Kim qayerga intilar?
Men kitob do‘konlariga kirsam, kutubxonalarga borsam, u yerdan chiqib ketgim kelmaydi. Qator taxlangan kitoblarni ko‘zdan kechiraman, yangi nomdagilarini qo‘limga olib varaqlayman. Qani endi shu yerda qolsam-u, eng yaxshilarini o‘qib chiqsam, sotib olsam, deyman.
Kim konsertga, turli tantanalarga borishga qiziqadi, kimdir mehmondorchilikka – tug‘ilgan kunlar, to‘ylarga oshiqadi. Men esa kitob ko‘rgazmalari, kitob bilan bog‘liq bayram va tadbirlarga, kitob taqdimotlariga qiziqaman. Xayolimda qanday yangi kitoblar chop etilibdi, menga ham bir dona berisharmikin, tadbirga qaysi yozuvchi, shoirlar kelar ekan, degan savollar paydo bo‘ladi.
Yaqinda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, AOKA hamkorligida A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” ruknida chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, poytaxtimizdagi axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari hamda bir guruh yosh kitobxonlar ishtirok etdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biz buni taqdimot uchun javonlarga taxlab qo‘yilgan kitoblar misolida ko‘rdik. Mazkur loyiha doirasida bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan o‘n nomdagi o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini nashrga tayyorlash, chop etish, audio shakllarini yaratish hamda ularni axborot-kutubxona muassasalariga beg‘araz taqdim etish belgilangan edi.
Nashrdan chiqqan kitoblarni varaqlar ekansiz, ulardan o‘rin olgan she’r, hikoya va ertaklar mazmuniga mos ajoyib rasmlar bilan boyitilib, bolalar e’tiborini o‘ziga jalb qiladigan ajoyib dizayn va yorqin qiyofada nashr etilganiga tasanno deysiz.
Shular qatorida “Gulxan”da chop etilgan viloyatlardagi faol ijodkorlarimiz Boborahmat Muhammadiyev, Ochil Toshqulov, Is’hoq Ismoilov, O‘roq Saidovlarning hikoya, rivoyat va ertaklari jamlangan “Bolalikning qo‘lidan tutib” kitobining ham borligi bizni juda quvontirdi. Chunki ozmi-ko‘pmi mehnatimiz singgan. Qolaversa, endi bu va boshqa taqdimotga taqdim etilgan kitoblar yurtimizning barcha viloyat va tuman kutubxonalariga yetib boradi. Quvonmay bo‘ladimi, endi bu kitoblarni yuzlab, minglab kitobsevar bolalar mutolaa qiladi, kutubxonachilar o‘qiydi. Ma’naviyat bulog‘iga talpingan, qalbi go‘zallikka oshno odamlar o‘qiydi.
Aziz muxlislar, biz kitob haqida, uning eng katta boylik ekani haqida siz bilan ko‘p suhbatlashganmiz. “Odam bolaligidan o‘qib, o‘rganib bilimli bo‘ladi. Bilimi, aql-u zakovati bilan to‘rga chiqadi”, degan donishmandlar. Men nafaqat jurnalimiz muxlislari, balki bugun yuksalib borayotgan, dunyolarga tenglashishga harakat qilayotgan ona yurtim – O‘zbekiston xalqini to‘rga chiqishini istayman.