Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Taʼtil taassurotlari

Urre, taʼtil! Endi mazza qilib oʻynaymiz! Soʻnggi qoʻngʻiroq jaranglashi bilan orangizda koʻpchilik shunday deb oʻylaydi. Toʻgʻri! Toʻqqiz oylik mashgʻulotdan keyin dam olishga haqlisiz. Biroq, dam olish degani kitob-daftarni javonga taxlab qoʻyib, shataloq otib oʻynash, koʻchada faqat toʻp tepib, samokatda uchip, soyda choʻmilib, soyada uxlash deb oʻylash unchalik ham toʻgʻri emas. Negaki kelajakka cheksiz orzular bilan kirayotgan, Vatani unga umid bilan koʻz tikib turganini his qilgan har bir bola taʼtilni nafaqat jismoniy balki, manaʼviy, ruhiy jihatdan ham chiniqishga berilgan imkoniyat deb qaraydi. Quyida ana shunday tengdoshlaringizni fikri bilan tanishasiz.

Jaranglayver birinchi qoʻngʻiroq

Firdavs, oʻqishing yaxshi, ammo yozuving juda xunuk. Taʼtilda senga topshiriq: singling Malikadan chiroyli yozishni oʻrgan. Yangi oʻquv yili boshlanganda, oʻsha mashq daftaringni menga berasan, – dedi ustozim Muhabbat opa taʼtilga chiqayotganimizda.

Toʻgʻrisi taʼtilda xohlaganimcha oʻynash, xohlaganimcha uxlash, mazza qilib dam olishni rejalashtirganim uchun bu gap menga yoqmadi. Oyimga bu haqda indamadim.

Taʼtilni ikki haftasi oʻtgach, ustoz oyimga telefon qilib, oʻsha topshiriqni eslatdilar. Shundan keyin har kuni ikki soatdan yozish mashqini boshladim.

Oyim “Tarbiya” kitobidagi biror matnni oʻqitgach uni daftarga koʻchirishni tayinlardilar. Husnixatimni Malika tekshirib turdi. Asta-sekin ertalab turib dars tayyorlash odatga aylandi. Kitobdagi rivoyat, ertaklarni oʻqishga kirishdim. Bu oʻqish tezligimni oshirdi. Yozuvim ham ancha chiroyli boʻlib qoldi.

– Sening eng katta yutugʻing, – dedilar dadam yozgan diktantimni koʻrib, – kitobdan koʻchirish jarayonida toʻgʻri yozishni ham oʻrganibsan. 42 soʻzli diktantda atigi 2 ta xato oʻtkazibsan. Bu juda yaxshi koʻrsatgich.

Yaxshigina talabchan dadamdan bunday baho eshitganimdan xursand boʻldim. Uzun yoz kunlarida oʻrtoqlarim bilan oʻynashga, uyimiz yaqinidagi basseynda choʻmilishga, hatto velosiped minishni oʻrganishga ham vaqtim etarli boʻldi. Agar vaqtni toʻgʻri rejalashtirsak, hamma narsaga ulgursak boʻlar ekan. Darvoqe, men ustoz bergan daftardan tashqari yana bitta daftarni ham mashqlar bilan toʻldirdim. Va uni ham kitoblarimga qoʻshib portfelimga solib qoʻydim. Demak, men, yangi oʻquv yiliga tayyorman.

 

Firdavs RAVSHANOV,

Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 152-maktab oʻquvchisi

 

Pazandalikni oʻrgandim

 

Taʼtilda uyda qolishni, uy yumushlarida dastyor boʻlib onajonimdan mazali ovqatlar, pishiriqlar pishirishni oʻrganishni xohladim. Zero, bular qizlarning kelgusi hayotida juda asqotishini koʻngildan his qilganman. Va bu ishning ham uddasidan chiqdim, deb oʻylayman. Chunki, men pishirgan tuxum barak hamda asalli tortni bobojonim maqtab-maqtab yedilar. Yana doʻkondan pishiriq pishirish uchun kerak boʻladigan mahsulotlarni olib berdilar. Tagʻin siz, Zarina yoz boʻyi issiq oshxonadan chiqmabdi-da, deb oʻylamang. Singlim Mohira bilan karate toʻgaragiga qatnab, navbatdagi musobaqalarga tayyorgarlik koʻrdik. Bolalar bogʻchasida tarbiyalanayotgan singlim Samiraga esa “Oʻzbek xalq ertaklari”dan oʻqib, topishmoqlar aytib, birgalikda turli oʻyinlar oʻynab koʻnglini koʻtardim. Albatta, vaqti-vaqti bilan shaxmat va tennis bilan shugʻullanishga ham ulgurdim.

Ha aytgancha, xorijiy tillarga qiziqishim bois, ingliz tilidan saboqlar olishni ham unutmadim. Ochigʻi, bu borada dadamning ingliz tili fani oʻqituvchisi ekanligi naf berdi. Bevosita uyda bilimimni oshirdim.

