Momo yer qo‘shig‘i
Adabiyotda boy meros qoldirgan ijodkorlar ko‘p. Ular orasida Tog‘ay Murodning ham o‘z so‘zi, hech kimnikiga o‘xshamaydigan yo‘li bor. Yozuvchining “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Momo yer qo‘shig‘i” qissalari, “Otamdan qolgan dalalar”, “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” nomli romanlarida xalqimizning bir dardi, bir haqiqati bor. Yozuvchining ijod mahsuli hajman ixchamgina. Lekin adabiyotda hajm asosiy o‘rinda turmaydi. Yozgan tom-tom asarlarining umri o‘zining umrichalik uzoq bo‘lmagan yozuvchilar oz emas. “Ikki tiyinlik sham yonib bitguncha, ikki yuz misra she’r yozdim”, deb maqtangan shoirga hazrat Navoiy: “Demak, o‘sha yozganlaringning qimmati ikki tiyin ekan”, deganida naqadar haq edi. Tog‘ay Murod ikki tiyinlik sham yonib tugaguncha bir qissa bitishi mumkin edi. Lekin u “Yozuvchining dushmani yomon asarlaridir”, degan naqlga amal qilardi. Va shu sabab u boshqalarni, hatto o‘zini o‘zi sira takrorlamagan yozuvchiga aylandi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod (Mengnorov) 1948-yilning 3-fevralida Surxondaryo viloyatining Denov tumani Xo‘jasoat qishlog‘ida tug‘ilgan. Shu qishloqdagi 43-o‘rta maktabni tugallab, Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan. Universitetni muvaffaqiyatli tamomlagach, turli yillarda “Vatandoshlar” tahririyatida, “O‘zbekiston fizkulturachisi” ro‘znomasida, “Fan va turmush” oynomasida ishladi. Shuningdek, Moskvada Maksim Gorkiy nomidagi Jahon adabiyoti oliygohida tahsil olib qaytdi. Tog‘ay Murod 2003-yilda vafot etdi. Agar hayot bo‘lganida bu yil 77 yoshni qarshilagan bo‘lar edi.
1985-yili bitilgan “Momo yer qo‘shig‘i” qissasi o‘z g‘oyasi, adabiy yo‘nalishi bilan yozuvchining boshqa qissalaridan ajralib turadi. Qissa dastlab “Qo‘shiq” nomi bilan “Yoshlik” jurnalida e’lon qilingan, so‘ng qissaning to‘liq varianti kitob shaklida chop etilgan. Asarda yuragida Vatan tuyg‘usi bo‘lmagan, milliy zamindan oyog‘i uzilgan, G‘arb adabiyotiga sig‘inib qolgan ijodkor obrazi tasvir etiladi.
Bolalikdan shoirlikka da’vogarlik qilgan Tursunboy oilaning yagona farzandi edi. Ulg‘aygani sari ong-u shuurini ikki narsa butunlay band qilib qo‘yayotgandi: birinchisi, xalq shoiri bo‘lish; ikkinchisi, suyuklisiga yetish edi. Tursunboy o‘qish uchun shaharga yo‘l oldi, o‘qidi, oliy ma’lumotli bo‘ldi, mahbubasiga uylandi. Barcha shoir va yozuvchilarning o‘zgacha nomi, taxallusi bo‘lishi kerak ekan. Tursunboy o‘ziga Pahlavon Daho degan taxallusni tanladi. Shaharda qolishning uddasidan chiqmay, qishloqqa qaytib muallimlik qildi. Lekin qishloqqa ko‘nikolmadi, madaniyatli odamlar orasida yashagisi keldi. Oilasidan ko‘ngli to‘lmadi. Dahoning ichida alamzadalik bor edi. Nega uning zo‘rligini do‘stlaridan boshqa hech kim tan olmaydi? Axir u modernizmda yozadi, katta shoirlar kabi beretda yuradi, sochini o‘stiradi, madaniyatli odamlarday shaharda yashaydi. Balki gap taxallusdadir. Eh Daho... Pahlavon Daho! Mayli taxallusi oqsasa ham, uning mardonavor shiori bor: “Men – fazoga intilgan inson”. Daho doim fazoga intildi, G‘arb ijodkorlariga taqlid qilib yozdi.
Bilasizmi? Inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar tug‘ilib o‘sgan joyini, makonini unutmagani ma’qul. Yo‘qsa fazoga intilishdan charchab, oyog‘ini yerga qo‘ymoqchi bo‘lganida yerga ham yetolmay, olisdan olis osmon va Momo yer o‘rtasida muallaq qolib ketishi mumkin. Siz ham kun kelib orzu-intilishlaringiz va milliy qadriyatlar, burchlaringiz o‘rtasidagi ichki kurashlarga duch kelishingiz mumkin. Shunday paytda ezgulik va adolatga tayanib, shuningdek qarorlaringizning ruhiy va axloqiy tomonlarini ham hisobga olib ish tuting.
Siz, albatta, bu qissani o‘qishingiz kerak. Mutolaa davomida nafaqat o‘zlikni anglash muhimligini, oila qadrini, balki nafs va hasad insonni qay ko‘ylarga solishi mumkinligini tushunib yetasiz. Ziyrakligingiz va topqirligingizni oshirish maqsadida qissa asosida tuzilgan quyidagi savollarga ham javob topib, bizning telegramdagi @GulxanBilimdon manzilimizga yuborishni unutmang. Javoblarni to‘liq va to‘g‘ri yuborgan kitobxon mushtariylarimizni ajoyib sovg‘alar bilan taqdirlaymiz!
Savollar:
1. Kolxoz kutubxonasi nega ishlamasdi?
2. Shuhrat Umaraliyev o‘zining “Ona tuproq obrazi” degan maqolasida Dahoni qaysi buyuk insonlar bilan bir qatorda sanaydi?
3. Daho nega Ulug‘ shoirni yo‘qotmoqchi bo‘ladi?
4. Pahlavon Daho va do‘stlari kimlarni o‘qishi bilan maqtanib yurardi?
5. To‘rg‘ay bilan bog‘liq voqeani eslaysizmi? Dahoning o‘rnida bo‘lganingizda qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?
6. Serjant Orziqulov nima sababdan tumanning kattasi bilan janjallashib qoladi?
7. Pahlavon Dahoning qaysi odati sizga yoqmadi? Va nega?
Shahribonu RAHMATOVA