Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kapitan Vrungelning “xatar”i

Qadrli kitobxonlar, siz bir marta bo‘lsa ham samoda uchish, dengizda suzish yoxud qayergadir sayohat qilishni istaganmisiz?  Orangizda bu kabi orzular qilmagan bola bo‘lmasa kerak. “12 oy – 12 kitob” ruknimiz orqali sizga tanishtirib borilayotgan asarlarning navbatdagisi ham okean bo‘ylab sayohat qilishni, yangi joylarni kashf etishni istagan dengiz kapitani haqida. Sizga bu asar yoqishi aniq. Hatto, sizda ummon  bo‘ylab dunyo kezish istagi paydo bo‘lsa ajab emas.  Zero, rus yozuvchisi Andrey Nekrasov qalamiga mansub “Kapitan Vrungelning sarguzashtlari” qissasi qahramoni ham dengizda sayohat qilishni orzu qilgandi. Va bu  amalga oshdi.

Andrey Nekrasov maktabni tugatgach  tramvay stansiyasiga ishga kirdi. 1926-yilda Nekrasov Moskvani tark etib, Murmanskka ko‘chib o‘tdi. Bu yerda u baliqchilik  kemasida ishladi. 1933-yilda u dengiz maktabini muvaffaqiyatli tugatdi. U yozuvchi bo‘lgunga qadar ko‘p yillar dengiz flotida ishlagan va dengiz bilan bog‘liq turli xil hikoyalarni eshitgan. Shu sabab unda kitob yozish fikri paydo bo‘lgan. Kitob birinchi marta 1937-yilda “Pioner”  jurnalida e’lon qilingan, 1939-yilda to‘liq kitob holida nashr etilgan. Qissa 1930-yillarda mashhur bo‘lgan dengizchilar haqidagi hikoyalarni, chet elliklar va turli davlatlardagi stereotiplarni parodiya qiladi.

Qissada 5 ta asosiy qahramon bor. Xristofor Bonifatyevich Vrungel – bosh qahramon va hikoyachi. To‘ladan kelgan, past bo‘yli, oqil, zukko va tajribali dengizchi.  Dengizchilar bilim yurtida  navigatsiyadan dars beradi. Vrungelning prototipi Nekrasovning tanishi Andrey Vasilyevich Vronskiy edi, u o‘zi haqida dengiz ertaklarini aytib berishni yaxshi ko‘rardi. Shu sabab dastlab muallif asarni “Kapitan Vronskiyning sarguzashtlari” deb nomlamoqchi bo‘lgan, ammo keyin do‘stini xafa qilishdan qo‘rqib, xuddi shu ma’noni anglatuvchi boshqa familiyani o‘ylab topdi. Shuningdek, Xristofor Kolumb sharafiga Xristofor deb ism qo‘ydi.  Hikoyaning asosiy qahramonlaridan biri, Vrungelning bosh yordamchisi Lomning prototipi Vronskiyning do‘sti, kapitan Ivan Man edi. Lom – baland bo‘yli va kuchli yosh dengizchi. U sodda, mehnatkash, ajoyib oshpaz, ammo barcha buyruqlarni tom ma’noda qabul qiladi. Shu sabab turli ko‘ngilsizliklar yuz beradi. Fuks –  do‘stlaridan  qochish uchun dengizga chiqishga majbur bo‘lgan Vrungel tomonidan yollangan  xizmatchi. Bo‘yi past, soqol-mo‘ylovi keng, qalpoq kiygan. To‘rt tilni biladi – ingliz, nemis, fransuz va rus. Aqlli va ayyor, sodiq do‘st, qiyin vaziyatlardan qanday chiqishni biladi, biror narsani o‘g‘irlash imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydi. Uning ismi nemis tilida “tulki” degan ma’noni anglatadi. Andrey Nekrasovning hamkasbi dengizchi  Fuksning prototipi bo‘lib xizmat qilgan. Admiral Kusaki  – kitobning asosiy va yovuz qahramoni. Bu yapon admirali, kitlarni himoya qilish jamiyati a’zosi, aslida ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullanadi, shafqatsiz va juda makkor. Doim Kapitan Vrungelni taqib qiladi.

Asarda  kapitan Vrungel dengiz maktabida navigatsiya asoslarini o‘rgatadi va talabalar orasida unchalik hurmatga sazovor bo‘lmagan nazariyotchi hisoblanadi. Chunki u har doim o‘zining dengizdagi o‘tmishi haqidagi savollardan qochadi. Ammo bir kuni uning shogirdlaridan biri kasal Xristofor Bonifatyevich Vrungelning uyiga keladi, u suhbat davomida barcha talabalar  kapitanning dengizda sayohat qilganiga ishonmasligini aytdi. Ushbu tushunmovchilikni to‘g‘rilash uchun Vrungel yoshlik paytlarida dunyo bo‘ylab sayohat qilgani haqida uzoq va hayajonli hikoyani boshlaydi. Hikoyalarining aksariyati aql bovar qilmaydigan ertaklardan iborat: uning yaxtasidagi yangi taxtalardan ildiz o‘sib chiqqanidan boshlab,  ekipaji qanday qilib ulkan lupa yasab, aysbergni eritgani haqidagi turli g‘ayrioddiy voqealar bilan tanishishingiz mumkin.

Asarni o‘qigach, yolg‘onga usta adabiy qahramon Baron Myunxauzen yodingizga tushishi mumkin, ko‘pchilik Vrungelni uning dengizdagi prototipi sifatida ko‘radi. Ammo shuni inobatga olish kerakki, yozuvchi Nekrasov dengizchi bo‘lgan va dengizda sayohat qilgan boshqa insonlarning boshidan o‘tkazgan voqealari asosida ushbu qissani yozgan. Shunday ekan, bu ikki qahramonni bir-biriga qiyoslash o‘rinli bo‘lmaydi.

Xo‘sh, kapitan Vrungelning kemasida dunyo bo‘ylab sayohat qilish, turli davlatlardagi urf-odatlar bilan tanishish hamda qiziqarli voqealarning guvohi bo‘lishga tayyormisiz? Unda kitob do‘koni sari olg‘a! Jurnalimiz sahifasida o‘z suratingiz va fikrlaringizni ko‘rishni istasangiz, asarni o‘qigach, taassu­rotlaringizni biz bilan bo‘lishishni va quyida berilgan savollarga javob topib, uni bizning telegram manzilimizga (@GulxanBilimdon) yuborishni unutmang. Savollarga to‘g‘ri javob topgan kitobxonlarni sovg‘alar kutib turibdi.

Savollar:

1. Lomning yagona kamchiligi nima edi?

2. Vrungel kemasining nomi bilan bog‘liq voqeani aytib bering.

3. Olmaxonlarning qanday yordami tegadi?

4. Nega norveglar Vrungelning tishini sotib olmoqchi bo‘lishadi?

5. Qiyin vaziyatda Vrungel soatni aniqlashda nimadan foydalanadi?

6. Qahramonlar seldlarni yetkazib berish bilan bog‘liq qanday usulni sinab ko‘radi?

7. Ular Amazonkada qanday omon qolishadi?

 

Shahribonu RAHMATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.