Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Obi hayot moʻjizasi

Mana shu o‘g‘­lim qo‘lida ushlab turgan termos yaponchada “Suito” deyiladi.  Tushunganingizdek, issiqni issiq, sovuqni sovuq ushlab turadigan “issiq-sovuq” matoh.

* Xullas, ana shu “Issiq-sovuq” Yapo­ni­yadagi bolalarga bog‘­chadaligidayoq majburiy qilib qo‘yiladi. Har bitta bolada u bo‘lishi shart. Ko‘chaga o‘yna­gani chiqqan yapon bo­lalarining qo‘lida ham bor.

* Ertalab uydan chiqa­yotganda to‘ldirib berib yuborasiz, tugab qolsa, bog‘cha opalari qaytadan to‘ldirib qo‘yishadi. Natijada, bola kun bo‘yi juda ko‘p suv ichadi. Bu idishni ko‘tarib yurish odati yaponlarda bog‘cha, maktab, universitet, hattoki, ishlaydigan kap-katta odamlarda ham shakllangan. Bog‘cha, maktabda olib yurib o‘rgangan yaponlar katta bo‘lgach ishxonasida ham shu termosni ko‘tarib yuradigan, ko‘p-ko‘p suv ichadigan bo‘ladi.

* Xullas, oddiy suv ichish odati Yaponiyaning har burchagida sezilib turadi.

Xohlagan yemak­xona­ga ki­ring, ofitsiant muz solingan suv olib keladi. Dasturxon tuzatishda ham kola, fanta, soklar emas, suvga urg‘u beriladi.

* Menimcha, bu odat­ni bizda – O‘z­be­­kistonda ham keng miqyosda shak­l­­­lantirish ke­rak. Bizda oddiy suv ichish poy­taxtning ayrim bog‘cha va maktablaridagina shakllangan, viloyat va uzoq tumanlarda juda kam.

Xohlagan birorta bolachaga nima olib beray desangiz, “Kola”, “Fanta”, sharbat deydi. Yaponning bolasi esa “Suv” deydi.

* Ba’zida chanqab ketib, nimadir olay desam, o‘g‘lim: “Suv oling” deydi. “Sen Yaponiyada tug‘ilgandirsan, men O‘z­bekistonda tug‘il­ganman” degim keladi. Pul sarflagandan keyin, qandaydir suv olgim kelmaydi. Albatta, nimadir za­rarli ichimlik olishim shart.

(Siz ham oshxonaga kirganingizda nima ichimlik buyurtma qilishingizni bir eslab ko‘ring!)

* Xulosa shuki, suv ichish kerakligini men aytmasam-da, hamma biladi. Ammo bu odat madaniyat sifatida shakllanishi uchun bolalikdan, oilada, bog‘chalarimizdan tozalangan oddiy suv ichishni o‘rgatish kerak. Balki, shunda yaponlardek uzoqroq yashab, qand kasalligi, semizlik, yurak kasalliklari, allergiya, turli toshmalar va yana bir qancha kasalliklar kamayarmidi...

Toza havo – tanga davo deganlaridek, toza ichimlik suvi ham tanimizga davo ekanini xalqimizga singdirib borishimiz kerak.

 

Bahodir Iskandarov,

Yaponiya

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.