatli dadam ordinaturaga topshirishni taklif qilganlar. Bu ikkisining farqi, magistraturadan so‘ng siz tadqiqotchi sifatida faoliyatingizni davom ettira olasiz. Ordinaturada esa talaba asosan amaliyotga jalb etiladi. Ordinaturada suhbat bo‘lgan va undan o‘tib, ikki yil davomida tahsil oldim. Ordinaturadan so‘ng Dermatologiya markazida qolishni xohlagan edim. Ammo bo‘sh ish o‘rni yo‘qligi uchun vaqtinchalik Toshkent shahri teri-tanosil kasalliklari dispanseriga ishga kirdim. Olti oydan so‘ng Dermatologiya markazida grant e’lon qilingan va kichik ilmiy xodim sifatida grant loyihasida ishtirok etganman. Keyinchalik ham dispanserda ishlab, ham dermatologiya markazida bir qancha grant loyihalarda kichik ilmiy xodim sifatida ishladim va 2019-yilda “Surunkali eshakyemi kasalligi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyamni himoya qildim. 2022-yil doktorlik dissertatsiyamni himoya qildim. Bunda yillar davomida dispanserda shifokor, dermatologiya markazida kichik ilmiy xodim sifatida o‘rgangan bilim va tajribalarim qo‘l keldi. Ilm, izlanish, o‘qish insonni yetuklikka yetkazishiga o‘z hayotim misolida amin bo‘ldim.
– Nima uchun dermatologiya sohasini tanlagansiz?
– 4-kursda terapiya, dermatologiya, urologiya kabi ko‘plab kafedralarga borib amaliyot o‘taganmiz. Dermatologiya kafedrasiga borganimda u yerdagi ustozlar, shifokorlarning yurish-turishi, o‘zini tutishi menda boshqacha iliq taassurot qoldirgan. Dermatologiya bo‘yicha darslar qo‘yilganda ustozlarga havas uyg‘ongan va dermatolog bo‘lishga qaror qilganman.
– Shifokor bo‘lishni istagan bolalarga qanday tavsiyalar berasiz? Sizningcha, yaxshi shifokor bo‘lish uchun nimalar qilishi kerak?
– Avvalo, shifokor bo‘lishga qiziqish va mehr uyg‘onishi kerak. Masalan, ko‘plab kursdoshlarim ota-onasining qistovi bilan, o‘zi xohlamay shifokorlikni tanlashgan va bugungi kunda ular tibbiyot sohasida ishlashayotgani yo‘q. Shifokorlik tinimsiz izlanishni talab qiladi. Universitetda o‘qish sizni shifokor qilib qo‘ymaydi. Bu kasbni egallamoqchi bo‘lgan odam universitetdan tashqari ham doimiy ravishda kitob o‘qish, o‘rganish, amaliyot qilishga tayyor bo‘lishi kerak. Talabalik yillari o‘qishdan keyin do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlar edim. Sherigim aviatsiya sohasida o‘qiydigan talaba yigit edi. U yarim yil davomida mustaqil ingliz tilini o‘rgandi. Bu holat menga yaxshigina ta’sir qilgan. Ilmning chegarasi yo‘q. O‘rganaman, degan odam har doim imkon topadi. O‘rganmayman, degan odamni dunyodagi eng nufuzli oliygohga olib borib qo‘ysangiz ham hech nima o‘rganmaydi. O‘rganaman, degan odam qunt topadi, o‘rganmaydigan odam esa – bahona. Yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun tinimsiz o‘qish kerak. Ikkinchidan, amaliyot va ilmni birgalikda olib borish kerak. Kitob o‘qilgach, shu kasallikka chalingan bemorni ko‘rish yaxshi samara beradi. Biz o‘qigan paytda dermatologiya bo‘yicha o‘zbek tilida ilmiy manbalar deyarli yo‘q edi. Kitoblarni yo rus, yo ingliz tilida o‘qir edik. Hozirda dermatologiya va kosmetologiya sohasida Saidqosim Oripov, Shahnoz Mavlyanova, Ulug‘bek Sobirov, Adham Vaisov kabi malakali shifokorlar o‘zbek tilida darslik va tibbiy atlaslar yozishmoqda. Ammo bir narsani tan olish kerak, tibbiyotdagi eng so‘nggi yangiliklar bugun xorijiy tilda yozilmoqda. Shuning uchun yaxshi shifokor bo‘lishni istagan odam, albatta, til bilishi kerak. Shu bilan birgalikda ilmiy grantlarda ishlash shifokorning salohiyatini yanada oshiradi. Sababi, o‘zim ham bir qancha grantlarda ustozim Shahnoza Hakimovna bilan maqolalar tayyorlab, xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirok etganman. Bu kabi anjumanlar shifokorga dunyo kezish, tibbiyot sohasida dunyoda bo‘layotgan tendensiyalarni o‘rganish, o‘zidan malakali va tajribaliroq shifokorlar bilan tanishish, ulardan o‘rganish, olimlarning kashfiyotlari va yangi bilimlarni O‘zbekistonda amaliyotda qo‘llash imkonini beradi. Til bilgan kishi bu kabi anjumanlarda faqat tinglovchi sifatida emas, balki o‘zining bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlasha oladigan mutaxassis sifatida ishtirok eta oladi. O‘zim ham Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, AQSH, Turkiya, Qozog‘iston, Germaniya, Fransiya, Shvetsariyada ma’ruzalarim bilan ishtirok etganman. Fransiyada Yevropa dermatovenerologiya assotsiatsiyasi granti g‘olibi bo‘lganman. Eng muhimi, shifokor bo‘lish uchun insonda Alloh tomonidan berilgan iste’dod bo‘lishi kerak.
