Aldov
Tohira opa ishga ketishga endi otlangan edi ham-ki telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Shoshib go‘shakni ko‘tarsa, to‘ng‘ich qizi Naimaning sinf rahbari Xolida opa ekan. Tohira opa “Tinchlikmikan”, degan xavotirda muallima bilan so‘rashdi:
– Hoziroq maktabga kelishingizni iltimos qilaman. Ikki kun avval sinfimning uch nafar o‘quvchi qizi sababli maktab direktoriga tushuntirish xati yozib berishga majbur bo‘lgandim. Ular maktab tartib-qoidasiga amal qilishmaydi. Shu o‘quvchilar orasida sizning qizingiz ham bor. Bu haqda ota-onalarni ogohlantirish uchun o‘quvchilarning kundalik daftariga yozib yuborgan edim, – dedi muallima. Tohira opa nima gapligini anglolmay biroz kalovlanib qoldi:
– Kundalik daftarini menga ko‘rsatmadi... Hozir ishga ketayotgan edim. Avval maktabga kirib o‘taman... – dedi.
Tohira opa yo‘l-yo‘lakay “Muallima nima dedi? Qizingiz maktab tartib-qoidalariga amal qilmaydi, dedimi. Axir hamma darslarini vaqtida tayyorlasa, odob bilan kiyinsa. To‘g‘ri, oxirgi paytda juda jizzaki bo‘lib qolgandi. Yoki ustozlariga hurmatsizlik qildimikan?..” degan o‘ylar qurshovida maktab darvozasi yoniga yetib kelganini ham bilmay qoldi. Yo‘lakda Naimaning sinfdoshi Go‘zalning oyisiga duch keldi. Sinf eshigini muallima Xolida opa ochdi va ularni ichkariga taklif qildi. O‘quvchilar hurmat bilan o‘rnilaridan turib salom berishdi. Tohira opa o‘quvchilar ichidan qizini qidira boshladi. Afsuski, topolmadi. Bu xavotirdan bo‘lsa kerak, deb yana bir marta hamma qizlarga sinchiklab qaradi... O‘rta qatorning uchinchi partasiga kelganda ko‘zlari hayratdan qotib qoldi:
– Naima-a-a-a, bu senmisan? Bu nima ahvol?!
– Ko‘rib turganingizdek ayrim qizlarimizda o‘zgarish katta! Hattoki o‘z onalari ham tanimayapti. Hurmatli onalar, qizlaringiz bir necha kundan buyon maktabga shu ahvolda kelishyapti. Naima, Go‘zal, Shohista! Marhamat qilib doska yoniga chiqinglar! Qizlar parta yonidan uzoqlashgisi kelmas, balki o‘qituvchisi fikridan qaytib qolar degandek bosh egib o‘tirishardi. Keyingi chaqirishda Xolida opaning ovozi yana ham qat’iyroq eshitildi va noiloj qizlar doska yoniga chiqishdi. Tohira opa ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ertalab uyidan uzun yubkada, sochlari o‘rilgan holda chiqib ketgan Naimaning egnida bir qarichdan salgina uzunroq yubka, tepaga yig‘ib o‘rilgan sochlari yoyilgan, qulog‘ida o‘quvchilarga xos bo‘lmagan osinchoq zirak, kipriklarida esa qop-qora bir nima. Bo‘yoq surkalib, kipriklar bir-biriga yopishib qolganidan bilish mumkinki, shoshib, pala-partish surtilgan. Tohira opaning ko‘z o‘ngida qizi emas, butunlay boshqa odam turardi.
– Axir ertalab uydan ketayotganingda bunday kiyinmaganding-ku!
Naima esa bir og‘iz ham so‘z demas, sinf suv quygandek jim-jit edi.
– Ha, men ham ota-onalar qanday qilib o‘z qizlarini shu ahvolda maktabga yuborishar ekan, deb hayron bo‘lib yurgandim. Savolimga javob topish uchun ikki kundan buyon maktabga erta kelib aynan shu qizlarni kuzatdim. Ular kelishganda maktab tartib-qoidalariga amal qilgan holda kirib kelishadi va to‘g‘ri qizlarning qo‘l yuvish xonasiga kirishadi. U yerda kiyimlar almashtirilib, sochlar yoyiladi. Sirg‘alar taqilib, ko‘z-qoshga bo‘yoqlar surtiladi... Qarabsizki, sinfga o‘quvchilar emas, qo‘shiq aytishga kelayotgan xonandalar kirib keladi. – Xolida opa shu gaplarni aytib onalarga yuzlandi. – Men ataydan qizlarni ogohlantirmay sizlarni chaqirdim. O‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring, dedim. Mana, Shohistaning onasi hali ham yetib kelmadi. Hozir tarbiyaviy soat bo‘lgani uchun men ularga yoshlikning o‘zi go‘zallik ekanligini, hamma narsaning vaqti-soati borligini tushuntirayotgan edim. Har bir o‘quvchining maktabga kelishdan maqsadi ilm olish bo‘lishi kerak. Axir ikki yildan so‘ng oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirasiz. Sizlar esa umuman keraksiz ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib yuribsizlar. Ota-onani aldash katta gunoh ekanligini bilasizlarmi?..
