Tilak Joʻra
Hassos shoir, tarjimon va adabiyotshunos Tilak Jo‘ra o‘tgan asrning 70-yillarida adabiyotga kirib keldi. U qisqa, ammo sermazmun umr kechirdi: yorqin, haroratli she’rlari bilan kitobxonlar hurmatiga sazovor bo‘ldi.
Tilak Jo‘ra 1947-yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Sayyod qishlog‘ida tug‘ildi. 1956-1966-yillarda o‘rta maktabda, 1966-1972-yillarda hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida o‘qidi. 1978-1981-yillarda aspiranturada tahsil oldi. 1970-yildan umrining oxiriga qadar universitetning tarjima nazariyasi kafedrasida talabalarga tarjima ilmidan saboq berdi. 1986-yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.
Shoirdan “Rayhon” (1977), “Olam ostonasi” (1980), “Yulduzlar tabassumi” (1981), “Chorrahadagi uy” (1983), “Sanduvoch” (1983), “Ruhiyat” (1990), “Saraton” (1991) nomli yetti she’riy kitob qoldi. Rus, turk, ozarbayjon, arman, fransuz she’riyatidan qilgan tarjimalari, “Hozirgi turk she’riyati”, “Nozim Hikmat va O‘zbekiston” singari ilmiy asarlari bosilib chiqdi.
Tilak Jo‘ra o‘z ijodida tabiat manzaralarini, mehridaryo, halol, mehnatkash qishloq odamlarining o‘y-kechinmalarini, orzu umidlarini ehtirosli misralarda, yorqin timsollarda aks ettirgan.
Shoir juda erta – 47 yoshida olamdan o‘tgan bo‘lsa-da, she’riyat bo‘stoniga munosib hissa qo‘shib ketishga ulgurdi.