Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Allergiya – yot taʼsir

Sobirjon ertalab uyqudan turib, bilaklaridagi kichik qizil nuqtalarni qashlarkan, “kechasi bilan chivinlar mazza qipti-da” deb oʻyladi. Lekin bu “chivin chaqishlari”ga beparvo yuraverdi. Bora-bora uning tanasining har yerida qichishish, qizarish alomatlari kuchaya boshladi. Sobirjon esa televizor tomosha qilayotganda ham, dasturxon boshida ham qornini, bilaklarini beixtiyor qashlab yuraverdi. Yaxshiyam, buni tibbiyot institutida oʻqiydigan opasi Muqaddas sezib qoldi.

– Bu – allergiya, – dedi u Sobirjonning boʻynidagi qizargan joylarga ishora qilib. Ular oʻsha kuniyoq shifokor qabuliga borishdi. Shifokor Muqaddasning fikrini tasdiqladi. Sobirjonni allergiya markaziga tekshiruvdan oʻtkazishga yubordi.

– Markazda bolaning nimalarga allergiyasi borligi aniqlanadi. Shunga qarab muolaja tayinlayman, – dedi shifokor.

Xoʻsh, Sobirjonni buncha qiynagan allergiya qanday kasallik. Uning oʻsayotgan bola sogʻligʻi uchun xavflilik darajasini bilish uchun mutaxassisga savollar bilan murojaat qildik.

Allergiya – grekcha “allos” – yot, boshqa, “ergon” – taʼsir, yani odam organizmining tashqi muhitga oʻta taʼsirchanligi, degan maʼnoni bildiradi.

Hozirgi kunda dunyo aholisining 20% allergiya kasalligi bilan xastalangan.

Bu kasallik asosan bahor va kuz fasllarida qoʻzgʻaydi. Chunki bahorda daraxt gullari, kuzda paxta tolalari, shuningdek atrof-muhitdagi yot moddalar allergik omillarni qoʻzgʻatadi.

Allergiya qoʻzgʻaganda odam organizmida qanday holat yuz beradi?

Organizmda himoya faktlari, yaʼni immun tizimi oʻz ishini bajarayotganda yot moddaga sezuvchanligi kuchayib, faqat oʻzini himoya qiladi. Natijada organizmning taʼsirchanligi oshib, allergiyani keltirib chiqaradi.

Allergiyaning qanday turlari bor?

– Allergiyaning eshakemi, allergik dermatitlar, bronxial astma kabi turlari bor.

Bolalarda u terining qizarishi, toshmalar toshishi, qichishish, bezovtalik, uyquning buzilishi kabi belgilar bilan kechadi.

Oldini olishning qanday choralari bor?

– Allergiyaning oldini olish uchun organizmning sezgirligini oshiradigan tashqi muhit faktorlaridan himoya qilish lozim.

Yaʼni, allergik kasallikka chalinmaslik uchun oʻzimiz yashab turgan joyga, atrof-muhitga jiddiy eʼtibor berishimiz kerak. Masalan, gullar, atirlar hidi, uy hayvonlarining yungi, changlar – bular hammasi organizmimizda allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Agar oila aʼzolaringizda allergik kasalliklar kuzatilsa, antigistamindori vositalarini qabul qilish kerak. Ular dorixonalarda loratal, zirtek, suprastin, kelfast, diozalin kabi nomlar bilan sotiladi. Ular allergik reaksiyalarni tezda toʻxtatib, kasallik kuchayib ketishining oldini oladi.

Yodingizda tuting, dorilarni faqat shifokor nazoratida qabul qilish kerak!

 

Shahrizoda SANAQULOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.