Tohira opaning boshi sim-sim og‘riy boshladi. Muallimadan qizi uchun uzr so‘radi. Boshi egilgan Naima ko‘z ostidan onasiga qaradi. Lekin Tohira opa unga qayrilib qaramadi. Onasining ahvolini ko‘rib qilgan ishidan, o‘z-o‘zidan uyalib ketdi...
Naima maktabdan qaytgach hamma ishni qildi. Ko‘cha, hovli, uylarni yog‘ tushsa yalagudek tozaladi. Hattoki, kechki ovqatni qilishga ham ulgurdi. Yarim kunda shuncha ish qilish mumkinligiga o‘zi ham hayron qoldi. Chunki u uy ishi hech tugamaydi, deb o‘ylar, bir ishni qilsa, ikkinchisiga umuman ulgurmasdi. Oyisi ishdan kelib qilgan ishlari uchun maqtashini kutdi. Ammo Tohira opa bir og‘iz ham gapirmadi. Naimaga bu tarsaki tushirgandek bo‘ldi.
– Oyijon, mendan xafamisiz? – deya oldi zo‘rg‘a. Tohira opa qizining savoliga savol bilan javob berdi:
– Naima, sen biror ishni qilishdan avval to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tahlil qilib ko‘rasanmi? Endi o‘tirib, yaxshilab o‘yla. Qachon yolg‘on gapirding-u, uning natijasi nima bilan tugadi. Bir nechta kitob olib kelib qo‘lingga tutqazdim. Ammo, birortasini ochib o‘qiganingni ko‘rmadim. Kitob nafaqat atrofingdagilarni, balki o‘zingni ham hurmat qilishni o‘rgatadi. Agar ko‘proq mutolaa qilganingda bugun shu ahvolga tushmagan bo‘larmidik...
Naima uzoq o‘yladi. Ha, oyisi to‘g‘ri aytadi. Aldovlari unga faqat zarar keltirgan. O‘tgan yili qattiq shamollab yotib qoldi. Shifokorlar gaymorit (burun bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi) deb tashxis qo‘yishdi. Boshi qattiq og‘rir, oyisi uni qanday qilib bu kasallik bilan og‘rib qolganiga hayron edi. Tohira opa o‘shanda bir oy ishga borolmay Naimaga qaragandi. Aslida bu ham uning yolg‘onining oqibati edi. Oyisi kun sovushi bilan, issiq kiyingin, ko‘chada doim bosh kiyimingni kiyib yurgin, deb tayinlardi. Naima esa uydan uzoqlashishi bilan bosh kiyimini yechib, sumkasiga solib olardi. Betob bo‘lishidan ikki kun avval qattiq sovuq bo‘lgan edi. Bosh kiyimsiz yurishning oqibati nima bo‘ldi? Qoldirgan darslarini bir ammallab o‘zlashtirib oldiku-ya, ammo gaymorit degan dard kun sovushi bilan tez-tez qaytalab turishini keyin anglab yetdi. Negadir, shu topda sinfdoshi Shahlo yodiga tushdi. Maktabda tartib bilan kiyinadi, kam gapirib, kam kuladi. Darslarga doimo tayyor. Tanaffusda ham qo‘lidan kitob tushmaydi. Sinfdosh bolalar ham unga bo‘lar-bo‘lmas hazillar qilishmaydi. Naima ayrim vaqtlari Shohista bilan Go‘zalga qo‘shilib uning ortidan masxara qilganlarini esladi. Nega ularning “Zamonaviy bo‘lamiz” degan so‘zlariga quloq soldim-a! Endi o‘zi-chi, bugun sinfdoshlari u haqida nima deb o‘ylashdi ekan. Aslida Shahlo o‘zini hurmat qiladigan qiz ekan. Men esa bugun yolg‘onlarim bilan o‘z-o‘zimni aldayotganimni tushundim. Eng yomoni – onamni ranjitdim...
Naima oshxonada kuymalanib yurgan oyisining yoniga bordi-da:
– Meni kechiring, oyijon! Bugundan boshlab men atrofdagilarni ham, o‘zimni ham hurmat qiladigan qiz bo‘lishga va’da beraman, – dedi.
Xatosini to‘g‘ri tushungan qiziga qarab Tohira opaning chehrasi yorishdi.
Nilufar JABBOROVA