Navoiy dengizidan qatralar
Aziz o‘quvchilar, siz ilm yo‘lida ilk qadamlarni qo‘ymoqdasiz. Bu yo‘l ancha uzun, yorug‘, bebaho dur-u gavharlar tizmasidan iborat. Shunday ekan, ushbu maqsadga komil ishonch, dadil qadam tashlamoq uchun Alisher Navoiyning bilim chashmasidan bahramand bo‘lmog‘ingiz, u zotning purma’no ibratlarini qalb qo‘ringizga joylamog‘ingiz zarur.
Keling, ushbu qadamimizni Hazrat Navoiyning bilim borasidagi gavharlar shodasidan ba’zilari bilan tanishishdan boshlaylik:
Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim.
Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur.
*O‘rganishdan qochgan odam dangasa, uning yuziga hiylalar va bahonalar eshigini ochgan tanbal (yalqov). Mashaqqat tortib ilm o‘rgangan esa donodir.
BAYT:
Ilmdan xoli ulusning johili xudbini,
O‘rganishga jiddu jahd etgan jahon allomasi.
Hazrat Navoiy bilim insonni ulug‘lashini, basharti u bilim egallashdan chetlansa, o‘ziga o‘zi zolim ekanini uqtiradi. Darhaqiqat, bilim insonning hayot yo‘lini yoritguvchi nurdir. Har bir inson qanchalik ko‘p bilsa, u shu qadar kuchli, yengilmas bo‘lib shakllanadi. Albatta, chuqur bilimga ham oz vaqt davomida erishib bo‘lmaydi. U sizdagi sabr-toqat, metin iroda, ishtiyoqni sinaydi. Bugun bir yangilik bilan yuzlashsak va “Eee, murakkab ekan, keyinroq batafsil o‘rganaman” qabilida yo‘l tutsak, ahvolimiz voy. Qatrada daryo aks etganidek, har lahza, har soniyada aql chashmamizga bir tomchidan ilm tomchilarini to‘plab borsak ham, ular yig‘ilib, ulkan daryoni akslantiradi...
Bolalar, ulg‘ayar ekansiz, bilim egallashdan bir dam bo‘lsa-da, chalg‘imang. Zotan, bilimingiz, intilishlaringiz bilangina to‘g‘ri yo‘lni ko‘rasiz. Yangi maqsadlar sari dadil qadam tashlaysiz. Jaholat botqoqlarini chetlab, saodat shu’lalarini quchasiz.
Maftuna TO‘RAYEVA,
Buxoro davlat universiteti filologiya va
tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishi talabasi