Asl boylik
Sarvar maktabga ketar ekan, oyisi bergan pulni olgisi kelmadi.
– Qo‘yavering oyijon, menda kechagidan qolgani bor, – dedi ko‘zlarini yashirib.
– Kechagi arzimagan ikki ming so‘m edi-ku! Uydan yegulik olib ket, desam, uyalaman, deysan. Meni xijolat qilma, bolam.
Sarvar noiloj oyisi bergan pulni oldi.
Katta tanaffusda u maktab oshxonasiga tushdi. Bir qo‘lidagi pulga, bir turli-tuman yeguliklarga qaradi. Sarvar bu oshxonadagi eng sara shirinliklarni avvallari tatib ko‘rgan. Agar dadasi kasal bo‘lib qolmaganda, hozir oilasi bunchalik qiynalmasdi. Oyisi farroshlik qilmasdi. Akasi Ravshan o‘qishni tashlamoqchi edi, dadasi bilan oyisi rozi bo‘lmadi. Ravshan ham ustaxonada ishlab, uyga kech qaytadi. Axir u o‘qishning shartnoma pulini to‘lashi kerak-da.
– Bo‘laqol, yo‘lni bo‘shat, oladiganing bitta somsa-yu, namuncha termulasan, – sinfdoshi Mahmudning gaplari Sarvarni o‘ziga keltirdi, g‘ururi uyg‘onib, jahli chiqdi.
– O‘t, o‘tib olaver, – dedi u bazo‘r o‘zini bosib. – Senga faqat ovqat kerak-ku, ovqat bo‘lmasa, yasholmaysan.
Bu gap Mahmudning achchig‘ini keltirdi. U o‘ziga to‘q xonadonda yashaydi. