Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tipratikanlar

Tipratikanlar bir-biri bilan gaplashayot­ganini eshitganmisiz?

Men eshitganman. Ishonmaysizmi?

Unda bir boshdan aytib beraman. Biz qishin-yozin Karacharovda, daryo bo‘yida, har tomondan o‘rmon bilan o‘ralgan kichkina uyda yashaymiz. Biz o‘rmonga qushlarning qanday yashashi va qo‘shiq aytishini, o‘rmon gullari qanday gullashini, hasharotlar uchib, sudralib yurishini tomosha qilish va tinglash uchun boramiz.

Tunda yulduzli osmonga zavqlanib boqish, goh uzoq, goh yaqindan eshitilayotgan tungi tovushlarni tinglash uchun ayvonga chiqib o‘tirardim. Nastarinlar ostidagi baland o‘tlar orasida nimadir yugurayotganini ko‘rib qolardim. Shunday tunlarning birida men elektr fonarni yoqdim va katta tipratikan qochib ketayotganini ko‘rdim. Oqshom – quyosh botayotgan paytda biz tez-tez tipratikanlarni ko‘rardik: ular ozuqa izlab, qo‘rqmay uyimiz atrofida aylanib yurishar, ushoqlar va biz ularga qoldirgan narsalarni terib yeyishardi. Ko‘pincha ular katta kosachadagi ovqatga kelishadi, undan biz itlarimizni – muloyim xulqli qora Juk va ayyor Belkani boqardik. Odatda, Belka g‘azab bilan  qattiq hurishni boshlar, uning beparvo kuchukchasi Juk chetga chiqib, sabr bilan jim turardi. Tipratikanlar old panjalari bilan itning kosasiga osilib, jimgina xo‘rsinib, xotirjam ovqatlanardi. Bir necha bor tipratikanlarni tutib, uyga olib kirganman. Ular odamlardan umuman qo‘rqishmaydi, xotirjamlik bilan xonalarni aylanib yurishadi va to‘pga o‘xshab o‘ralib olishga harakat ham qilishmaydi. Men ularni o‘z hollariga qo‘yib yubordim, ular itlarni bezovta qilib, uyimiz yonida ovqatlanishni davom ettirdilar.

Yozning qorong‘i kechalarining birida men xonamdagi yozuv stolim oldida o‘tirardim. Tun sokin edi, faqat ba’zida daryodan sezilar-sezilmas uzuq-yuluq tovushlar kelardi. Tunning to‘liq sukunatida to‘satdan pol ostidan notanish va yoqimli ovozlar eshitildi. Bu ovozlar uyasida uyg‘ongan jo‘jalarning pichirlashiga o‘xshardi. Ammo yer ostida qanday qilib jo‘jalar bo‘lishi mumkin?... Bu muloyim, yoqimli ovozlar sichqonlarning chiyillashi, kalamushlarning g‘azablangan qichqirig‘iga o‘xshamasdi. Uzoq vaqtgacha qulog‘imni ding qilib tagimda – pol ostida kim gaplashayotganini aniqlay olmadim.

“Ehtimol, u yerda tipratikanlar yasha­yotgandir”, deb o‘yladim.  Bir kuni oqshomda, quyosh daryo ortiga botayotganda, nevaram ochiq derazadan menga:

– Bobo, bobo,  tezroq chiqing! – deb baqirdi.

Men ayvonga chiqdim. Nabiram men­ga tipratikanlarning  butun bir oilasini te­kis yo‘lda xotirjam yurganini ko‘rsatdi. Ko‘rinishidan, ota-onalari ularni birinchi marta sayr qilish uchun uyalaridan olib chiqishgan. O‘shandan beri har oqshom keksa tipratikanlar tipratikanchalari bilan yo‘lda sayr qilish uchun chiqishadi. Biz ularga likopchada sut qoldiramiz. Tipratikanlar biz bilan birga yashab – o‘sayotgan mushukcha bilan tinchgina sut ichishadi.

Bu hol bir necha kun davom etdi. Keyin tipratikanlar o‘rmonga kirib ketishdi va biz ularni kamdan-kam ko‘radigan bo‘ldik. Kechasi ular hali ham bizning uyimizga kelishadi, sut ichishadi va itlarning ovqatiga sherik bo‘lishadi. Lekin men pol ostidagi tipratikanlarning yoqimli  ovozlarini boshqa eshitmadim.

Tipratikanlar kunduzi uxlaydilar, kechasi esa ovga chiqadilar. Ular zararli hasharotlarni yo‘q qiladi, kalamush va sichqonlar bilan kurashadi, zaharli ilonlarni g‘ajib tashlaydi. Qishda o‘zlari uchun daraxtlarning ildizlari ostida kichik, qulay uyalar qurishadi. Tikanlari yordamida yumshoq mox va quruq barglarni uyalariga olib boradilar. Tipratikanlar bu­tun qish davomida xotirjam uxlaydi. Ularning kichkina yashirin uyalari qalin qor ko‘chkilari bilan qoplanadi. Ular erta bahorda uyg‘onishadi, o‘rmondan qor ketganda ovga chiqishadi.

Tipratikanlar odamlarga tez ko‘nikadi. Yaqin atrofdagi bolalar oromgohida tipra­tikanlarning butun bir podasi yashaydi. Har kecha ular o‘rmondan oromgoh oshxonasiga kelishib, bolalar qoldirgan ovqatlar bilan oziqlanishadi. Tipratikanlar yashaydigan joyda sichqonlar, kalamushlar bo‘lmaydi.

Ilgari qo‘lga o‘rgatilgan xonaki tipratikanim bo‘lar edi. Kunduzi u eski kigiz etikning ichiga kirib uxlar, kechasi esa ovga chiqardi. Men tez-tez tunda tipratikanning sezilib-sezilmaydigan dupur-dupuri va shovqinidan uyg‘onab ketardim. Ikki-uch marta uning sichqon tutishini kuzatishga muvaffaq bo‘ldim. Tipratikan xonaning burchagida paydo bo‘lgan sichqonchaga favqulodda tezlik bilan tashlandi va darhol uni bir yoqli qildi. Tan olishim kerak, u menga juda ko‘p noqulayliklar tug‘dirdi, kechasi uxlashimga xalal berdi va o‘zini ozoda tutmadi. Barcha muammolarga qaramay, biz do‘stlashib ketdik. Menga va mehmonlarimga uning bir xil kulgili qiliqlari juda yoqdi. U tungi boshpanasidan chiqib, atrofni qunt bilan hidlaydi va har bir yoriqni ko‘rib chiqadi, poldagi ushoqlarni terib oladi. Uning harakatlarida, yurishida, kulrang tuklar bilan qoplangan kichkina tumshug‘ida, munchoqdek qora va aqlli ko‘zlarida nihoyatda kulgili narsa bor edi.

Ba’zan men uni stol ustiga qo‘yardim va taxtani kaftim bilan baland ovozda urardim. Tipratikan bir zumda tikanli kulrang to‘pga aylanib olardi. Uzoq vaqt davomida u harakatsiz dumaloq holida turardi. Keyin  asta-sekin, jimgina ochila boshlardi. O‘tkir kulrang tikanlar orasidan kichkina kulgili va norozi tumshuq paydo bo‘lardi. U hidlar va atrofga qarardi. Yuzida avvalgi xushmuomala xotirjamlikning ifodasi paydo bo‘lardi.

 

Rus tilidan Ravshan ISOQOV

Tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.