Oliyjanob qalb egasi
Men – Ozoda Abdurahmonova salkam 40 yildan buyon Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi 25-maktabda biologiya fanidan dars berib kelmoqdaman. Yaqinda Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida kasb bayramimiz munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Yurtboshimizning shaxsan qo‘llaridan yuksak mukofotni olish meni hayajonga soldi, hayotimda kutilmagan tub burilish yasadi. 61 yoshda ekanligimni unutib, yanada yashardim, kuchga to‘ldim. Shunday chiroyli zaminda, tinch-osoyishta Vatanda yashayotganimga shukrona keltirdim.
Asli Oqqo‘rg‘on tumanida ziyoli oilada tug‘ilib voyaga yetganman. Boshlang‘ich sinfda Sobira opa Razzoqova ismli o‘qituvchi dars berganlar. Hozir ham hayotlar. Ularni tez-tez eslayman, yo‘qlab turaman, ko‘rishganimizda sevinchdan ko‘zlari porlab ketadi. Nihoyatda mehridaryo ayol edilar. 2-sinfligimda 42 nafar turli millatga mansub bola o‘qirdik. Nimagadir karra-karrani o‘yinqaroqligim yoki qunt qilmaganligim sababmi, yodlashga qiynalganman. Sinfdoshlarim 4x4ni yod olishgan, men esa 2x2ni ham yodlay olmayapman. Shunda Sobira opa yonimga kelib boshimni mehr bilan silab, “Senga ishonaman, uddalaysan”, – dedilar. Na boshqa so‘z aytdilar, na urishdilar. Boshimni silaganlari shunchalik ta’sir qilganki, hatto darsda o‘tilmagan 5x5 ni ham yodlab borganman. 42 ta bolaga dars berishning o‘zi bo‘lmasdi. Ustoz harakati, mehri, chiroyli tabassumi bilan bizga ibrat namunasi va shu kasbni tanlashimga sababchi bo‘ldilar.
Mana shu odat menga ham yuqqan. O‘quvchilarimga nimanidir uqtirmoqchi bo‘lsam, boshini silab qo‘yaman, astoydil tushuntiraman.
O‘qituvchilik faoliyatimning hamma davrlari ham oson bo‘lmagan. Ancha yillar ilgari kasb bayramimizni paxta dalasida nishonlardik. Chunki sentyabr oyida o‘qituvchilar o‘z hududidan uzoqroq joylarga paxta terimiga yuborilar, bu majburiyat mavsum davomida uning ham ruhiy, ham jismoniy holatiga yomon ta’sir ko‘rsatmay qolmasdi. Tushlik mahal daladan chiqqanimizda 1 juftdan kavush yoki termos berib, bayram bilan tabriklashardi. O‘shanda “Bizning ham kasb bayramimizni hashamatli, chiroyli binolarda nishonlashsa”, deb orzu qilardim.
Bundan tashqari, obodonlashtirish ishlariga jalb etilishi natijasida o‘z ustida ishlashga, yangilik yaratishga, ijod qilishga o‘qituvchining vaqti bo‘lmasdi. Ortiqcha yuklamalar, qog‘ozbozlik ko‘payib ketgan edi. Tabiiyki, qilayotgan ishidan ko‘ngli to‘lmagan odamning kelajakka ishonchi so‘nadi.
Shukur, bugun majburiy mehnatga va boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlandi. O‘qituvchilar qadrini ko‘tarishga astoydil bel bog‘landi.
Ayni paytda qishloq maktabining shaharnikidan biror kam joyi yo‘q. Ishlayman, degan pedagogga barcha sharoitlar muhayyo. Amaliy mashg‘ulotlar uchun elektron doskalar, laboratoriya jihozlari – o‘quv xomashyo bazasi keng qamrovli. Masalan, laboratoriya xonamda o‘quvchilar xohlagan tajribalarini qila oladilar. Ba’zan mavzuga shunchalik qiziqib ketishadiki, vaqt o‘tib ketganini ham sezmay qolishadi. Bugungi kun o‘quvchisi tezroq o‘rganib, uni tezroq amalda qo‘llashni istaydi. Uylarida tajribalar qilib, “Ustoz, idishdagi narsa sizga ko‘rinyaptimi?”, deb suratini telegram guruhimizga yuborishadi. “Hammasi ko‘rinyapti, barakalla, judayam a’lo bajaribsiz!” deya maqtayman.
