Mehr berib, mehr ulashib...
Vasila Po‘latova nomi “Gulxan” muxlislariga yaxshi tanish. Chunki Vasila opa naq 40 yil shu jurnalda mehnat qildi. Xudoyberdi To‘xtaboyev, Abdulla Oripov, Oydin Hojiyeva, Safar Barnoyev, Omon Matjon kabi taniqli ijodkorlar maktabida tajriba orttirdi. U xatlar hisobchisi sifatida “Gulxan” tahririyatiga kelgan har bir xatni sinchiklab o‘qir, yaxshi she’r, ertak yoki lavha, maqola bo‘lsa, darhol bo‘limlarga chiqarib berar va bu xatning harakatini kuzatib borardi. “Har bitta xatning orqasida bitta iste’dodli bola bor. Shunday ekan, hech bir xat be’etibor qolmasligi kerak”, – Vasila opaning qat’iy shiori edi bu. Ana shu mehr o‘z samarasini berdi, “Gulxan”ga kuniga qoplab xatlar kela boshladi. Tahririyatda “Xatlar va ommaviy ishlar bo‘limi” tashkil etildi. Bu bo‘limga Vasila Po‘latova boshliq etib tayinlandi. Xatlar bo‘limi jurnalning yuragi hisoblanadi. Chunki xatlar respublikamizdagi barcha viloyat va tumanlarning uzoq-yaqin qishloq va ovullari maktablaridagi hayot, o‘quvchilarning orzu-umidlari, ularni qiynagan muammolar haqida hikoya qiladi. Qolaversa, maktublar iste’dodlar ko‘zgusi edi... Shu tariqa jurnalda “Gulxanjonga xat keldi”, “Hushyor bola xabarlari”, “Maktub yo‘lga chorladi”, “Dil elchisi” kabi ruknlar tashkil etildi. Xatlarda o‘quvchilarni qiynagan ba’zi muammolar tahririyat yordamida bartaraf qilindi. 40 yil mobaynida mamlakatimizdagi yuzlab o‘quvchilar maktublariga Vasila Po‘latovadan javob olishdi. Bu xatlarda o‘quvchining ijodidagi yutuqlar maqtalib, kamchiliklari mehribonlik bilan ko‘rsatilardi. Bugun ana shunday iliq maktub olgan Farhod Arziyev, Nodira Afoqova, Dilshod Shams, Umida Azimova, Yulduz Zoirova, Yulduz O‘rmonova kabi o‘nlab iste’dodli yoshlar respublikamiz matbuotida samarali mehnat qilishmoqda. Ular hech ikkilanmay Vasila opaga ustoz, deb murojaat qilishadi. To‘g‘risi, bugungi “Gulxan”chilar ham opani ustoz deb bilishadi. Chunki biz undan fidoyilikni, odamiylikni, odamlarni sevishni o‘rganamiz. Yana bir gap, Vasila opa yaxshigina tarjimon ham. Xatlardan bo‘shagan paytlarida chet el yozuvchilarining bolalarga bag‘ishlab yozilgan o‘nlab hikoya, ertaklarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. O‘zbek o‘quvchilari Leonardo da Vinchi ertaklarini, Sofiya Fayziyevaning g‘aroyib hikoyalarini Vasila Po‘latova tarjimasida mazza qilib o‘qishgan. Vasila opa ushbu an’anani hamon davom ettiryapti. Bolalar uchun qiziqarli bo‘lgan yangiliklar, g‘aroyib voqealarni darhol o‘zbekchaga o‘girib, “Gulxan” jurnaliga “ilinadi”. Chunki Vasila opamiz Gulxanjonni, umuman barcha bolalarni yaxshi ko‘radi.
Bolalarni yaxshi ko‘rgan, hamisha ular davrasida bo‘lgan, beg‘ubor insonlar esa sirayam qarimas ekan. Shundanmi “Sog‘lom avlod” gazetasida oyog‘idan o‘t chaqnab, shogirdlariga yelkadosh bo‘lib, xizmat qilayotgan opamiz bugun o‘zining 70 yoshini qarshilayotganiga ishongimiz kelmadi.
Ammo bu haqiqat. Biz bolajon ijodkor Vasila Po‘latovani qutlug‘ yosh bilan barcha jurnalxonlar nomidan samimiy tabriklaymiz.
Tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin! Qalamingiz yozishdan, o‘zingiz esa odamlarga yaxshilik qilishdan, mehr berib, mehr ulashishdan aslo charchamang, ustoz, deymiz.
“Gulxan”chilar