Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Oh, mazza!” deysiz-u, lekin…

Tabiiyki, issiqda tez-tez tashna bo‘lasiz. Shunda do‘konga kirib, peshtaxtalarda qator turgan kola, pepsi, fanta yoki boshqa gazli ichimliklardan birini xarid qilasiz-u, shu yerning o‘zidayoq qopqog‘ini ochib simirasiz.

Muzdekkina, juda shirin, tanangiz yayraydi, beixtiyor “Oh, mazza!” deb yuborasiz.

Bu yoqda esa mutaxassislar sizning shu harakatingizdan juda xavotirda...

“Gazlangan suvlarda  zararli moddalar bor, ular qon bilan bog‘liq kasalliklarni rivojlantirishi mumkin. Ayniqsa, gazli shirin suvlarni ko‘p ichish bolalarda suyak to‘qimalarini mo‘rtlashtiradi, oshqozon-ichak va ovqat hazm qilish a’zolari, hatto, asab tizimiga ham  anchagina ziyon yetkazadi”, deydi biologiya fanlari doktori, professor Shoniyoz Qurbonov.

Amerikalik tibbiyot olimlarining aytish­laricha, kuniga ikki stakandan gazli shirin suv ichgan kishining buyragi juda tez zararlanishi mumkin. Shu bois olimlar issiq kunlarda oddiy, toza suv ichishni taklif qilishadi. Ko‘k choy va yangi tayyorlangan tabiiy sharbatlar esa ancha foydaliroq bo‘ladi.

Energetik ichimliklarni yo‘l-yo‘lakay xarid qilib, ichayotganlar oz deysizmi? Ular sizga ma’lum vaqtga energiya (quvvat) beradi, lekin zararli jihatlari ham anchagina...

Bo‘yoq va har xil ta’mlar qo‘shilgan energetik ichimliklar dastlab 1960-yil Yaponiyada ishlab chiqarilgan. 1987-yillardan keyin bu  ichimlik  Yevropada tez ommalashib ketdi. Ichimlikni reklama qiluvchilarning aytishlaricha, go‘yoki ularning mahsuloti koni foyda,  bir idishchasini ichgan kishi xuddi “Super odam” kabi bo‘larmish!

Shifokor olimlar boshqa xulosaga kelishdi. Energetik suyuqlikning ta’sir kuchida sox­talik mavjud ekan. Ya’ni, u organizmning zaxira quvvatini oz fursatda ishga soladi,  4-5 soatlik “botirlik”dan so‘ng esa  qattiq toliqish, uyqusirash, bosh og‘rig‘i, tushkunlik boshlanadi.

Unutmang, energetik ichimlik tarkibida kofein mavjud. Uni ichganda  organizmga katta miqdorda kofeinning kirishi tufayli yurak urishining tezlashishi, hatto, qon bosimi ko‘tarilishi singari noxush holatlar ro‘y berishi mumkin.

Zarur vaqtda tetik bo‘lishni istasangiz, kontrast (goh issiq, goh sovuq suvli)dush, toza havoda sayr qilish, ko‘k choy yoki tabiiy qahva ichish bilan har qanday  charchoqdan qutulishingiz mumkin.

Energetikni doimiy ravishda ichish jigar, buyrak, yurak, qandli diabet va asab kasalliklari boshlanayotgan bemorlar holatini keskin yomonlashtiradi, undagi bo‘yoq va nordon ta’m beruvchi moddalar ovqat hazm qilish tizimini ishdan chiqarib, gastrit va yaralarga olib keladi. Bundan tashqari, taurin va glyukuronolakton moddasining ichimlik tarkibidagi miqdori organizmga kerak bo‘lganidan 250 barobar ko‘p ekanligi aniqlangan.

E’tibor qiling, oddiygina kola ichimligining 0,33 litrida (bir stakan hajmda) 15 dona rafinadlangan qand shirinligiga teng energiya bor bo‘lib, u muntazam ichilganda  organizmda moddalar va energiya almashinuvi izdan chiqadi.

Shunday ekan, sog‘ligimizga befarq bo‘lmaylik.

 

Gulchehra JAMILOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.