Sovg‘a sehri
Bundan sakkiz yil avval she’riyat neligini hali tuzukroq bilmagan mendek qizaloqqa akasi sodda so‘zli, jo‘shqin bir shoirning kitobini berdi-yu, endi unga shu kitobdan boshqa hech narsa – na qo‘g‘irchoqning, na koptokning qizig‘i qolmadi. O‘sha kitobning muallifi mening sevimli shoirim Muhammad Yusuf edi. “Xalq bo‘l, elim” kitobini ilk marta qo‘limga olganimda maktab ostonasiga endigina qadam qo‘ygan, she’rlarni yoddan biyron-biyron aytib yuradigan qizcha edim. Uning she’rlari orasida “Iqror” she’ri shunchalik yoqib qolgan ediki, qayta-qayta o‘qiyverganimdan uning sehrli satrlari miyamga muhrlanib qoldi:
O, ota makonim,
Onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q, seningdek ko‘rkam,
Rimni alishmasman bedapoyangga...
Barcha shoirlar Vatanni onaga qiyoslasa, Muhammad Yusuf otaga o‘xshatyapti. Ya’ni, otadek, kezi kelsa otadan ham ulug‘ demoqchi. O‘zbekistonimizning bedapoyalarini, hatto, Rimdan ham a’lo ko‘rishini aytmoqda. O‘ylab ko‘ring, oramizda kim shunday deya oladi? Bu she’rni yaxshilab o‘qib, shuni his qildimki, o‘zga yurtning mashhur joylaridan yurtimning quyoshli bedapoyasi ming marta afzal ekan.
Shoirning “Surat” she’rini o‘qiganimda biroz o‘ylanib qoldim:
Mening kimligimni bilmaydi hech kim,
Men bir g‘alatiman, men alohida.
Ko‘zimning yoshini keladi ichgim,
Tilimni chaynagim kelar gohida.
To‘g‘risi, bu o‘quvchini banogoh o‘ylantirib qo‘yuvchi misralar. Biz-ku tayyor yozilgan she’rni o‘qib o‘ylanyapmiz. Uni yozish-chi? Tushunish bizga qancha qiyinchilik tug‘dirgan bo‘lsa, muallifga ikki karra qiyin bo‘lgan.
Har yili erta bahorda ilk gullar ochila boshlashi bilanoq “Lolaqizg‘aldoq” she’ri yodimga tushadi. Menimcha, bu she’rlarni yodlamagan she’riyat shaydosi topilmasa kerak.
Mazkur she’r lolaqizg‘aldoqlarni juda yoqtirib qolishimga ham sababchi bo‘lgan.
Muhammad Yusufning har bir she’rini o‘qir ekanman, shoir bilan dildan suhbatlashgandek bo‘laman. Xuddi u mening, men shoirning fikrlarini o‘qiyotganday. Shuni angladimki, yuragingda tug‘ilgan go‘shangga, ota-onangga, umuman Vatanga nisbatan otashin muhabbat borligi inkor etib bo‘lmas haqiqat ekan!
Aziza KARIMJONOVA,
Is’hoqxon Ibrat ijod maktabining
10-sinf o‘quvchisi