Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aka-uka tennischilar

Yaqinda Toshkent shahar Yunusobod tumani “Uchqun” sport kompleksida “Uchqun CUP” musobaqasi qizgʻin bahslar ostida oʻtdi. Musobaqada Toshkent shahridagi tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Alibek Atabayev birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Alibek 5 yildan buyon ushbu sport turi bilan shugʻullanadi. Bu davr ichida u anchagina yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Uning ukasi Sarvarning yutuqlari ham akasinikidan qolishmaydi. U shu yili 11 yosh toifasida “Uchqun CUP” musobaqasida 2-oʻrin, Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabidagi “Kichkintoy” bellashuvida 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Alibek va Sarvar Atabayevlar yosh boʻlishiga qaramay, koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritgan. Ular suhbat chogʻida ingliz, rus tili, matematika fanlariga qiziqishini va aʼlo baholarga oʻqishayotganini taʼkidlashdi. Alibekning aytishicha, mashgʻulotlar chogʻida har xil jarohatlar olgan.

Oʻshanda oyim xavotirlanib sport bilan shugʻullanishimga qattiq qarshilik bildirdi. Lekin dadam har qanday yutuq mashaqqatlar evaziga qoʻlga kiritilishini aytib, sabrli boʻlishga oʻrgatganlar. Bobom va buvim ham biz bilan faxrlanadilar. Doʻstlarimiz bizga havas qilishadi. Shunda barcha qiyinchiliklar, ogʻriqlar esimizdan chiqib ketadi, – deydi Alibek. Aka-uka tennischilar oʻz saflariga kenjatoy ukalari Samandarni ham qoʻshishmoqda. Sportchilarimiz erishayotgan yutuqlari uchun ota-onasi hamda ustozlaridan ham minnatdor.

“Matonat” sport klubi bosh direktori va barcha xodimlariga rahmat aytamiz. Murabbiylarimiz Roman Tolgatovich va Ruslan Akbarovlar bizga koʻp narsalarni oʻrgatdilar. Barcha oʻrganganlarimiz katta yutuqlarga poydevordir, – deydi Sarvar.

Yurtimizda sportga eʼtibor va yoshlarga yaratilgan sharoitlar sabab yana bir oilaviy sportchilar sulolasi shakllanayotgan boʻlsa, ajab emas. Kelajakda ulardan Vatan sharafini, Oʻzbekiston bayrogʻini yuqori marralarga koʻtaradigan jahon chempionlari yetishib chiqishiga umid qilamiz.

 

Mohidil ABDULLAYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.