Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“G‘uncha”da bayram

Oy bolalar, toy bolalar, gazeta va jurnallarga boy bolalar! Eshitmadim, demanglar, bugun bolalar matbuotida ka-a-a-tta bayram. Nashrlarning kenjatoyi, kichiklarning erkatoyi “G‘uncha” jurnali tug‘ilgan kun. U..., aytsam ishonmaysiz, 60 yoshga kiribdi. To‘y boshida qamishdan bel bog‘lab Gulxanjon turibdi. Chunki G‘unchaoy uning eng yaxshi ko‘rgan singlisi-da. Gap shundaki, “G‘uncha” jurnalining nishona soni “Gulxan” tahririyatida tayyorlangan. “Gulxan” xodimlari bu xayrli ishda oyog‘idan o‘t chaqnab xizmat qilgan.

Darvoqe, uning chiroyli nomi ham “Gulxan” jurnalida qo‘yilgan. 1957-yil sentabr oyi boshlarida Gulxanchilarni yangi o‘quv yili bilan tabriklash uchun tahririyatga akademik shoir G‘afur G‘ulom kirib keladi. Mas’ul kotib Abdusodiq Irisov, bo‘lim boshlig‘i Mahmud Murodov ushbu xushxabarni u kishiga yetkazishadi. “Ammo jurnalga nom qo‘yishda bir to‘xtamga kelolmayapmiz”, – deydi Mahmud aka, siz nima deysiz, deganday.

Bu yangilikdan xursand bo‘lib turgan bolajon shoir biroz o‘yga toladi, boshidan do‘ppisini oladi. Birozdan keyin yuziga tabassum yugurib do‘ppisi ichiga bir chertadi-da deydi:

– Odatda bolalarni niholga, gulga o‘xshatamiz. Hamonki jurnal bog‘cha yoshidagi jujuqlarga, sersavol boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan ekan, nomi ham shunga mos bo‘lishi kerak. Menimcha “G‘uncha” degan nom unga juda yarashadi.

Bolalarning o‘ziday ma’sum, beg‘ubor, beozor, nafis jaranglagan bu nom barchaga ma’qul bo‘ladi.

Mana 60 yildirki “G‘uncha” G‘unchaoy, Tariqvoy, Temirjon degan qahramonlari bilan birgalikda kichkintoylarning ma’naviyatini boyitish, ularni odobli, bilimli, ota-bobolar an’analari, urf-odatlariga sadoqat ruhida tarbiyalashda hormay-tolmay mehnat qilayapti. Bugun 60 yoshli bobo-buvilar ham jurnal nomini eshitgani hamon qadrdon do‘sti bilan uchrashganday quvonib ketishadi. Bolalik xotiralariga berilishadi. Jurnalning o‘z o‘quvchisini topishida, uning katta-yu kichikka birday sevimli bo‘lishida bor iste’dodini ishga solib izlangan taniqli ijodkor va fidoyi junalistlar Abdusodiq Irisov, Sobir Yunusov, Mahmud Murodov, Ne’mat Toshpo‘lat, Sobit G‘afurov, Habibulla Rahmatullayev, Yayra Sa’dullayevalarning yozgan hikoya, she’r, ertag-u topishmoqlari, qiziqarli rasm va komikslarini to‘lqinlanib eslashadi. Bugun el suygan ijodkor O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon “Meni “G‘uncha” kashf qilgan, men “G‘uncha”ning o‘g‘liman”, deb faxrlansa, taniqli shoir va tarjimon Miraziz A’zam “Bolalarga atalgan eng mashhur she’rlarimni yozishga “G‘uncha” sababchi bo‘lgan, deb g‘ururlanadi. “G‘uncha” jurnali bu an’anani sharaf bilan davom ettirmoqda. O‘nlab, yuzlab yangi iste’dodlarni kashf qilmoqda.

Biz qadrdonimiz, hammaslak do‘stimiz “G‘uncha” jurnalini, uning zahmatkash, bolajon, kamtar jamoasini, qolaversa, barcha “G‘uncha” jurnali muxlislarini qutlug‘ to‘y bilan tabriklaymiz. Ishonamizki, “G‘uncha” jurnali yana uzoq yillar kelajagimiz bo‘lgan bilimdon, biyron Mustaqillik bolalariga manzur bo‘ladigan sahifalari, ruknlari bilan ularning aqliy salohiyatini, milliy madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishdan charchamaydi.

 

Gulxan jamoasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.