Muzaffarlik onlari
Shaxmat – asrlar davomida shakllangan intellektual sport turi. U o‘yinchilarning fikrlash qobiliyatini va mantiqiy tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Yosh-u qari uchun ham qiziqarli, ham foydali va qulay bo‘lgan bu sport turi mamlakatimiz yoshlari o‘rtasida borgan sari ommalashayotgani, rivojlanayotgani barchamizni quvontiradi.
O‘zbekiston yoshlari shaxmat sohasida o‘zini munosib namoyon etib, dunyoning TOP shaxmatchilari reytingidan joy egallashga ulgurgan. Ular turli shaxmat musoboqalari, shaxmat bo‘yicha jahon chempionatlarida qatnashib, yildan yilga xalqaro maydonda o‘zbek sportiga havas tuyg‘usini shakllantirmoqda.
Bu yili 10-23-sentabr kunlari ana shunday dovrug‘i baland musobaqalardan yana biri – 45-Xalqaro shaxmat olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ushbu olimpiadaga bu safar Vengriya poytaxti Budapesht shahri mezbonlik qildi.
Murosasiz bahslarda erkaklar o‘rtasida 197 va ayollar o‘rtasida 183 ta jamoa o‘z mamlakati, Vatani, xalqi nomi uchun kurash olib bordi. Olimpiadada ishtirok etgan O‘zbekiston sportchilari ham yurtimiz bayrog‘ini shaxmat sporti xalqaro reytingida yanada baland ko‘tarib qaytishdi. Erkaklar terma jamoasi umumiy 17 ochko to‘plab, 3-o‘rinni zabt etdi. 1-o‘rinni egallagan Hindiston jamoasida esa 21 ochko yig‘ilgandi. O‘zbekistondan faqatgina qo‘shimcha koeffitsiyentlar bilan oldinroqda turgan AQSH jamoasi kumush medal (2-o‘rin)ga egalik qildi.
O‘zbek shaxmatchi qizlari ham har safargidan yuqori natija ko‘rsatib, 183 ta jamoa ichida 12-o‘rinni egalladilar. Bu avvalgi olimpiadadagidan 7 pog‘onaga ko‘tarilish, degani.
Bundan tashqari, taxtalar kesimida 4-taxtada Nodira Nodirjonova kumush medalni, 1-taxtada Nodirbek Abdusattorov kumush medalni, 4-taxtada Shamsiddin Vohidov oltin medalni qo‘lga kiritishdi.
Yurtimizning barcha sportchilari Vatan bayrog‘ini eng yuqori cho‘qqilarda hilpiratish uchun jidd-u jahd bilan harakat qilishmoqda. Xalqimiz ularning muzaffarlik onlarini ko‘rib, faqat mamnuniyat, faxr tuyg‘ularini his etadi.
Endi ular 2026-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham yuqori marralarni zabt etadi, deb umid qilamiz.
Siz-chi, do‘stim, shaxmat o‘ynashni bilasizmi? Bilmasangiz, albatta, o‘rganing.
Muhammadali PO‘LATOV