Qog‘oz va bo‘yoqdan
Yozuv stolida bir uyum qog‘ozlar. Kunlarning birida odam ularning bittasini qo‘liga oldi. Peroni bo‘yoqdonga soldi va qog‘oz yuzini so‘zlarga, belgilarga, rasmlarga to‘ldirib tashladi.
– Nimaga mening oppoqqina yuzimni bu qadar chaplab tashlading?, – dedi yuragi to‘lib, stol ustidagi bo‘yoqdon yonida turgan o‘sha “chaplangan”idan g‘amgin tortgan qog‘oz. – Sening o‘chirib bo‘lmas bo‘yoqlaring oq yuzimni bo‘yab tashladi. Menday qog‘ozni bir umrga yanchib o‘tdi! Bunday holimda kimga kerakman?
– Lovullama, – dedi mehri tovlanib bo‘yoqdon. – Seni hech kim yerga urmadi, chaplamadi ham, aksincha, kerakli qog‘ozga aylanding. Endi sen oddiy qog‘oz parchasi emas, balki nomaga aylanding. Shu lahzadan boshlab, sen inson fikr-o‘ylarini saqlaguvchisan. Bu sening qiymating va ulug‘ qadring hamdir.
Oqko‘ngil bo‘yoqdon haq bo‘lib chiqdi. Kunlardan bir kun yozuv stolini tartibga solayotgan odam sarg‘aya boshlagan, betartib sochilib yotgan qog‘ozlarga ko‘zi tushdi. Ularni yig‘ib, sekin yonib turgan kaminga tashlab yubordi-da, o‘sha so‘zlar, rasmlar, belgilarga to‘la qog‘ozni avaylab, stol tortmasiga solib qo‘ydi. Negaki, unda inson aqlining nomasi – mahsuli yashardi.
(Leonardo da Vinchi)
Rus tilidan
Oygul SUYUNDIQOVA tarjimasi