Bolaning qalbiga yo‘l topa olsangiz, u sizni savollarga ko‘mib tashlaydi. Kunlarning birida o‘quvchim “Ustoz, zumrad tosh qanaqa bo‘ladi”, deb so‘radi. Qurama tog‘dan turli toshlarni qutida terib keldim. Rahmatli ammamdan menga meros bo‘lib qolgan zumrad ko‘zli taqinchog‘imni va toshlarni olib borib, bolalarga ko‘rsatdim. Ular goh tog‘ jismlarini, goh taqinchoqni ushlab ko‘rishar, “Toshdan shunaqa chiroyli narsa yasasa bo‘larkanda”, deya hayron bo‘lishardi. “Qattiq jismlar mana shunaqa bo‘ladi”, deb mavzuni ekologiya va tarix bilan bog‘lab dars o‘tganman. Bu nihoyatda qiziqarli bo‘lgan. 2022-yilda “Biosferaning tarkibi” mavzusida o‘tgan mana shu darsim respublika bo‘ylab ommalashdi.
Maktabimizdan har yili ko‘plab o‘quvchilar oliy o‘quv yurtlariga yuqori natijalar bilan o‘qishga kirishadi. Ko‘plab shogirdlarim biologiya fani o‘qituvchisi bo‘lishdi, ular qishloq maktablarida ishlashmoqda.
Bilasizmi, biologiya fanida lotincha so‘zlar ko‘proq ishlatiladi. Ingliz tilini yaxshi bilgan inson bu atamalarni o‘qishda qiynalmaydi. O‘quvchilarimning yutug‘i xorijiy tilni yaxshi o‘zlashtirganliklarida. Shuning uchun o‘rni kelganda ayrim atamalarni mendan yaxshi talaffuz qilishadi. Agar men zamon bilan hamnafas bo‘lmasam, o‘z ustimda ishlamasam o‘quvchining ishonchini, hurmatini yo‘qotaman. Shuning uchun ma’lum muddat ingliz tilini o‘rgandim.
Ta’lim sohasi juda katta maydon, bu maydonda toblanishingiz, sog‘lom raqobatga tayyor turishingiz kerak.
Men, mahoratli ustoz bo‘lish yosh tanlamaydi, deb hisoblayman. U o‘z qobig‘ida yurmaydi, kasbini mukammal biladi, zamon bilan hamnafas, salohiyatli inson bo‘ladi. O‘z fani bilan boshqa fanlarning ham bog‘liqligini ko‘ra oladi. Ustoz – o‘rni kelganda qattiqqo‘l, o‘rni kelganda mehrli inson, shogirdlariga nimanidir singdira oladigan oliyjanob qalb egasi.
Maktabimizda Saken Maratovich degan yosh ingliz tili o‘qituvchisi bor. O‘quvchilari fan olimpiadasining respublika bosqichida yuqori natijalarga erishgan. Ba’zan tajriba uchun uning darslariga kirib, oxirgi partaga o‘tirib, kuzataman. Yangi metodlarni o‘rganaman. Dastlab u “Ozoda opa meni tekshiryaptilar”, deb o‘yladi, shekilli, ozgina hadiksiradi. Shunda men “Bolajonim, men ingliz tilini bilmayman, talaffuzni o‘rganishim kerak, darsingdan quvvat olyapman”, dedim. O‘rganishdan uyalmadim va Sakenni o‘zimga ustoz deb bildim.
Yoshlar tarbiyasi, ularning qanday kamol topishi hamma davrlarda hamisha hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Ayniqsa, taraqqiy etayotgan Vatanimiz uchun bu – dolzarb masala. Prezidentimiz taqdirlash marosimida “Insonning ongi, dunyoqarashi o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi. Jamiyat o‘zgarmasa, taraqqiyot ham bo‘lmaydi. Odamlarning tafakkurini, shu asosda butun jamiyatni kim o‘zgartira oladi? Yangi Beruniylar, Xorazmiy va Farg‘oniylarni kim kamolga yetkazadi? Bunday ulug‘vor vazifani, tom ma’nodagi tarixiy missiyani ado etishga faqat siz – ustoz va murabbiylar qodirsiz”, deya biz o‘qituvchi va murabbiylarga katta ishonch bildirdilar.
Demak, butun kuchimizni, shijoat, bilimimizni ta’lim sohasida ko‘rsata olsak, mehrimizni bolalarga bersak – marra bizniki. Zamon talabi shu.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA yozib oldi