Ko‘priklar
Har bir xalqning tarixiy, madaniy va ilmiy qiyofasini belgilovchi buyuk olimlari, ulug‘ shohlari, yirik adib va shoirlari bo‘ladi. Xuddi shunday buyuk shoh va sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning bizga qoldirgan bebaho merosi “Boburnoma” asari orqali Vatanimiz o‘tmishi, qiyofasini tasavvurimizda jonlantiramiz.
Boburni qutlug‘ dunyoga tanitgan, jahoniy shuhrat keltirgan asar ham aynan “Boburnoma”dir. XV-XVI asrlarda Xuroson va Movaraunnahr, Hindiston va Afg‘oniston, Eron va Turkiyagacha bo‘lgan ulkan hudud xalqlari, ziyolilariga “Boburnoma”ning fors tiliga o‘girilgan nusxasi yetib bordi.
Bobur “Boburnoma”ni yozish uchun qo‘liga qalam olganidan boshlab barcha ma’lumotlarni faqat rost yozishga ahd qilgani haqida shunday dedi: “Bu asarda har so‘zning, har voqeaning rosti bitiladi”.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Rustamjon Ummatovning “Boburshoh va Napaleon” deb nomlangan tarixiy qiyosiy essesining siz o‘quvchilarga havola etilayotgn “Ko‘priklar” deb nomlangan bobida hayoti jang-u jadallarda o‘tgan Boburning harbiy yurishlarida ko‘priklarning ahamiyati haqida hikoya qilinadi:
Ko‘prikka tikilgan “mehribon” amaki.
Fil kemani cho‘ktirib yubordi.
Boburshoh pontonlari. Qonga bo‘yalgan ko‘prik.
Daryo yoqasidagi harbiy xiylalar.
Zahiriddin Muhammad Bobur Xudo yorlaqagan zot edi. U yuragi qonga to‘lgan lahzada dardini ash’orga aytib, “har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi” degan esa-da, hamisha yo‘li ochiq, unga Xizr jilovdor bo‘laverardi. Taajjub: Bobur Mirzo qaydaki chorasiz qolib, hayot-mamot ostonasiga ro‘para bo‘lsa, g‘aybdan najot yetib kelardi va naqd mo‘jiza sodir bo‘lardi...
Sulton Ahmad Mirzo Umarshayx Mirzoning akasi edi. Ana shu amaki 12 yoshga to‘lib to‘lmagan yetim jiyani ustiga qo‘shin tortdi-da, O‘ratepa, Xo‘jand va Marg‘ilonni olib, Andijondan to‘rt yog‘och masofadagi Quvaga tushdi. Bobur Mirzoning elchilari amaki huzuriga borib, jiyanning arzi holini bayon etdilar:
– Modomiki, bu viloyatga mulozimlaringizdan biri qo‘yilarkan, men Sizga ham mulozim va ham farzandmanki, ushbu xizmatni menga buyursangiz, obdon yaxshi va ma’qulroq bo‘lar edi.
Biroq hamisha Sulton Ahmad Mirzoga yo‘l ko‘rsatuvchi beklar Boburning bu taklifiga iltifot qilganlari yo‘q. Aksincha, nojoiz javoblar, behuda so‘zlar aytib, qo‘shinni olg‘a boshlashga da’vat etdilar.
“Boburnoma”dan o‘qiymiz:
– Allohga shukurki, komil qudrati ila har ishimni o‘z fursatida, o‘zgalar minnatisiz ko‘nglimdagidek yuzaga chiqarib kelganki, bu safar ham meni pushti panohida asradi. Bir sababni yetkazdiki, dushmanlar kelganlaridan afsus-nadomat chekdilar, tajovuzlaridan pushaymon bo‘lib, umidsizlik bilan qaytib ketdilar. Shundoqki, Quvaning qora suvi bor, tevaragi botqoq, faqat ko‘prikdangina o‘tish mumkin, xolos. Ammo yovning askari ko‘pdan-ko‘p edi, ko‘prikka tiqilib qoldi va son-sanoqsiz ot-u tuyalar haligi botqoqqa yiqilib, nobud bo‘laverdi. Uch-to‘rt yil burunroq ham Chirchiq daryosidan o‘tar chog‘i ular qattiq shikast yegan edilar. Ko‘prikdagi fojea o‘sha falokatni eslatgandiki, g‘anim qo‘shini vahimaga tushdi...
Oradan yillar o‘tdi. Bobur ulg‘aydi, jahon harb tarixida alohida o‘rin tutuvchi Panipat va Kanva muhorabalarida muzaffarlik tug‘ini baland ko‘tardi. Endi u uncha-muncha bek va bekvachchalardan dam yeydigan betajriba valiahd emas, shunchaki Boburmas, Hindistonday azim davlatni qalamraviga olgan zarbi zo‘r podshoh Bobur, ulug‘ sarkarda edi.
