Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Alisher Navoiy – davlat arbobi

G‘iyosiddin Xondamirning “Makorim ul-axloq” kitobida ma’lumot berilishicha:

“Shunday holatlar ham ko‘plab yuz berganki, Sohibqiron Sulton saroyi amaldorlari ayrim zaruriy xarajatlar uchun katta miqdordagi pulni (soliqlar sifatida to‘lash uchun) xalq zimmasiga yuklamoqchi bo‘lishganida qalbi dengizday keng bo‘lgan Alisher Navoiy xalq qiynalib qolmasligi va bu narsa saltanat qasri poydevorining larzaga kelishiga sabab bo‘lmasligi uchun o‘sha pulni o‘z xazinalaridan to‘lab yuborardilar”. Xondamir yuqorida aytgan fikrning  bir dalili sifatida 1500-yil iyul-avgust oylarida ro‘y bergan bir voqeani keltiradi. Amaldorlar zarur xarajatlar uchun yuz ming dinor miqdorida pul undirish zarurligini ma’lum qilishganida ellik ming dinori Hirot atrofidagi boylardan va yana ellik ming dinori Hirot aholisidan to‘plashga qaror qilinadi. Buni qarangki, xalqdan to‘planadigan soliqni yig‘ish amali bajarilishidan avval Alisher Navoiy bilan maslahat qilish odat tusiga kirgan ekan. Noiblar hazrat huzuriga borib maslahat so‘rashganida bu safar ham shoir:

“Shu paytda xalqqa o‘rinsiz soliq solinishini oliy manzilatli Sohibqiron saltanati uchun munosib ish deb bilmayman”, – dedilar-da, o‘sha pulni o‘z yonlaridan to‘lab yubordilar.

BIRNI KESSANG O‘NNI EK

Alisher Navoiy Astrobod viloyatida hokimlik qilgan kezlarida shahar tashqarisidagi baland bir tepalikda osmon bilan o‘pishgan keksa terak bor ekan. Alisher Navoiy kechqurunlari o‘ziga yaqin mulozimlari bilan shu terak tagiga kelarkan. Ulug‘ shoir terakning  mayin shabbodada shivirlab kuylashini tinglashni yaxshi ko‘rarkan. Terak go‘yo mungli qo‘shiqni kuyga solgan sozandadek bir maromda tebranib shivirlar ekan.

Bahor kunlarining birida Alisher Navoiy har galgidek o‘z mulozimlari bilan birga g‘azalxon terakni qo‘msab, shahar tashqarisiga chiqibdi. Borib ko‘rsaki, g‘azalxon terakni kimdir “o‘ldirib” ketibdi. Alisher Navoiy og‘ir xo‘rsinib, “qotil”ni tezda topib kelishni mulozimlariga buyuribdi.

Mulozimlar tezda afti-angori sovuq, barzangiday bir kishini ot oldiga olib haydab kelibdilar. Alisher Navoiy qattiq g‘azablanganidan:

– Ey qotil,  nega shunday azim terakni nobud qilding? Yo bu bilan mendan o‘ch olmoqchi bo‘ldingmi? – debdi. Keyin mulozimlariga “Bu yaramasni qilmishiga yarasha jazolanglar” – deb buyuribdi. So‘zining so‘ngida “Biriga o‘n” degan hikmatni takrorlab turishni ham tayinlabdi.

Bir-ikki yil ichida teraklar yana ko‘kka bo‘y cho‘zib, gurkirab qolibdi. Alisher Navoiy o‘z mulozimlari bilan o‘sha tepalikka kelib qarasa, yosh teraklar bahor shabadasining yengil epkinida sokin shivirlab kuylayotgan ekan.

Shu terak bahona bo‘libdi-yu Astrobodda bog‘-u rog‘lar ko‘paya boshlabdi. El-u yurtga fayz kiribdi.

 

Omonulla MADAYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.