Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bobolarga munosib

Mantiqiy tafakkurga tayanib

Yurtimizda kechayotgan oʻzgarishlarni, yangiliklarni kuzatib borayotgan boʻlsangiz, bu xushxabar sizning qulogʻingizga chalingan boʻlsa ehtimol. Keyingi yillarda mamlakatimizda tabiiy fanlarga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Buni matematika, fizika va biologiya fanlari boʻyicha oʻtkazilgan Xalqaro fan olimpiadalarining quvonchli yakunidan ham anglash mumkin.

14–24-iyul kunlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan 62-xalqaro matematika olimpiadasida dunyoning 110 davlatidan 623 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Unda 6 nafar tengdoshlaringiz Vatanimiz sharafini himoya qildi. Onlayn oʻtkazilgan musobaqa yakunida Buxoro viloyatidagi 5-IDUM oʻquvchisi Diyorbek Tolipov kumush, Buxoro viloyatidagi Xalqaro matematika maktabi oʻquvchisi Olimjon Olimov bronza medaliga munosib topildi.

 

Ikkita oltin

18–23-yul kunlari Portugaliya davlatida boʻlib oʻtgan 32-xalqaro biologiya olimpiadasida 76 mamlakatning 304 nafar iqtidorli oʻquvchisi bellashdi. Ular qatorida 4 nafar vakilimiz ham bor edi. Jizzax davlat pedagogika instituti akademik litseyi oʻquvchisi Humoyun Norbekov va Toshkent pediatriya instituti akademik litseyi oʻquvchisi Aziza Abduvaliyeva oltin, Navoiy viloyatidagi 11-IDUM oʻquvchisi Yorqinbek Turdiboyev kumush medal sohibi boʻldilar.

Mamlakatimizda taʼlimga qaratilgan katta eʼtibor tufayli nufuzli Xalqaro olimpiadada birinchi oʻrinni egalladim, – deydi Aziza Abduvaliyeva. – Barcha sharoitlarga ega taʼlim muassasamizda tajribali oʻqituvchilar, xorijdan jalb etilgan mutaxassislar koʻmagida bilimimni yanada boyitishga harakat qildim. Albatta, kelgusida yana qator xalqaro darajadagi fan bellashuvlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilaman.

 

Fizika – fanlar sultoni

Litvada oʻtkazilgan 51-xalqaro fizika olimpiadasida dunyoning 73 davlatidan 365 nafar ishtirokchi qatnashdi. Musobaqaning amaliy va nazariy bosqichlaridan soʻng, yakuniy natijalar eʼlon qilindi. Unga koʻra, Toshkent shahridagi 71-maktab oʻquvchisi Rail Xashayev bronza medalini qoʻlga kiritgani maʼlum boʻldi.

Bu fanga juda qiziqaman. Chunki fizika barcha texnik ixtirolarning otasi hisoblanadi. Fizika bilan matematika egiz fanlar deyiladi. Men bu qiziqarli olamga endigina qadam qoʻydim. Kelajakda uni mukammal oʻrganishga harakat qilaman, – deydi mukofot sohibi.

Oʻz muxbirimiz

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.