Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ilk pillapoya

Hayotda qalbiga musiqa kirib bormagan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak. Chunki sehrli kuy shuurni hissiyotga to‘ldiradi.  Xalqaro musiqa kuni munosabati bilan aynan shu haqida to‘xtalamiz. To‘g‘rirog‘i, poytaxtimizdagi navo­baxsh kuy taraladigan, sehrli ohanglar yangrab turadigan ikki o‘quv maskani to‘g‘risida suhbatlashamiz.

 

 

V.A.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi

uspenskiy_nomidagi_musiqa_maktabi.jpg

1939-yil 5-oktyabrdan ish boshlagan bu maktabni siz tanigan, sevib eshitadigan mashhur san’atkorlar — Davron Davurov, Abdulaziz Karim, Oksana Nichetaylo (Sogdiana), Manzura, Asal Shodiyeva, pianinochilar Aleksey Sultanov, Yevgeniy Murskiy, Fazliddin Husanov, skripkachilar Daniel Xalikov, Nodir Hoshimov, kompozitor Alisher Ikromov kabi ko‘plab taniqli san’at­korlar tamomlagan. Bugun esa ularga havas qilib, san’at ahli izidan borayotgan o‘quvchilar uchun 12 ta yo‘nalish — “An’anaviy ijrochilik”, “Akademik xonandalik”, “Estrada xonandaligi”, “Estrada ijrochiligi”, “O‘zbek xalq cholg‘ulari”, “Musiqa nazariyasi”, “Damli cholg‘ular”, “Skripka”, “Fortepiano”, “Maxsus fortepiano”dan saboq beriladi. Maktabda tahsil olayotgan 549 nafar o‘g‘il-qizlar orasidan “Qaldirg‘och”, “Kalb uluslalarasi çevrimiçi festival yarismasi”, “Yozgi yulduzlar”, “Fujairah International Piano Competition”, “Obon”, “Bo‘zatovFest”, “San’at g‘unchalari” kabi respublika va xalqaro tanlov, festivallardan munosib o‘rin olib qaytganlar bor. Ular kelgusida tanlagan yo‘nalishida o‘z o‘rnini topish uchun konservatoriyada ham o‘qishni davom ettirishni istashadi. Maktabga AQSH, Rossiya, Indoneziya, Isroil va boshqa davlatlardan soha mutaxassislari jalb qilinib, mitti yulduzlarga mahorat maktabi mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. “Ehh, uzoq viloyatdanman” deysizmi?! Xavotirlanishga o‘rin yo‘q. Sababi, hududlardan kelgan o‘quv­chilar uchun yotoqxona, 4 mahal ovqat, kechgacha dars qilish imkoniyatlari — hammasi mujassam. Ta’lim olish esa mutlaqo bepul.

 

R.M.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi

glier_nomidagi_musiqa_maktabi.jpg

Qariyb 100 yil davomida uch mingdan ziyod bolalarga  mu­si­qadan bilim bergan ushbu ta’lim maskani 1927-yilda o‘z faoliyatini boshlagan. O‘tgan yillar davomida bu maktabda uning dovrug‘ini dunyolarga yoy­gan professional musiqachilar tar­biyalandi. Ular orasidan 70 dan ziyod O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, O‘z­bekiston Respublikasida xiz­mat ko‘rsatgan artist, O‘zbekistonda xiz­mat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, mu­siqashunoslar, professorlar, davlatimizning qator orden va medallarini olgan san’atkorlar yetishib chiqdi. Jumladan, bugunning yulduzlari — Alisher (Fayz) Turdiyev, “Setora” guruhi, Dilnoza Akbarova, Farruh Sodiqov, Sherzodbek Ortiqovlarga kim havas qilmaydi deysiz?! Hozir ham u yerda tahsil olayotgan o‘quvchilar 9 ta yo‘nalish — “Maxsus fortepiano”, “Kamonli-torli cholg‘ular”, “Puflama va zarbli cholg‘ular”, “O‘zbek xalq cholg‘ulari”, “An’anaviy ijro­chilik”, “Estrada ijrochiligi”, “Akademik xonandalik”, “Xor dirijorligi”, “Musiqa na­zariyasi”dan bilimlarni o‘zlashtirib, us­toz­laridek el ardog‘idagi san’atkor bo‘lishga intilishmoqda. Buni 2022-yil 187, 2023-yil 144, 2024-yil 123 — jami 454 nafar o‘quvchilarning respublika va xalqaro tanlovlarda munosib o‘rin egallagani ko‘rsatib turibdi. Masalan, 2023-yil 24-31-mart kunlari Madaniyat va­zirligi tomonidan Ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari, kollej va akademik litseylarning “Yosh ijrochilar” Respublika tanlovida yo‘nalishlar kesimida 25 ta ta’lim muassasi qatorida R.Glier nomidagi RIMMdan 47 nafar o‘quvchilar ishtirok etib, 8 ta 1-o‘rin, 14 ta 2-o‘rin, 7 ta 3-o‘rin, 1 ta diplom — jami 29 ta sovrinli o‘rin hisobi bilan Respublika bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu yil esa 12 ta GranPri, 56 ta 1-o‘rin, 34 ta 2-o‘rin, 17 ta 3-o‘rin, 4 ta 4-o‘rinni zabt etib qaytgan o‘quvchilar bor. Ular orasida Useyinov Edem, Fozilov Farhod, Halimxonov Shohruxxon va boshqalarning qo‘lga kiritgan yutuqlari tahsinga sazovor. Qoyilmisiz?! To‘g‘ri-da, 320 ga yaqin pedagog-xodimlar jamoasi Toshkent shahri va respublika hududlaridan kelib tahsil olayotgan 821 nafar o‘g‘il-qizga jon-jahdi bilan ta’lim-tarbiya bergandan so‘ng mukofotlar natijasi ham bo‘ladi-da! Ayniqsa, viloyat va tumanlardan kelgan 462 nafar o‘quvchiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, yotoqxona va 4 mahal ovqat bilan ta’minlangani kelajakka bo‘lgan e’tibordan darak beradi.

Shuningdek, maktab ma’muriyati ularning istiqboli porloq bo‘lishi, jahon sahnalarida kuylashi, musiqa chalishi, iste’dodini na­moyon qilishi uchun AQSHning Minnesota shtatida joylashgan Bemidji davlat universiteti, Koreya Respublikasining “Sesori” musiqiy o‘quv yurti bilan hamkorlik shartnomasi hamda R.Glier nomidagi RIMM va Turkiya Respublikasining “Istanbul-Atasehir Aydin Dog‘an guzel Sanatlar Lisesi”larini qardosh ta’lim muassasalari deb e’lon qilinganligi munosabati bilan qo‘shma memorandum im­zoladi. Albatta, bularning hammasi yosh iste’dodlarning, mitti yulduzlarning kelajagi, yuksak parvozi, vanihoyat, dunyo tan olishi uchun...

Ehh, qani edi ularning bolaligi menda bo‘lgandami?!

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.