Birinchi muallim
Siz aziz kitobxonlar yozuvchisi Chingiz Aytmatov haqida, albatta, eshitgansiz. Hech bo‘lmaganda uning bitta hikoya yoki qissasini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Bugun sahifamiz orqali uning “Birinchi muallim” qissasi haqida gaplashamiz.
Har bir yozuvchining o‘z dastxati, ovozi bo‘lganidek, Chingiz Aytmatov ijodining o‘ziga xos, boshqalardan ajralib turuvchi xislat va fazilatlari bor. U qirg‘iz va rus tilida ijod qilgan bo‘lsa-da, uning asarlari jahon xalqlari orasida ham sevib mutolaa qilinmoqda. Yozuvchi xalq hayoti, ruhi, azaliy og‘riqlarini haqqoniy aks ettirgani sabab asarlari shuhrat qozondi va keng ommalashdi. Kitoblari jahonning 176 tiliga tarjima qilinib, 80 milliondan ortiq nusxada chop etilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan. Qirg‘iziston Respublikasida Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi “Oltin medal” mukofoti ta’sis etilgan.
Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” qissasi ilk bora 1961-yilda “Ala-Too” jurnalida qirg‘iz tilida e’lon qilingan, yozuvchi va tarjimon D. Dmitriyevaning tarjimasida “Новый мир” jurnalida bosilgan. Jahonning juda ko‘p tillariga tarjima qilingan, eng yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Zaynab hamda ustoz muallim Asil Rashidov tomonidan o‘zbekchaga tarjima qilingan.
“Birinchi muallim” qissasi qahramonlari oddiy, mehnatkash, vatanparvar insonlardir. Asarda qiyinchiliklarga duch kelgan, uni jasorat bilan yengib o‘tgan, matonatli muallim Duyshen orqali fidokor shaxslar hayoti ochib berilgan. Aytmatov qissani tabiat tasviri bilan boshlab, o‘z suratlaridan ko‘ngli to‘lmayotgan yosh rassomning bolaligi o‘tgan zamin, yonma-yon o‘sgan ikki terak, “Duyshen maktabi” deb nom olgan tepalik haqidagi xotiralarini keyingi voqealarga bog‘lab ketgan. Hozirda baland bo‘yli, sersavlat, burgut qovoqli, sersoqol, beozor xat tashuvchi bo‘lgan, qachonlardir yetarlicha xat-savodi bo‘lmay turib bolalarni o‘qitgan muallim Duyshen asarning bosh qahramoni hisoblanadi. Voqealar Duyshenning ilk o‘quvchilaridan biri akademik Oltinoy Sulaymonova tilidan hikoya qilinadi. Duyshen qishlog‘ining farzandlarini savodli qilmoqchi edi. Chunki ilm, ma’rifatli yoshlar kelajakda vatan uchun buyuk ishlar qilishiga ishonardi. Duyshenga maktab ochishda hech kim yordam bermaydi, yolg‘iz o‘zi tepalikdagi boydan qolgan qarovsiz otxonani ta’mirlaydi. Uyma-uy yurib bolalarni yig‘adi, ularni maktabga o‘zi olib kelib, darsdan so‘ng eltib qo‘yadi. Sovuq kunlarda soydan o‘zi o‘tkazadi. Xat-savodi yo‘q, faqat yerda mehnat qilib kun ko‘radigan odamlar uning ustidan kuladi. U odamlarning kulgisi va gaplariga e’tibor bermay, o‘quvchilarga mehr qo‘yadi, bilganlarini o‘rgatadi. 14 yoshli Oltinoy o‘zining bilimga chanqoqligi, intiluvchanligi bilan boshqa o‘quvchilardan ajralib turadi. Undagi iqtidorni sezgan muallim Moskvaga o‘qishga yubormoqchi bo‘ladi.
Hayot bir tekis emas, yaxshilik bor yerda yomonlik ham soyadek ergashadi. Ota-onasidan erta yetim qolgan, amakisining uyida yashayotgan, yangasining kaltak va zug‘umlaridan bezigan Oltinoyning hayotida maktab uning zulmatli kunlarini yorituvchi mash’al edi. Biroq yangasi Oltinoy va muallimning qarshiligiga qaramay qizni yomon odamga uzatib yuboradi. Chingiz Aytmatov bu qissada razil kimsalar qo‘liga tushib qolgan Oltinoyning ham tashqi, ham ichki go‘zalligini mahorat bilan tasvirlab bergan. Duyshen qizni qutqaradi. Birinchi muallimning dono maslahatlari Oltinoyni doim olg‘a qadam tashlashga, ilm cho‘qqilarini zabt etishga, mashaqqatlarni mardonavor yengishga, o‘z o‘rnini topishga, haqiqiy inson bo‘lib yetishishiga chorlaydi. U ilmga bo‘lgan ishtiyoqi, tirishqoqligi, mehnatsevarligi tufayli akademik darajasiga yetadi.
“Yozuvchi xalq bilan qattiq bog‘liqligini chuqur his qilsa, bu unga go‘zallik va quvonch bag‘ishlaydi”, – degan so‘zlari bor Maksim Gorkiyning. Chingiz Aytmatov asarlaridagi obrazlar xalq orasida bor edi, shu sabab yillar o‘tsa-da, asar g‘oyasi eskirmaydi, o‘qiganingiz sari o‘qigingiz kelaveradi. Aytmatov “Birinchi muallim” qissasida Oltinoy, Duyshen kabi qahramonlarning ichki dunyosi, xarakteri, muhabbati va ularning ma’rifat uchun kurashini haqqoniy hamda go‘zal namoyon eta olgan. Bunga asarni o‘qib o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin. Mutolaadan so‘ng quyidagi savollarga javob topishni va bizning telegramdagi @GulxanBilimdon manzilimizga yuborishni unutmang. Savollarga to‘g‘ri javob bergan kitobxonlarni ajoyib sovg‘alar kutib turibdi.
Savollar:
1. Rassomning yozib tugallanmagan asar haqidagi ma’noli so‘zlari qanday edi?
2. Adirdagi ikki terakni kim ekkan?
3. “Olamda har bir mavjudotning o‘z bahori-yu kuzi bor”. Bu gap qissadagi qaysi obrazga tegishli?
4. Oltinoyning maktabga ilk borgan kunini tasvirlab bering.
5. Duyshen bo‘liskomdan qaytishida qanday voqea yuz beradi?
6. Oltinoy Sibirdagi vokzalda kimni uchratib qoladi?
7. Asardan olgan xulosangiz haqida qisqacha so‘zlab bering.
Shahribonu RAHMATOVA