Ekvator bilan Arktikani bog‘lagan bola
2000-2005-yillar “Sinfdosh” jurnalida ishlab yurgan kezlarim yurtimizdagi taniqli, mashhur insonlarning bolaligi, maktab davri, ularning kitob mutolaasiga bo‘lgan munosabati haqida maqolalar tayyorlar edim. Yaqinda shaxsiy kutubxonamni ko‘zdan kechirayotib, shu jurnalning ayrim sonlarini varaqlab, quyidagi suhbatga ko‘zim tushdi. Bu – O‘zbekiston xalq shoiri, ardoqli, sevimli ijodkorimiz Omon Matjon bilan qilingan suhbat edi. Uni hayajon bilan o‘qib chiqdim. Shoirning bolalik va o‘smirlik pallasidagi qiziqarli, yumorga boy, hayajonli ma’lumotlar... O‘ylaymanki, bu suhbat bugungi jurnalxonlar uchun ham ibratli bo‘ladi.
Zahro HASANOVA
1. Maktabdosh sinfdoshlaringizni eslaysizmi? Ular bilan bog‘liq biror qiziq voqeani aytib bersangiz?
Bolalik, maktab davri, sinfdoshlar davrasining men uchun qiziq va qadrliligi shundaki, u yerda katta va kichiklar bo‘lmaydi, hali hech kim mansabda ham emas – hamma teng. Shaxsiy, jismoniy, aqliy, zehniy sifatlaring bilan tengdoshlaringga tanilishing mumkin. Shuning uchun bu yerda orttirilgan do‘stlik foyda, manfaatli tomonlari bilan hech kim va hech nima bilan bog‘lanmaganligi uchun juda uzoq, samimiy. Beg‘ubor va juda yaxshi xotiralarni esingga soladi.
Misol uchun, fizika darsida shunday bir voqea bo‘lgan. O‘qituvchimiz darsda, bir simni uchini muzga tiqilsa, yana bir tomonini issiq bir narsaga tekkazib o‘lchasa, shu yerda bir yoki ikki volt kuchlanishli elektr energiyasi – doimiy tok paydo bo‘ladi, deb tushuntirgan. Men esa u kishiga “Bir simni uchini Ekvatorga oborib ko‘msak, ikkinchi uchini Arktika muzligiga ko‘msag-u, yana bir uchini bu yoqqa olib kelsak, qishlog‘imiz elektrlashib, yorug‘lik tekin bo‘lmasmidi?” deb so‘rasam, ular “E, kallavaram, shuncha simni qayerdan olaman senga?” degan edilar.
2. Birinchi o‘qigan kitobingiz?
Bizning uyimiz Gurlan rayon markazidan 7-8 kilometrda – Bog‘olon qishlog‘ida edi. Uydagilar bozor qilishni menga ishonishardi. Bozor qilishda meni eng qiziqtirgan narsa, deylik, guruch sotuvchi, kartoshka sotuvchilar bilan talashib-tortishib, arzonga olib, 40-50 tiyin tejab, markazdagi katta kitob do‘koniga kirib birorta yangi kitob sotib olish edi. 7-8-sinflarda “Robinzon Kruzo”, “Myunxauzen”, “Gulliverning sayohatlari”, “Tom Soyer” va boshqa o‘nlab kitoblarni men shu tufayli o‘qiganman. Fantastikaga juda qiziqar edim, hali ham qiziqaman.
3. “2” baho olganmisiz?
Juda ko‘p olganman. Matematika hisob-kitobdan mutlaqo layoqatim yo‘q edi, bilmasdim. Raqamlar yodimda qolmas edi. Agar hayotiy bir narsalar bilan bog‘liq bo‘lsa, yodimda qolar edi. Hozir ham bir xil raqamlar yodimda qolmaydi. Masalan, telefon raqamlari. Agar 45 bo‘lsa, “Ha, G‘alaba yilimi” deb, 61 raqami bo‘lsa, ha Gagarin uchgan yilimi deb, eslab qolishim mumkin.
4. Birinchi yozgan she’ringizni eslay olasizmi?
Ilk yozgan she’rim 1958-yilda – 9-sinfda o‘qiyotganimda “Paxtakorlar ovozi” deb nomlangan rayon gazetasida chiqqan, “Baliq bilan chirik to‘r” degan.
Yoz kunlarning birida,
Ko‘lning chuqur yerida,
Baliq bilan chirik to‘r
Janjal qildi juda zo‘r.
