Jurnalist bo‘lmoqchimisiz?
O‘quvchilar orasida kelgusida ijodkor jurnalist bo‘lishni orzu qilayotganlar talaygina. Ular o‘z maqolalarini “Gulxan”ning ijtimoiy tarmoqdagi kanallari orqali bizga yuborishadi hamda bu kasbni egallash uchun ko‘proq qanday talablarni bajarish, qaysi kitoblarni o‘qish kerakligi haqida yo‘l-yo‘riqlar berishimizni so‘rashadi. Filologiya fanlari doktori, taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning “Jurnalist bo‘lmoqchimisiz?” kitobidagi tavsiyalar ayni savollaringizga javob beradi.
Kim jurnalist bo‘la oladi?
Jurnalistlik qachondan boshlanadi, degan savolga o‘zingizcha javob izlab ko‘ring-chi. Gazetada birinchi xabaringiz e’lon etilganidan emas, yoki jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirganingizdan ham emas.
Maktabda o‘qib yurgan kezlaringiz yondaftar tutganingizni eslaysizmi? O‘sha – jurnalistika!
Mehribon volidangizga bo‘lgan hurmat, muhabbat tuyg‘ularingizni qog‘ozga tushirganmisiz? O‘sha – jurnalistika!
Erkin mavzudagi insholarni to‘lqinlanib yozganmisiz? O‘sha – jurnalistika!
Ittifoqo, kurash musobaqasini tomosha qildingiz, qattiq hayajondasiz, hayajoningizni boshqalarga yetkazmasangiz o‘zingizni qo‘yarga joy topolmayapsiz. Do‘stingizni uchratgan zahoti zudlik bilan unga ko‘rganlaringizni aytib, hikoya qilishga tushdingiz.
Hikoya qilishga intilishingizning o‘zi jurnalistika (radiojurnalistika deyish ham mumkin), lekin taassurotlaringizni o‘xshatib yozib, gazetada e’lon qilishga jazm etsangiz...
Jurnalistikaning boshlanishi shu!
Demak, ko‘ngilda kimgadir izhor etmaguningizga qadar sizga tinchlik bermayotgan NIMADIR paydo bo‘ldimi va o‘shani qog‘ozga tushirishga urinib ko‘rdingizmi – jurnalistika boshlandi, deyavering!
Bunday tuyg‘u juda ko‘pdan-ko‘p yigit-qizlarda uchraydi, nega ularning ham hammasi yozmaydi? Nega kamdan-kam yigit-qiz yozmasa turolmaydi?
Ha, yashang, o‘sha yozmasa chidolmaydigan yigit-qizgina jurnalist bo‘la oladi, o‘zidagi shunday iste’dod kurtagini, ijodga moyillikni tarbiyalay olgan kishidangina kelgusida jurnalist yetishib chiqadi.
Jurnalistlik qanday boshlanadi?
O‘zingiz shohidi bo‘lgan voqea-hodisani boshqalarga so‘zlab berish og‘zaki jurnalistikaning boshlanishiga o‘xshaydi. Deylik, qiziq film tomosha qildingiz. Uni albatta do‘stingiz yoki dugonalaringizga o‘xshatib aytib berasiz. O‘ta hayajonli joylariga kelganda, hatto, voqeani qo‘l harakatlari, yuz ifodalari bilan ko‘rsatib berishga kirishib ketasiz. Bu telejurnalistikani eslatmaydimi?..
Eng qiyini – yozma jurnalistika. Yozma jurnalistika kechroq shakllanadi. Buning uchun birinchi navbatda yozma nutq, ya’ni yozish layoqati shakllanmog‘i lozim.
Odatda, boshlovchi jurnalistlar qalami xabar yozish bilan cheklanadi. Chunki xabar eng qisqa janr, uni bir o‘tirishda qog‘ozga tushirish mumkin. Yangilik haqida axborot bersangiz bas. Qanday voqea yuz berdi, kimlar ishtirok etdi, qachon va qayerda sodir bo‘ldi? Mazkur savollarga javob aytilsa, olam guliston!
Lekin kamdan-kam jurnalistlar AXBOROTCHI jurnalist bo‘lish bilan kifoyalanadilar. Negaki, jurnalistikaning dargohi keng, ijodiy mahorat osha borgani sayin jurnalistikaning kattaroq va jiddiyroq janrlariga ham qo‘l urishga to‘g‘ri keladi. Ammo-lekin hozir boshlanishi xolos. Siz yo‘lning boshlanishida turibsiz, hali hammasi oldinda, istiqbolda jurnalistikaning murakkab, mas’uliyatli va g‘oyatda sharafli ko‘chalari, so‘qmoqlari Sizni chorlab turibdi!..