Qalbi uyg‘oq shoir
Maxtumqulining ijodiy merosi nafaqat Sharq mumtoz she’riyatini, balki jahon adabiyotini ham boyitgan. U XVIII asr adabiyotining buyuk darg‘alaridan bo‘lib, butun turkiy xalqlar uchun tushunarli va sevimli shoir, ma’rifatli siymo, qalbi uyg‘oq zotdir. Uning she’riyati insonparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik va ma’rifat g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan.
Shoir (1733-1791) Turkmanistonning janubi-g‘arbidagi Atrek (Atrok) daryosi sohillarida, ma’rifatli oilada dunyoga kelgan. U boshlang‘ich ta’limni oilada o‘z otasidan olgan. Keyin qishlog‘idagi maktabida Niyozsolih mulla qo‘lida o‘qigan. Dastlab Qiziloyoq qishlog‘idagi Idrisbobo madrasasida, keyinchalik Buxoroning Ko‘kaldosh, Xivaning Sherg‘oziy madrasalarida tahsil olgan. Sherg‘oziy madrasasida uch yil o‘qib, muhim ilmlarni o‘zlashtiradi, o‘zi aytganidek, dili ochiladi, oq-qorani, haq-nohaqni, do‘st-dushmanni ajratadigan bo‘ladi. Yosh olim “Madrasa bilan xayrlashuv” she’rida shukrona tuyg‘ularini bunday ifoda etadi:
Haqdan bizga buyruq – farz erur bilim,
Senda ta’lim oldim, ochildi dilim,
Kelsin deya kutar ul Karkaz elim,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi”.
Ajratarman endi oq-u qaroni,
Do‘st-raqib, qardoshim, Haqni, yoronni,
O‘qidim, ko‘tardim Kitob – Qur’onni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi”.
Shoir she’r davomida “Ilm, ta’lim olgan seni unutmas”, desa, oxirida “Aslo unutmasman tillo qopisin” deya minnatdorlik izhor etadi. U Xivadan qaytgach, mudarrislik qilgan va ayni vaqtda zargarlik bilan shug‘ullangan.
Otasi Davlatmand Ozodiy o‘z davrining taniqli shoirlaridan bo‘lib, uning she’riy kitobi hamda “Va’zi Ozod” nomli asari mavjud. Bu kitobda muallif ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy ijodini yaxshi o‘zlashtirgan, ayniqsa, “Mahbub ul-qulub” asaridan ta’sir olgan adib sifatida namoyon bo‘ladi.
Maxtumquli arab, fors tillarini puxta o‘zlashtirgan, chig‘atoy – eski o‘zbek tilini mukammal bilgan. Bu uning ijodidagi so‘z boyliklaridan ham ayon. Bizgacha uning lirik, falsafiy, pand-nasihat ruhidagi 10 ming misradan ortiq she’rlari yetib kelgan.
Shoirning uslubida xalq og‘zaki ijodiga yaqinlik bor. Turkman xalqining maqol va matallarini, xalq tiliga xos ayrim unsurlarni adabiyotga olib kirishda katta xizmat qilgan. Shoirning purma’no misralari turkman millatining hikmatli so‘zlari, aforizmlar qatoridan o‘rin olgan.
Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqning bir qancha diyorlarini kezgan, Buxoro, Xiva, Afg‘oniston, Ozarbayjonda bo‘lgan. Maxtumquli o‘zbek zaminidan yetishib chiqqan Bahouddin Naqshbandiy, Zangi ota, Said Mirkulol, Sulaymon Boqirg‘oniy kabi ulug‘ namoyandalarni o‘zining ma’naviy rahnamolari deb hisoblagan. Bu do‘stlik, birodarlik bizning davrimizda yanada yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, yurtboshimizning joriy yil 19-fevraldagi “Buyuk turkman shoiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori har ikki davlat xalqlarini to‘lqinlantirib yubordi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shuningdek, xorazmlik ijodkor-tarjimon Vohid Sulton nashrga tayyorlagan Maxtumquli saylanmasining I jildi 25 bosma taboqda chop etildi. E’tiborli jihati, ushbu saylanma turkman va o‘zbek tillarida kitobxonlarga tuhfa qilindi.
To‘rtko‘llik maxtumqulishunos, shoir va tarjimon Islom Bobojonovning “Maxtumquliga ehtirom” nomli kitobi ham o‘zbek va turkman tillarida nashr etildi. Kitobda shoirning hayot yo‘li yoritilib, uning hikmatlari tahlil qilinadi. Ul zotning tasavvuf namoyandasi – ulug‘ so‘fiy, avliyo ekanligi tadqiqotlar orqali ochib berilgan.
Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida shoir tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdi.
Forumda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar boshliqlari ham qatnashdilar.
Yurtboshimiz O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi keng nishonlanayotganini ta’kidladilar. O‘zbek va turkman kinoijodkorlari tomonidan shoir haqida hamkorlikda badiiy film suratga olinganligi bunga yaqqol misoldir.
Shuningdek, mamlakatimiz rahbari turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovga Maxtumqulining o‘zbek tilida nashr etilgan tanlangan asarlari to‘plamini sovg‘a qildi.
Azaldan yelkadosh bo‘lib yashab kelgan turkiy millatlarning adabiyot, ma’naviyat va osoyishtalik yo‘lidagi maqsadlari bir-biriga tutashib ketaversin.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA tayyorladi