Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Anjuman taassurotlari

Yaqinda Italiyaning Triesta shahrida “Har bir bolaga kitob beraylik” shiori ostida Butunjahon bolalar va o‘smirlar adabiyoti Kengashi (IBBY)ning 39-Xalqaro kongresi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston nomidan ham uch vakil qatnashdi. Shulardan biri Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti, “Gulxan” jurnalining  faol muxbiri, yosh, umidli olima Dilnavoz Najimova edi. Uch kun davom etgan xalqaro anjumandan bir olam taassurot olib qaytgan Dilnavoz jurnal ijodkorlari va muxlislariga ko‘p ma’lumotlarni taqdim etdi.

Biz o‘zbek bolalar adabiyotining kelajagi, umidli ijodkor va yosh olima singlimizni shunday nufuzli kongresdagi ishtiroki bilan samimiy tabriklaymiz. Uning kelgusidagi ijodiy va ilmiy ishlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz. Quyida Dilnavoz Najimova taqdim etgan ma’lumotlardan ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.

 

Xalqaro Hans Kristian Andersen mukofotining taqdirlash marosimi anjumanning eng kutilgan voqeligi bo‘ldi. Ushbu mukofot bolalar adabiyotida Nobel mukofotiga tenglashtiriladi va har ikki yilda bir marta eng yaxshi bolalar yozuvchilari va illustratorlarini aniqlab beradi. Bu yilgi mukofotni “Eng yaxshi yozuvchi” nominatsiyasi bo‘yicha avstriyalik yozuvchi Haynz Yanish (Heinz Janisch) qo‘lga kiritdi. U taqdirlash marosimida “Shoh va dengiz”, “Ko‘prik”, “Hans Kristian Andersen” kabi asarlari haqida so‘zlab berdi. Yozuvchi “Hans Kristian Andersen” kitobida buyuk yozuvchining tarjimayi holini qayta ko‘rib chiqishga harakat qilganini, uni birinchi navbatda oddiy inson sifatida ko‘rsatishga intilgani, Andersenni ijod maydonidagi avliyo yoki daho sifatida emas, uning hayotdagi qiyinchiliklar oldida o‘zini qanday tutgani va insoniy qiyofasini chizishga e’tibor qaratganini aytib o‘tdi. Haynz Yanish kitobni yozish paytida afsonaviy bolalar yozuvchisi muallif uchun mutlaqo yangi yo‘l ochganini aytdi. Yozuvchining fikricha, baxtni insonlar va kitoblardan topish mumkin. U tinglovchilarga olam, uning sirlari, go‘zalliklariga befarq bo‘lmaslik, atrofdagi dunyoni o‘rganishdan hech qachon to‘xtamaslik, yordamga muhtoj bo‘lganlarga hamisha e’tibor berish va boshqalarning ularga past nazar bilan qarashiga yo‘l qo‘ymaslikni maslahat berdi. “Siz nimalarga qodirligingizni faqat o‘zingiz bilasiz, boshqalarning “Qila olmaysan, bu sen uchun emas, bu qo‘lingdan kelmaydi”, degan gaplariga ishonmang! Boshqalar sizga tepadan past nazar bilan qarashiga yo‘l qo‘ymang! Ichingizdagi botiniy kuchga ishoning!” – dedi Haynz o‘z  nutqida.  U o‘z fikrini mashhur Uels shoiri Dilan Tomasning (Dylan Thomas) she’ridan olingan misra bilan yakunladi: Men o‘yinda uloqtirgan to‘p hali yerga tushganicha yo‘q (The ball I threw while playing in the park has not yet reched the ground).

“Eng yaxshi   rassom” nominatsiyasida ka­nadalik Sidney Smit g‘olib bo‘ldi va o‘z mamlakatiga ilk marotaba Hans Kristian Andersen mukofotini olib keldi. U qanday qilib illustrator bo‘lib yetishgani haqida gapirib berdi. Ko‘pgina rassomlar kabi Sidney ham yoshligidan rasm chizishni yaxshi ko‘rardi, lekin bolalar kitobi bilan ishlash tasodifan boshlangan. U illustratsiyaning matn bilan ziddiyatga kirishishi va ba’zan matn anglata olmagan ma’nolarni, hislarni ko‘rsatib berishi mumkinligini va bolalar adabiyotida illustratsiya ko‘pincha asosiy o‘rinni egallashiga ishonishini aytib o‘tdi. Sidney Smitning fikriga ko‘ra, bolalar kitoblarida so‘ng so‘zni rassom aytadi. Darhaqiqat, “Katta shahardagi kichkina bola” kitobida illustratsiyalarning matn ustidan g‘alabasini kuzatish mumkin. Dastlab, kitob matndangina iborat edi. Ammo Sidney unga illustratsiyalar chizgach, kitob muharriri uni “sokin kitob” (matnsiz, faqat rasmlardan iborat kitob)ga aylantirish va barcha matnlarni olib tashlashga qaror qildi. Sidney o‘z nutqida mukofot uni yanada ko‘proq izlanishga undashini ta’kidladi.

Kongresning so‘nggi kunida Pokistondagi IBBY bo‘limining chiqishi alohida e’tiborni tortdi. Unda toshqinlar va turli favqulodda vaziyatlar tufayli izolyatsiyada qolgan yosh o‘quvchilarni kitoblar bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Italiya vakillari “Boshqalarga o‘qiyman” loyihasi bilan o‘rtoqlashdilar, unda minglab ko‘ngillilar kitobxon va ilmli jamiyatni qurishga o‘z hissasini qo‘shish istagini bildirayotganiga guvoh bo‘ldik. Turkiya vakillari “Adabiyotning davolovchi kuchi” haqida fikr bildirishdi. Braziliya IBBY bo‘limi vakillari bolalar uchun raqamli nashrlarning sifatini baholash mezonlari haqida gapirib berdilar.

Kongress yakunida 2024-yil Hans Kristian Andersen mukofotiga ijodiy ishlarini yuborgan yozuvchilarning faxriy ro‘yxati taqdimoti va mukofotlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu yil faxriy ro‘yxatga 60 nafar muallif, 55 nafar rassom va 51 nafar tarjimon kiritildi. Bunda 59 mamlakatdan 52 tilda yozilgan kitoblar faxriy ro‘yxatga kiritildi. Joriy yilgi tanlovda birinchi marta Efiopiyadan amhara, somali, oromo va tigrinya, Janubiy Afrikadan afrikaans, Rossiyadan udmurt tilida yozilgan kitoblar taqdim etildi. Bu holat mukofotga yuborilgan asarlar xilma-xilligini, inklyuzivlikni ta’minlashi bilan ahamiyatlidir. Bu tillarda ham yaxshi kitoblar yozilayotgani va bolalar o‘z ona tilida yaxshi kitoblar o‘qish imkoniga egaligi quvonarli holdir.  Mukofotlash marosimida 30 kishi shaxsan ishtirok etdi.

Kongresda 65 davlatdan jami 600 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. 100 dan ortiq ma’ruza tinglandi, 110 ta posterlar namoyish etildi, asosiy ma’ruzachilar tomonidan 4 ta ma’ruza va 11 ta davra suhbati o‘tkazildi.

Kongress tantanali ravishda 2026-yilda o‘tkaziladigan 40-Kongresga mezbonlik qiluvchi Kanadaning Ottava shahriga estafeta tayoqchasi topshirilishi bilan yakunlandi. Navbatdagi kongress — “Bir-birimizning ovozimizni eshitaylik” shiori ostida bo‘lib o‘tadi.

 

Dilnavoz NAJIMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.