– Bugun dermatologik kasalliklar avvalgidan ancha ortib borayotgandek. Ayniqsa, o‘smirlar bilib-bilmay yuzlaridagi toshmalar va husnbuzarlarini “muolaja” qilishga urinadilar. Sizningcha, bunda eng to‘g‘ri yechim nima?
– Yevropadagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, dermatologik kasalliklar, allergiya shaharlashgan hududlarda va rivojlangan mamlakatlarda ko‘proq kuzatiladi. Sog‘lom ovqatlanmaslik, tabiiy mahsulotlarni kam iste’mol qilish, zavodlar hisobiga havoning ifloslanishi shahar aholisida terida toshmalar, allergiya, husnbuzarlar ortishiga sabab bo‘ladi. Buning oldini olishning yagona chorasi – sog‘lom turmush tarzi: to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy harakatlar, sport bilan shug‘ullanish va hokazo. Bugungi kunda, ijtimoiy tarmoqlarda husnbuzarlarni bir zumda yo‘qotamiz, yuzingiz darrov silliq va tekis bo‘ladi, degan shiorlar ostida turli mahsulotlar reklama qilinadi yoki retseptlar aytiladi. Ammo mutaxassis sifatida bunday narsalarni darrov sinab ko‘rmaslikni maslahat bergan bo‘lar edim. Chunki yuzdagi toshma va dog‘larning asl sababi va og‘irlik darajasini bilmay turib nimalardir qilish teskari natija berishi mumkin. O‘smirlikdagi husnbuzarlar tananing “katta bo‘layotgani” belgisi hisoblanadi va bu normal holatdir. Ayrim o‘smirlarda husnbuzar umuman toshmaydi. Bu terining o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq. Kimningdir yuzi quruq, kimnikidir yog‘li, yana kimdir aralash teri egasi. Husnbuzarlarni davolash uchun avvalo yog‘ bezlari faoliyatini normallashtirish: yog‘li, achchiq, sho‘r mahsulotlar, chaq-chuq, pista, bodomlardan o‘zini tiygan holda ovqatlanish ratsionini to‘g‘rilash kerak. Yengil holatlarda uyda salitsil spirtidan foydalanish mumkin. Bunda husnbuzar toshgan joy salitsil spirtli paxta yordamida artiladi. Teri haddan ortiq yog‘li bo‘lsa, toniklar bilan tez-tez tozalab turish lozim. Ammo unutmaslik kerakki, teri – ichki kasallik oynasi hisoblanadi. Husnbuzar toshishi oshqozon yoki endokrin tizimidagi muammolar bilan bog‘liq bo‘lganda o‘zboshimchalik qilmasdan shifokor ko‘rigi va maslahati asosida davolanish zarur.
– “Gulxan” o‘quvchilariga tilaklaringiz?
– Tilaklarim, avvalo, ichingizdagi ovozga quloq soling va nimaga qiziqishingizni bilib oling. O‘sha qiziqish va orzungizdagi o‘zingizga aylanish uchun mehnat va harakatdan qochmang. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “Bir oyda hayotingiz o‘zgarib ketadi”, “Uch oyda muvaffaqiyatli bo‘ling”, “Olti oyda boy bo‘ling” ga o‘xshash chiroyli va puch gaplarni ko‘p ko‘raman. Har qanday muvaffaqiyat ortida mehnat va harakat yotadi. Tez kelgan narsa tez ketadi. Shunday ekan, mehnatdan qochmang!
Dilnavoz NAJIMOVA suhbatlashdi