Farg‘onalik o‘quvchi qiz MICROSOFT kompaniyasining O‘zbekistondagi ilk vakili
Farg‘ona viloyati 10-maktabning 11-sinf o‘quvchisi 16 yoshli Dilafro‘z Jo‘raboyeva Microsoft kompaniyasining yoshlarga mo‘ljallangan Microsoft Learn Student dasturi vakili bo‘ldi.
Endilikda Dilafro‘z Microsoftning O‘zbekistondagi yuzi sifatida faoliyat olib boradi va o‘zbekistonlik yoshlarni IT sohasiga jalb qilishga o‘z hissasini qo‘shadi. Qanday qilib deysizmi? Keling, bu haqida Dilafro‘zning o‘zidan bilib olamiz: “Ushbu loyihaga topshirishim ham, kirishim ham oson kechmadi. Texnik tomondan bilimlarim yaxshi bo‘lgani uchun meni nominatsiyaga qo‘yishdi. Bir yil davomida kompaniya tomonidan berilgan turli shartlar va topshiriqlarni a’lo darajada bajarish talab etildi. Shulardan biri Sun’iy intellekt texnologiyasi bo‘yicha berilgan 30 ta moduldan iborat dars va topshiriqlar bo‘ldi”.
Xo‘sh, Microsoft Student vakili bo‘lish nima beradi?
Ushbu maqomga ega bo‘lgan talaba texnik va yetakchilik bo‘yicha treninglar, Microsoftning keng ta’lim resurslariga kirish va kelajakni yaratishga ishtiyoqi baland bo‘lgan yoshlarni birlashtirish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari vakillar uchun Amerikaga viza olish va sayohat qilish imkoniyatlari yaratiladi. Talaba tomonidan yoshlar uchun o‘tkaziladigan tadbirlarga homiylik beriladi. Kompaniyaning barcha mahsulotlarining Premium talqinlari bepul taqdim etiladi.
Ayni damda Dilafro‘z Yandex uchun o‘qish va stajirovkaga topshirgan, sinovlardan yaxshi o‘tsa, Yandexning katta loyihalariga qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.