Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bolalarning zabardast shoiri

Taniqli ijodkor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, 2-darajali “Sog‘lom avlod uchun”  ordeni sohibi, bugungi o‘zbek bolalar adabiyotining fidoyi, jonkuyar namoyandasi, bolalar nashrlarining faol targ‘ibotchisi, “Gulxan” jurnalining tahrir hay’ati a’zosi, qator kitoblar muallifi Dilshod Rajab  qutlug‘ 60 yoshni  qarshilayaptilar. Biz Dilshod akani tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etamiz. Ajoyib ustoz Tursunboy Adashboyevdek katta shoirning sevimli shogirdi sifatida u kishining e’tiboriga sazovor bo‘lish  kamdan-kam qalamkashga nasib etgan. Dilshod Rajab esa ana shunday e’tiborga munosib bo‘lgan shoir. Qutlug‘ sana munosabati bilan shoirning serqirra ijodiy faoliyati  haqida adabiyotshunos olim, professor Rahmatilla Barakayevning tahliliy xulosalarini o‘qiymiz.

Gulxan jamoasi

Bugungi o‘zbek bolalar she’riyatining taniqli namoyandasi, 1964-yilning 7-deka­brida Buxoro viloyatining Shofirkon tu­manida tug‘ilgan, o‘rta maktabni oltin medal bilan tugallagan, “80-yillar o‘zbek bolalar she’riyatida poetik mahoratning ayrim masalalari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan olim-u shoir Dilshod Rajab kitobxonlarga “Otamning bog‘i” (1996), “Daryo ko‘ngil” (1997), “Jilvon o‘g‘loni”, “Alifbo” (2001), “Tanish tovushlar” (2006), “Sukut sarhadi” (2006), “O‘n o‘rtoq”, “Poyezdning bolasi” (2013), “Baxshi bola — yaxshi bola” (2016), “Shamolning supurgisi” (2018), “Yo‘lim quyosh tomondir” (2019), “Tilimdagi novvotim” (2022), “Olam ziyoga to‘lsin” (2024) singari yigirmaga yaqin she’riy va nasriy kitoblari bilan yaxshi tanish. Ushbu to‘plamlardagi she’rlar ham mavzu jihatidan nihoyatda rang-barang bo‘lib, ular aslida, hayotda ko‘rgan har bir narsasidan hayratga tushadigan, uni o‘zicha qayta kashf qilishga urinayotgan yosh kitobxonlarning bitmas-tuganmas savollariga javob izlashdan iboratdir, deyish ham mumkin.

Bolalar uchun yaratilgan she’riy asarlarda tabiat manzaralari, hayvonot-u nabotot tasvirlari sezilarli o‘rin egallashi bejiz emas. Bu tasvirlarda yosh kitobxonni, avvalo, Ona tabiat bilan tanishtirish, oshno qilishdek ezgu niyat bor. Zero, tabiatning barcha go‘zalliklari, barcha ne’matlari, dastavval, inson uchun ekanligi ham shubhasizdir. Inson o‘z nomi bilan tabiatning farzandi; yer usti-yu ostidagi, suv-u havodagi barcha ne’matlar bani Odamning rizq-nasibasi. Bolalar she’riyatida inson tasvirining yetakchi mavqe kasb etishi ham aslida shundan. Dilshod Rajabning “O‘zbek” she’ri ana shu Inson, xalq tasviriga urg‘u berilgani bilan ham e’tiborga loyiqdir. She’rning dastlabki satrlaridanoq bag‘ri keng o‘zbek qiyofasiga chizgilar chizila boshlaydi:

Sig‘masa ham o‘zi, do‘stga

Joyi bor uning,

Yo‘lovchiga “Bir piyola –

Choy”i bor uning.

Darhaqiqat, o‘zbek qiyofasini belgilovchi qirralar, avvalo, uning bag‘rikengligi bilan bog‘liqdir. Serfarzand, bolajon o‘zbek mehmonni “atoyi Xudo” deb biladi, uyining to‘rini mehmonga bo‘shatib beradi, qozoniga har kun bir parcha go‘sht tashlashga qiynalsa-da, mehmonning oyog‘i ostiga qo‘y so‘yadi. Hatto, ko‘chadan o‘tib ketayotgan yo‘lovchiga ham albatta bir piyola choy taklif qiladi.

Egatlardan topgan qaddi –

Yoyi bor uning,

Har yil yozda imorati,

Loyi bor uning.

O‘zbek qiyofasini belgilovchi yana bir qirra uning mehnatsevarligidir. O‘zbek erta bahordan kech kuzgacha tinim bilmay, dalada halol mehnat qiladi, bola-chaqasini peshana teri bilan topgan halol daromadi hisobidan boqadi. Binobarin, o‘zbek uchun “halol mehnat” tushunchasi qanchalik xarakterli bo‘lsa, “halol daromad” tushunchasi ham u bilan bab-baravardir. Shu sababli ham o‘zbekning qaddi og‘ir mehnatdan egik bo‘lsa-da, qalbi pok, ko‘ngli ochiq. Mehnatsevar o‘zbek faqat dalada mehnat qilibgina qolmaydi. U o‘zining huzur-halovatini emas, bola-chaqasining kelajagini o‘ylaydi. Xalq oldiga dasturxon yozib, oq fotihasini, duosini olish o‘zbek uchun eng katta boylik. Shu boisdan ham u har yil yozda loy qilib, imorat quradi – bola-chaqasining baxtli kelajagini ta’minlaydi. Chunki:

O‘g‘il-qizi – yorug‘ yulduz,

Oyi bor uning,

O‘chmas izi, bosadigan

Toyi bor uning.