Quva yaqinidagi ko‘prik voqeasi Bobur olgan ilk saboq bo‘lib, urush sharoitida ko‘priklarning strategik ahamiyati beqiyos ekanini o‘shandayoq tushunib yetdi. Keyinchalik ot ustida kechgan jangovor umri davomida Osiyoning ne-ne yirik daryolariga ro‘baro‘ bo‘ldi: Sirdaryo, Amudaryo, Kobul, Hind, Gang, Jamna, Sanbal va hokazo... Bu daryolardan o‘tish va qaytish, buning urush sharoitida, qurol o‘qtalgan yov ko‘zida amalga oshirilishi, askarlarning g‘arq bo‘lishi – bu kabi zafar yo‘lidagi g‘ovlarga barham berish uchun ko‘prik qurish kerak edi. Bir paytlar Quvadagi ko‘prikning buzilishi Boburning mushkulini oson qilgan bo‘lsa, kezi kelganda, ko‘priksizlik oyog‘iga tushov bo‘layotgandi.
Hindlar muqaddas sanaydigan Gang sersuvlikda dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Yo‘lidagi barcha daryolardan suzib o‘tgan Bobur Gangda bu jasoratga 1529-yildagina sa’y qildi. Jasorat deyishimizda mubolag‘a yo‘q: nimagaki, daryoning kengligi 400-600 metr, ammo bu hozirgi holat, XVI asrda bundan ham yoyilib oqqani ehtimolga yaqin. Aytmoqchimizki, 1526-yili Hindistonga qadam qo‘yganidan buyon bu yurtdagi daryolarning baridan qulochlab o‘tolgan Bobur Gangdagi sinovga o‘zini obdon chog‘lagan, hatto mashq qilib ko‘rgan bo‘lsa kerak. Zotan, uning aziz joni bir o‘zigamas, butun imperiyaga, Temuriylar sulolasining taqdiriga daxldorki, Boburshoh buni ham o‘ylagan, albatta. Darvoqe, hamma bilgan “daryoga polvonlik qilma” naqlini Bobur bilmasinmi? Xullas, sheryurak podshoh ko‘nglidagi ushbu niyat ijrosiga ma’qul mavridda Gangning o‘ziga bo‘ysunadigan nuqtasini chamaladi va daryoga dadil hamla qildi.
Bu xatardan xoli bo‘lmagan vaziyatni arkoni davlat, loaqal tansoqchilar kuzatib turishgandir. Bobur ko‘priksiz joylarda daryoni qanday jilovlashni amalda shaxsan ko‘rsatib, isbotlab qo‘ymoq niyatida bo‘lsa ham ajabmas. Urushda turish yo‘qki, daryo labiga kesilgan kezlari qo‘shinni asrashni Bobur yetakchi vazifa deb bilardi.
Qolaversa, Gang bo‘ylaridagi harbiy harakatlar ozmuncha emas: goh u sohilga, goh bu sohilga o‘tish muammo bo‘lsa, goho Ustod Aliqulining zambaraklaridan foydalanishda daryo g‘ovga aylanardi...
1528-yil yanvarning nihoyasi va fevralning boshida Chanderiy qo‘lga kiritilgach, Bobur sarkash yovlar ustiga yurish va yangi g‘alabalar tadorigini ko‘ra boshladi. Oyning oxirida Boburshoh qo‘shinlari Gangning g‘arbiy qirg‘og‘iga chodir tikdi. Narigi tarafdagi g‘anim esa kechikni qurshab olish g‘arazida. Ko‘prik, demak ko‘prik zarur: podshohdan shu haqda farmon olgan Mir Muhammad jolabon bir ko‘ruhcha quyiroqdan maqsadga muvofiq joyni ko‘rib keldi. Dushmanning bir nechta kemasi o‘lja olinib, o‘ttiz-qirqtacha kema ko‘prik qurish uchun hozirlab qo‘yilgandi. Chaqqon nazoratchilar tayinlandi. Ustoz Aliquli yaqin yerga to‘p o‘rnatib, ko‘priksozlik muhofazasi uchun tinimsiz gumbirlatib turdi. Mustafo Rumiy ham o‘z quroli bilan quyiroqdagi bir orolga o‘tib, quruvchilarni himoyalashga mashg‘ul bo‘ldi. Ko‘prikdan yuqoriroqqa mudofaa uchun tuproqdan sarko‘b ko‘tarildi. Malik Qosim, miltiqchalar va yana ba’zi yigitlar tinimsiz jang qilishardi. Zero, ko‘prikning bitishi g‘alaba degan so‘z edi...
O‘z muxbirimiz