Chirik to‘r der: “Baliqvoy,
Ishing chatoq, holing voy.
Seni o‘rab olaman,
Va xaltamga solaman.
Ovchiga yetkizaman,
Kuningni bitkizaman,
Tovada qovuraman,
Kulingni sovuraman”.
– deydi chirik to‘r. Baliq esa bir shahd bilan to‘rni teshib qochib chiqib ketadi. Shunda to‘rga qarata “O‘zingni ovingni bilmay, zo‘rman, deb yurma” deya yozgan ekanman. Ko‘p yozardim, ancha-munchasi gazeta-jurnallarda chiqqan. “Bolalar” gazetasida ko‘p ertaklar, fantastik qissalar berilardi-da, oxirida (davomi bor) deb yozib qo‘yilardi. Men ham shunaqa yozish kerak ekan-da, deb o‘ylab, (davomi bor) deb ertaklar yozib yuborardim.
5. Bolaligingizda kim bo‘lishni orzu qilgansiz?
Adabiyotga qiziqishim ancha erta ma’lum bo‘lib qolgan. Chunki maktabda ham devoriy gazetalarga ko‘p yozardim. Otam aloqa bo‘limi boshlig‘i bo‘lgani uchun “Meni izimdan borasan, aloqa institutiga kirasan”, der edilar. Maktabni bitirganimdan keyin aloqa institutiga olib kelganlar ham. O‘sha paytdagi aloqa vaziri “Zahiraga qabul qilinsin”, deb yozib bergan. Nima bo‘lib haligi qog‘oz yo‘qolib qolgan. Keyin men Samarqand universitetining adabiyot bo‘limiga o‘qishga kirdim. Chunki baribir hayotning bir chetida she’riyatmi, musiqiy ohanglarmi – atrofni boshqacharoq ko‘rish istagi turgan-da.
6. Sizning nazaringizda hozirgi bolalar bilimga chanqoqmi yoki sizning bolalik davringizdagimi?
Menimcha, u paytdagi bolalar bilimga chanqoq edi. Chunki u paytda dunyo hammamizning ko‘zimizga endi ochilayotgan edi. 1956-yildan davlatni o‘zida o‘zgarishlar bo‘lgan. Stalin o‘lgan payt. Odamlar har bir gazetani talashib o‘qishardi. Hamma ma’rifatga mukkasidan ketgan payt edi. Boshqacha ham hayot bor ekan-ku, boshqacha yashash, boshqacha fikrlash, boshqacha gapirish mumkin ekan-ku, boshqa odam ham dunyoni boshqarishi mumkin ekan-ku, deb. Endi bugungi bolalarga kelsak, agar ko‘nglida bo‘lsa o‘qiydi, ma’rifatga qiziqishi bor bola har qanday sharoitda ham o‘qiydi. Lekin bunga tashqi muhitning ta’siri bor, albatta. Hamma axborot televizor, telefonda ekan deb, bolalarning ulardan uzilmay qolgan tomonlari bor. Bular kasalga o‘xshaydi, televizor qo‘yilib tursa, telefon ishlab tursa bo‘ldi, shu bilan ovqat yeydi, shu bilan uxlaydi. Hozirgi bolalar internet orqali ham juda ko‘p axborot olishyapti. Lekin o‘zing bilan o‘zing qolib kimlarningdir hikoya, fantastika, qissalarini o‘qib, boshqacha dunyo borligini va u yoningda, o‘z-o‘zingga bog‘liq ekanligini o‘ylab ko‘rishdan ortiq baxt bormi? Kishi o‘ziga savol bera olsagina tirik odam bo‘ladi. Savol bermay hammasiga shunday ekan-da, deb ketavergan odamlarni tushunmayman.
Odamga ilohiydan bir narsa aytib turiladi. Shunga loyiq odamlarga albatta. Iste’dod ham shunday: birovga matematika, birovga astronomiya, biroq she’r yozish Alloh tomonidan berilgan bo‘lishi mumkin-u, kimdir bunga e’tibor qiladi, kimdir esa yo‘q. Shuning uchun kamdan-kam odam ilohiydan berilgan ne’matlarni payqab, ilg‘ab, uni kuchaytirishga, yozgan-chizgan, erishganlarini yonidagilar bilan o‘rtoqlashishga bo‘lishishga harakat qiladi. Nur shunday ko‘payadi, insoniylik degan munosabatlar shunday paydo bo‘ladi.