Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Gulxan”ning mahorat maktabi

Xabaringiz bor, bolajon mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning muayyan sohadagi samarali faoliyati, yutuq va iqtidorlilarini munosib baholash, ragʻbatlantirib borish maqsadida “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti taʼsis etilgan. Bu yil “Yoshlar kuni” arafasida respublikamizdagi eng iqtidorli 29 yigit ana shu yuksak mukofotga sazovor boʻldi. Mukofotlanganlar orasida Gulxanjonning suyukli shogirdi, izlanuvchan ijodkor Islom Asilbekov ham bor.

Biz yosh doʻstimizni ushbu mukofot bilan samimiy qutlaymiz.

 

Bolalikning orzulari bisyor. Bir qarasang haydovchi, bir qarasang advokat, yana bir qarasang prokuror boʻlish xayolida yurardim. Keyinchalik jurnalist boʻlaman, degan ishtiyoq bilan qalam tebrata boshladim. Maktabda oʻqib yurgan vaqtlarim pochtalyonimiz Sobirjon amakining “Gulxan” jurnali olib kelishini intizorlik bilan kutar edim. Unda eʼlon qilib boriladigan biror bir ijod naʼmunasi yoʻq ediki, meni oʻziga bogʻlab qoʻymagan boʻlsin.

Oʻzimcha nimalardir qoralab, bu ketishda “shoir” boʻlaman shekilli, degan oʻy bilan “sheʼr daftar” tutganman. Sinfdoshlarimiz bilan birgalashib jurnalga xat yozganmiz. Tahririyatdan javob xati olganimizda, goʻyoki yettinchi osmonda uchganmiz.

Vaqt tezkor. Vaqt yuguruk. Birpasda maktab, kollejni tamomlab, poytaxtda oʻqishga keldim.

Bolalik hamrohimga aylangan jurnal bilan yanada yaqinroq boʻldim. Nasiba qoʻshilgan ekan, bir muddat shu yerda ishlab, ustozlarim Zahro Hasanova, Muhabbat Hamidovalardan bolalar adabiyoti, jurnalistikasidan saboq oldim.

Adabiyot fani oʻqituvchimiz aytgan edilar: “Bolaning koʻngli poshsho degan gapni yaxshi bilasiz. Agar bolaning koʻngli poshsho boʻlsa, biz bolalar adabiyotiga ham podsholardek qarashimiz kerak. Agar uni nooʻrin xafa qilib qoʻysak, aslo bizni kechirmaydi...” U mahallar bu soʻzlarning magʻzini anglamagan edim.

Biroq bolalar jurnaliga kelganimdan soʻng bu soʻzlarning naqadar qiymatli ekanligi, begʻubor dunyosi bor “poshsholarning” koʻngliga yoʻl topib qalam tebratish, uning nonini yeyish oson emasligini tushunib yetdim.

Ustozlarim koʻmagida jurnalda “Nafis sanʼat zahmati”, “Bobomga munosib boʻlaman”, “Chustdan chiqqan chempion”, “Magʻrur hilpiraydi bayrogʻim”, “Orom maktabining onasi”, shuningdek, dunyo maktablari faoliyati bilan bogʻliq bir qator maqolalarim eʼlon qilindi.

“Maʼrifat” gazetasida eʼlon qilingan “Muallim, oʻquvchingiz nima oʻqiyapti?” nomli maqolam Fasl ijodkori tanlovida eng yaxshi ijodiy ish deb baholandi.

Katta daryolar ham kichik jilgʻalarning qoʻshilishidan hosil boʻlganidek jurnalda olgan saboqlarim faoliyatim davomida koʻp bora asqotdi. Adabiyot va jurnalistika boʻyicha Hindistonning adabiy mukofoti hamda Qozogʻiston Respublikasining uchta medali bilan taqdirlandim. “Qoplon”, “Oq tulpor” nomli hikoyalarim esa “Jahon isteʼdodlari” uyushmasining maxsus sertifikatiga sazovor boʻldi.

Hayotimdagi eng katta quvonch 30-iyun “Yoshlar kuni” munosabati bilan jurnalistika yoʻnalishida “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti bilan taqdirlanganim boʻldi. Mukofotni mamlakat Bosh vaziri qoʻlidan olar ekanman, koʻz oʻngimda ustozlarimning jajji shogirdi qalbida badiiy adabiyot, kitob mutolaasi, ijodning koʻz ilgʻamas mashaqqatli bosqichlaridan ustozlarga xos mehr bilan olib oʻtishgani gavdalandi.

Kaminaning erishgan barcha yutuqlarida “Gulxan” mahorat maktabining oʻrni beqiyos. Biz – shogirdlar qayerda oʻqimaylik, ishlamaylik, katta-katta natijalarga erishib, Vatan shaʼnini yuksaklarga koʻtarmaylik, qalbimizda qadrdon jurnalimizdan olgan beminnat saboqlarimiz mayoq misol yonib turadi.

Islom ASILBEKOV,

“Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti sovrindori

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.