Kitobni shunchaki oʻqib boʻlmaydi
Kitob – moziy darakchisi, bugunning tarbiyachisi va muallifi, kelajakning yoʻlboshchisi. Kitobni maʼnaviy xazina, haqiqiy boylik, dedik. Kitob – bilim manbai, ilm shamchirogʻi, maʼnaviyat sarchashmasi. Kitobni quyoshga qiyoslash oʻrinlidir: quyosh insonning jisman ulgʻayishi uchun qanchalik muhim oʻrin tutsa, kitob maʼnan barkamollik uchun shunday ahamiyatga ega. Oʻqish jarayonining oʻzidayoq insonning ongi va dunyoqarashi shakllana boradi. Manbalarda yozilishicha, Forobiy Arastuning “Jon haqida” deb nomlangan asariga oʻz qoʻli bilan: “Men bu asarni 200 marta oʻqidim” deb yozib qoʻygan ekan. Kitob odamlardan mutolaada nafaqat koʻz va aql, shuningdek, koʻngil ham birdek ishtirok etishini talab qiladi. Kitob oʻqishdan maqsad aql-tafakkur bilan uni mantiqiy muhokama etishgina emas, balki chin yurakdan zavqlanish, taʼsirlanish, oʻzlikni, haqiqatni izlab topish hamdir. Kitobni shunchaki oʻqib qoʻyish bilan ruhning, qalbning pok boʻlishiga erishib boʻlmaydi.
Har bir kitobxon kitobdagi bilimlarni ongiga jo qilib, uni hayotiy faoliyatida qoʻllay olsa, bu chinakam muvaffaqiyatdir.
Nozima AHMADJONOVA,
Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanidagi 32-maktab oʻquvchisi