Binobarin, “Ot izini bosadigan toylar”i, “oy-u yulduz”lari uchun mehnat qilishdan o‘zbek hech qachon charchamaydi va ana shu tuyg‘u – bolajonlik ham ajdodlardan avlodga ming yillar davomida aziz-u mukarram meros bo‘lib o‘taveradi. Shu bois ham o‘zbekning doimo chehrasi ochiq, bag‘ri ochiq, dasturxoni ochiq. Shu bois ham yaratganning o‘zi bu jannatmakon diyorni o‘zbekning makoni qilib yaratgan. She’rning oxirgi misralari:

Do‘ppisini ko‘kka otib

Shodlansa arzir;

O‘zbekiston degan jannat

Joyi bor uning. –

kabi satrlari bilan yakunlanar ekan, bunda shoirning ana shunday ulug‘ el farzandi ekanligidan faxr va g‘urur tuyg‘ulari yangraydi. Ulug‘ xalqimiz sha’niga bitilgan qanchadan-qancha faxriya-yu madhiyalar safida kichkintoy kitobxonlarga mo‘ljallangan ushbu mo‘jaz she’rning ham o‘z o‘rni bor. U yosh kitobxon qalbida g‘urur-u iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

“Otamning bog‘i” she’rida ham ana shu go‘zal diyor husniga husn, chiroyiga chiroy qo‘shayotgan mehnatkash insonlar ulug‘lanadi, ular peshana teri mahsuli sifatida yaralgan o‘lkamiz noz-ne’matlari ta’riflanadi. She’r:

Kirib boq bir bu bog‘ga,

Jam bunda Eram husni.

Hayratlanib quchoqdan

Tushib ketar tarvuzing

 

Kular xandon pistalar,

Bog‘ning quvnoq qizlari.

Uyatchan giloschalar

Turar cho‘g‘day qizarib.

 

Bu xo‘b odobli tok-da,

Egilib tutar uzum.

Qara, lampochka nokka

Yorishib ketar yuzing.

 

Qandday, deysan totisang,

Ana shu qantak o‘rik.

Choynak tushar yodingga

Anov behini ko‘rib.

 

Pishib yorilgan anor –

Kulib yuborgan pari.

Ko‘rinar qator-qator

Yoqut kabi tishlari.

Ushbu satrlardagi g‘aroyib o‘xshatishlar shu jihati bilan ham xarakterliki, shoir ularning har birida o‘xshatishni jonlantirish bilan omixta qilish orqali, avvalo, qo‘sh san’at yaratgan bo‘lsa, ikkinchidan, yosh kitobxon ko‘z o‘ngida bog‘i Eramday go‘zal bog‘ning mukammal manzarasini yaratishga erishgan. Xandon pistalarning nim ochiq qirrasi quvnoq qizchalarning tabassumga moyil lablariga naqadar tabiiy mengzasa, qip-qizarib pishgan ol giloslarning uyatidan yuzlari cho‘g‘day qizargan go‘zallarga o‘xshatilishi ham shu qadar tabiiydir. Yoxud mevasini ko‘tarolmay egilib-bukilib ketgan tokning egilishi odoblilik belgisi sifatida talqin qilinishi ham o‘zini to‘la oqlaydi. Chunki mevasiz daraxtning g‘o‘ddayib, kekkayib turishi ham an’anaviy tashbeh. Pishib yorilgan anorning kulib yuborgan pariga, bir tekis tizilgan anor donalarining yoqut kabi tishlarga o‘xshatilishi ham o‘rinli topilgan tashbehlardir.

Biz ushbu ikki she’r misolida Dilshod Rajab ijodining birgina qirrasi haqida fikr yuritishga harakat qildik. Holbuki, uning serqirra ijodi bugungi o‘zbek bolalar she’riyatining eng go‘zal sahifalarini tashkil qiladi. Nazarimizda, ushbu ikki kichik she’rning qisqa tahlili orqali sizga muborak 60 yoshga to‘layotgan va yanada yangi ijodiy marralarni ko‘zlayotgan shoirimiz ijodi xususida ozgina bo‘lsa-da,  ma’lumot berishga erishdik deb o‘ylaymiz.

Bolalar adabiyoti sohasidagi ko‘lamdor ijodi uchun “Oltin qalam” mukofoti bilan taqdirlangan (2011), “Bolalarga bag‘ishlangan eng yaxshi kitob” hamda “Vatan uchun yashaylik” respublika ko‘rik tanlovlarida (2022) faxrli o‘rinlarni egallagan, 2-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan (2023) shoirni tavalludining 60 yilligi bilan muborakbod etar ekanmiz, unga sog‘lik-salomatlik, yanada ulkan ijodiy zafarlar hamroh bo‘lishini tilaymiz.

 

Rahmatulla BARAKAYEV,

professor

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.