Bir soʻz bilan aytganda, yozgi taʼtilim har qachongidan-da mazmunli va foydali oʻtdi.

Zarina IKROMOVA,

Xorazm viloyati Urganch shahridagi 18-maktab oʻquvchisi

 

Chip-chip joʻjalarim

Bahorning soʻnggi kunlarida ikkit tovugʻimiz 25 ta joʻja ochib chiqdi. Joʻjalar sap-sariq, biram chiroyli. Onalari atrofida chip-chiplab, tuproq titib yurishadi. Biroq tovuqlar juda ochkoʻz boʻlarkan. Ikki oy oʻtar-oʻtmas hovlimizdagi barcha oʻt-oʻlanlarni, hattoki gurkirab oʻsayotgan rayhon, qalampirlarning bargigacha yeb tugatishdi. Bundan jahli chiqqan dadam onamga, – joʻjalaringni tezda qarindoshlarga tarqatib yubor. Aks holda hovlidagi dov-daraxtlarni ham yeb qoʻyadi, – dedilar jiddiy ohangda. Bu gapdan qoʻrqib ketdim. Axir men ularga judayam oʻrganib qolgandim-da.

– Dada, uch kundan soʻng taʼtilga chiqaman. Hovlimiz etagiga tovuqxona qurib bering, joʻjalarga oʻzim qarayman, ularni birovga bermaymiz, – dedim.

– Qizim, bu aytishga oson. Ularga joydan tashqari, ozuqa kerak, – koʻnmadi dadam.

– Togʻamga aytaman, ikki xalta bugʻdoy beradilar. Bogʻimizda oʻt-oʻlan, beda gurkirab oʻsib yotibdi. Oʻzingiz bozordan olib chiqqan yarim qop oqishoq ham bor. Hech boʻlmasa kuzgacha boqay. – Shu gaplarimdan keyin dadam rozi boʻldilar. Tovuqboqarlikka bagʻishlangan piyoz, shisha zarralari, qum, qalampir chigirtka ham joʻjalar uchun zarur ozuqaligini bilib oldim. Yaxshi boqdim shekilli, ular juda tez katta boʻlishdi. Yaqinda yettitasini qoʻshnimiz Istat togʻaga sotdik. U pulga yana bozordan ikki oylik joʻjalardan sotib oldik. Hozir katta joʻjalarim binoyiday tovuqqa oʻxshab qolishdi. Buvimning aytishicha, ular kuzda tuxum bera boshlar ekan. Kichkina joʻjalarni qishlogʻimiz vetvrachi Karim togʻa tekshirib, ularning sogʻlom, yaxshi oʻsishi uchun zarur darmon dorilar yozib berdilar.

– Sendan yaxshi tovuqboqar chiqar ekan, joʻjalaring soppa-sogʻ, ulardan beshtasini bizga berasan, – dedi Karim togʻam. – Puliga oʻzingga maktab uchun zarur oʻquv qurollari sotib olasan.

Toʻgʻrisi, ularni sotishga koʻzim qiymaydi, ammo shu mehnatim bilan oila byudjetiga hissa qoʻshayotganimdan ich-ichimdan xursand boʻlyapman. Taʼtil menga jonivorlar bilan doʻstlashishni, undan tashqari tadbirkorlikni ham oʻrgatdi.

Mohinur BAXTIYOROVA,

Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 27-maktab oʻquvchisi

 

Eʼtibordan mamnunmiz

Yoshlar Ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yozni kamalak bilan” loyihasi taʼtilni mazmunli oʻtishiga katta yordam berdi.

“Bilim ziyo” oʻquv markazi tomonidan “Angren Mas mediya” yaʼni “Jurnalistlar maktabi” tashkil etildi.

Yoshlar oʻrtasida mental arifmetika boʻyicha ilk bor “Bilim ziyo” oʻquv markazi va “Barkamol avlod” Yoshlar ishlari agentligi oʻrtasida oʻtkazilgan ochiq olimpiadalarda ham faol ishtirok etdik.

Mehridaryo ustozimiz Muhabbat Abduqodirova bir kun soʻlim togʻlar bagʻrida bahr-u bayt, mushoiralar uyushtirsalar, boshqa bir kun yaqin atrofimizdagi ziyoratgohlar, shahar markaziy kutubxonasi, Oʻlkashunoslik muzeyi tomon chorlaydilar. Bir soʻz bilan aytganda, iqtidorli yoshlar vaqtini mazmunli tashkil etishda shahrimiz mutasaddilari astoydil jonbozlik koʻrsatdi. Biz yosh qalamkashlar ham bunday eʼtiborga ijobiy yutuqlarimiz bilan munosib javob beramiz, degan umiddamiz.

 

Mushtariybegim DAVLATOVA,

Angren shahar 34-maktab oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.