Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oydin kunlar ilinji

4-oktyabr – O‘zbekiston ta­ri­xidagi eng qayg‘uli sanalardan biri hisoblanadi. Aynan shu kun ko‘plab o‘zbek ziyolilari mil­latchilikda, Vatanga xiyonatda ayblanib, otib tashlandi.

Har yili bu sana millatning qo‘lidan ushlab, iymon-e’ti­qodga, ilm-ma’rifatga, ziyoga yetaklagan G‘ulom Zafariy, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon kabi ilm sohiblarining otuvga hukm qilingan kuni sifatida eslanadi. Ular haq so‘zni aytganligi bois boshiga ne-ne qora kunlar kelmadi deysiz: dorga osildi, surgun qilindi, hatto, ba’zilari so‘nggi so‘z aytib ulgurmasdan yo‘q qilindi. Bu davr haqiqiy fojia, kimdir anglagan, kimdir esa hanuzgacha anglay olmagan fojia edi.

Jadidlar haqidagi turli kitoblarni o‘qir ekanman, o‘yga tolaman: ular nohaq qa­maldi, surgun qilindi, turli azoblarga giriftor bo‘ldi, lekin biror marta ham o‘z vatanini sotmadi, ikkiyuzlamachilik qilib g‘animlarga  bosh egmadi. Ular o‘z ol­diga Turkistonda milliy uyg‘onish davrini yuzaga keltirish, o‘lkada iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy islohotlar o‘tkazish, milliy mustaqillik g‘oyalarini hayotga tatbiq qilish kabi masalalarni qo‘ydi, biroq mustabid tuzum ularni yo‘q qildi.

Zamonlar oshar, davrlar o‘tar, ammo xalqimiz bir vaqtlar Vatan uchun jonini fido qilgan, shahid ketgan fidoyilarni unutmaydi.

Shu millat va el uchun

Tikib aziz jonlarin,

Shahid bo‘lib ketdilar

Qatag‘on qurbonlari.

 

Sabina XUSHMURODOVA,

Samarqand viloyati Ishtixon tumani 10-maktab 9-sinf 

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.