Avloniy nafasi
Ustozlaringiz sizni gohida muzeylarga olib borishadi, to‘g‘rimi?
Albatta, shunday bo‘lishi kerak, chunki muzeylar siz o‘quvchilarga tarixni, bobolarimizdan qolgan boy madaniy-ma’rifiy, ilmiy merosni o‘rgatadi. Sizga ajdodlarimiz bilan tanishish, ular bilan faxrlanish hissini tuyish imkonini berish bilan birga o‘zingiz ko‘proq qiziqadigan sohani topish, yangi bilimlarni o‘zlashtirishingizga ham yordam beradi.
Toshkent shahrida joylashgan Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti va muzeyi haqida eshitganmisiz? U yerga sizlarga dars beradigan ustozlaringiz malaka oshirish, tajriba orttirish, ta’lim berishdagi yangicha pedogogik usullarni o‘rganish uchun keladilar.
Ushbu institut ilk bor 1934-yil 4-mayda boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarini tayyorlash kursi negizida Xalq ta’limi kadrlari malakasini oshirish instituti nomi bilan tashkil etilgan. 2024-yilda Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida muzey tashkil etilib, unda jadidlarning ilmga e’tibori, Abdulla Avloniy asos solgan maorif tizimi, o‘sha davrdagi darsliklar, mamlakatimizdagi ilk teatr sahna asarlari, umumiy ta’limning rivojlanish bosqichlari aks etgan.
“Abdulla Avloniy o‘z davrining jasur va bilimdon shaxslaridan biri edi. U shoir, yozuvchi, o‘qituvchi, davlat arbobi bo‘lib, O‘zbekistonda maktab va ta’lim tizimini rivojlantirish uchun ko‘p mehnat qilgan. Uning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat...” degan mashhur gapi hali ham ma’naviyat va ta’limning nechog‘li muhim ekanligini eslatadi. Ushbu muzey ham shaxsan Prezidentimizning tashabbuslari bilan kelajak avlodga mana shu muqaddas g‘oyalarni yetkazish, ularni vatanparvarlik, ilmsevarlik ruhida tarbiyalash maqsadida ochilgan. Muzey o‘zbek pedagogik va madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga bag‘ishlangan”, – deydi Nasiba Yodgorova.
Darhaqiqat, mamlakatimizda ta’lim tizimini yangi darajaga olib chiqqan, maorif tizimida ulkan islohotlarni amalga oshirgan Abdulla Avloniyning tarixiy merosi hanuzgacha ko‘pchilikni qiziqtirib keladi. Avloniy nomiga tashkil etilgan muzeyda uning buyumlari, kiyimlari, shaxsiy kutubxonasida to‘plagan kitoblari bilan birga u o‘quvchilar uchun yozgan darsliklar, qo‘llanmalar, jadid bobomizning turli ijtimoiy-siyosiy sohalardagi faoliyatini tasdiqlovchi muhim hujjatlar – guvohnomalar ham saqlanadi. U yerdagi asosiy eksponatlar Avloniyning avlodlari ko‘magida yig‘ilgan bo‘lib, xuddi uy-muzeyidagidek kayfiyat bag‘ishlaydi. Avloniy xonadonida foydalanilgan ish stol-stuli, xontaxta, ko‘rpachalar, uning uy-ro‘zg‘or buyumlaridan mo‘jaz xona muhiti yaratilgan. Bir so‘z bilan aytganda, u yerda Avloniyning izini, Avloniy nafasini his etasiz. Davlat va jamoat arbobi, maorif tizimini rivojlantirishda ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ muallim sizga yanada yaqinroqdek tuyiladi.
Bilasizmi, muzeydagi diqqatga sazovor eksponatlardan yana biri – jadid bobomiz foydalangan grammofon. Uning yordamida Avloniy siz kabi tolibi ilmlarning ovozlarini yozdirib, o‘zlariga qayta eshittirib, til o‘rganish, notiqlik kabi muhim sohalardan saboq bergan. Demak, hozir chet tilini o‘rganishdagi “Listening”(“Tinglab tushunish”) mashqlarini Avloniy o‘z davrida bizdan bir asr oldin qo‘llagan ekan.
Muzeyda sun’iy intellekt yordamida jadidlar – ilm uchun kurashgan qahramonlarimizning qiyofasi tiklangan. Ular o‘zlarining eng muhim deb hisoblagan o‘gitlarini sizga aytib berishadi.
Institutda muzey bilan birga 88 ming kitobdan iborat muhtasham, zamonaviy kutubxona mavjud bo‘lib, malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilar ulardan bemalol foydalanishlari mumkin. Ularga qulaylik yaratish maqsadida kutubxonaning elektron bazasi ham shakllantirilib, yangi kompyuterlar bilan jihozlangan.
Muzeyga kelsangiz, unda ko‘proq qolishni, eksponatlarni uzoqroq tomosha qilishni istashingiz aniq. Ishonavering, Abdulla Avloniy nomidagi muzey va kutubxona sizda cheksiz taassurotlar qoldiradi. Axir, men o‘zim borib ko‘rdim-ku.
Endi ayting-chi, siz qanday muzeylarga borgansiz? U yerda aynan qaysi eksponat sizni hayratga soldi? Yana, jahonga mashhur qaysi muzeylarga borishni istagan bo‘lardingiz? Javoblaringizni telegram orqali @GulxanBilimdon manziliga yuboring, albatta o‘qib chiqaman.
Muhammadali PO‘LATOV