Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Olg‘a chorlovchi shior

Yaqinda Italiyaning Assizi shah­rida “Global Hippo Association” tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan 12-Xalqaro ingliz tili fani olimpiadasida surxondaryolik 7-sinf o‘quvchisi Mirabror Rajabboyev faxrli 3-o‘rinni egallab, O‘zbekistonga qaytdi. Endi unga nafaqat Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 74-maktab o‘quvchilari, balki yurtimizdagi barcha yoshlar havas ila boqadi. Ayniqsa, ingliz tilini o‘rganayotganlar undan muvaffaqiyati sirini so‘rab, hol-joniga qo‘yishmayotgandir? Lekin Gulxanjon ha­misha mushkulingizni oson qiladi. Chunki u qahramonimizning g‘oliblikkacha bosib o‘tgan yo‘lidan xabardor.

Mirabror to‘rt yoshidan boshlab xolasi Nodira Madrahimova yordamida ingliz tilini o‘rgana boshladi. U 1-sinfga chiqqanda darslikdagi deyarli barcha so‘zlarni yoddan bilardi. Otasi harbiy bo‘lgani sabab yurtimizning turli hududlarida o‘qishni davom ettirishga to‘g‘ri keldi. Biroq, maktab va sinfdoshlar, ustozlarning o‘zgarishi uning qiziqishlarini so‘ndirmadi. Mirabror maktabdan chiqib, kuniga 2 soat ingliz tilidan qo‘shimcha darsga borsa, uyda yana 1-1,5 soat shug‘ullanishni kanda qilmadi. U hamisha “Nimanidir o‘rganish uchun uni astoydil sevish kerak” shioriga tayanadi. Shu bois, qisqa fursatda maqsadiga erishadi.

Orzuga yetishishda, albatta, tajribali peda­goglarning hissasi katta. Aynan Mirabrorning niyatlari ijobat bo‘lishida ustozlari Nodira Madrahimova, Aziza Akromjonova, Sobir Mengliyev, Zebo Melimurodova, Odil Oli­movlarning mehnati beqiyos. Ular zukko o‘quvchisining kelgusida Buyuk Britaniyaning London shahrida o‘tkaziladigan yana bir xalqaro olimpiadadan yuksak mukofotlar bi­lan qaytishidan umidvor. 63 ta davlatdan 88 ming nafardan ziyod o‘quvchilar qatnashgan 12-Xalqaro ingliz tili olimpiadasi haqida Mirabrorning taassurotlariga quloq tutamiz:

— Tanlov juda shiddatli o‘tdi. Hatto, ingliz tili o‘z ona tilisi sifatida tan olingan davlatlardan ham nomzodlar ishtirok etdi. U yerda turli mamlakatlardan kelgan o‘quvchilar bilan do‘stlashdim, suhbat qurdim. Ularning turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari haqida qiziqarli ma’lumotlarni bilib oldim. Chet ellik do‘stlarimni O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlar ham juda qiziqtirdi. Ular bilan Italiyaning tabiati, diqqatga sazovor joylarini birgalikda tomosha qildik. Nasib etsa, kelasi yil ham xalqaro olimpiadada qatnashib, yurtimizga oltin medal bilan qaytishni niyat qildim. Tengdoshlarimga ingliz tilini o‘rganish uchun foydali podkastlar tinglashni, ko‘proq so‘zlashishni maslahat bergan bo‘lardim.

Motivatsiyaga emas, intizomga tayanib ish ko‘radigan qahramonimizning fikrlari o‘rinli. Kelgusidagi rejalari esa ulkan. U ingliz tilidan tashqari boshqa fanlarni o‘rganib, kuchli poliglot bo‘lishni xohlaydi. Navbatdagi maqsadi — arab tilini yaxshi o‘zlashtirish. Til o‘rganib, oliy ta’limni dunyoning top universitetlarida o‘qishni diliga tuggan. Shuningdek, u jarrohlik sohasiga ham qiziqishini, kelgusida professional kardiojarroh bo‘lish istagi borligini aytdi.

Quvonarlisi, hozir Mirabror Toshkent shahrida joylashgan “Milestone International School” makta­bida o‘qishni davom ettirishi uchun 400 million so‘mlik grant ajratildi. Endi qah­ramonimiz maktabda be­pul o‘qishi, bitirganidan so‘ng dunyoning top 50 talik universitetlarida 100 foizlik grant asosida tahsil olishi mumkin. Tanlov unga imkoniyatlar eshi­gini ochdi. Yasha, Mirabror!

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.