Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qunt bo‘lsa

2025-yilni qanday nom bilan atalgani o‘tgan ikki oy mobaynida xalqimizning qulog‘iga quyilib qoldi. Shu nom bilan bog‘liq davlat dasturida esa ekologik barqarorlikni ta’minlash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, aholi salomatligini yaxshilash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish kabi muhim masalalarni bajarish vazifasi maqsad qilindi. Aynan shu masalalarni nazarda tutgan holda jurnalning 21-sahifasida tabiat bilan bog‘liq tanlov e’lon qilindiki, buning o‘ziga xos sabablari bor.

Ibn Sino bobomizdan meros qolgan “Tib qonunlari”  kitobida odam atrof-muhit bilan chambarchas bog‘liqligi haqida yozilgan. Buyuk allomaning “Men o‘zimdan keyin odamzotga to‘rtta tabibni qoldiryapman: bular  quyosh, toza havo, suv va badantarbiyadir” degan so‘zlari bor. Bu hikmatli so‘zlar hozirda toza havo tanqis bo‘lgan, chang-to‘zon ko‘paygan kunlarda naqadar muhim ekanligini mustaqil fikrli o‘quvchilarimiz yaxshi tushunib turishibdi.

Aziz o‘quvchilar, atrofingizdagi yoshi katta insonlar goho sizga ish buyurib, uni qilish kerak, buni bajarish kerak, deyishsa, ba’zida malol keladi. Lekin hayot jismoniy harakatdan iborat bo‘lmasa, kutilmagan kasalliklar ko‘payib ketadi. Yana 21-sahifadagi tanlovga qaytamiz. Keyingi paytlarda atrofimga nazar tashlasam, hovli va ko‘chalar, kafe, dam olish maskanlarining kattagina maydonlariga sun’iy chimlar yotqizishyapti. Ovqatlanish shaxobchalari tuvaklardagi yelim gullar bilan bezatilmoqda. Hattoki, ayrim bog‘cha va maktablarda ham shunday manzaralarning guvohi bo‘lyapmiz. Bular dangasalikning yaqqol ifodasi emasmi? Tor joylarni tushunish mumkin, lekin hududi kattagina bo‘lsa-yu, mehnatidan qochib sun’iy manzaralarni barpo qilsak. Tuprog‘i xas ekishga ham yaramaydigan sahrolarda barpo etilayotgan dam olish maskanlarida uzoq o‘lkalardan qum, shag‘al va tuproq olib kelib yotqizib, gul-u giyohlar o‘stirishayotgan bir pallada  bizdagi ayrim dangasalar oson yo‘lini topib vaziyatdan chiqishmoqda. Shu bois ham biz ijodkorlar ushbu tanlovni e’lon qildik. O‘ylaymanki, tanlovda qatnashish uchun atrofimizda ko‘plab sabab va misollar topiladi.

Shifokorlarning aytishicha, ekologiyaning nosozligi tufayli kelib chiqayotgan yangi-yangi kasalliklarni davolashga hatto tibbiyot ham ojiz ekan. Masalan, havodagi ortiqcha changlar tufayli allergiya, tomoq og‘rig‘i, nomini aytging ham kelmaydigan bedavo dardlar ham ko‘payib bormoqda. Bu kasalliklarning oldini olish esa faqatgina shifokorlar yoki ekologiya xodimlarininggina ishi emas, balki hammamizning vazifamizdir. Ular nimalardan iborat: oddiygina gigiyena qoidalariga rioya qilish, yashash joyimizni ko‘kalamzorlashtirish, xonadonimizda gullar parvarish qilish, mak­tabdagi sinfxonamizda ham  tuvakda gullar o‘stirish, changitmay supurib-sidirishdir. Ota-ona va shifokorlar mumkin emas degan rangli suvlar, chips, qadog‘i chiroyli, lekin zararli bo‘lgan narsalarni iste’mol qilmaslik, uzoq vaqt telefon, kompyuter qarshisida o‘tirmaslik, ertalabgi badantarbiyani yo‘lga qo‘yish...

Demak, eng oddiygina hara­katlar, vazifalar bilan ham sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘ysa bo‘lar ekan. Buning uchun ozgina qunt bo‘­l­sa kifoya.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.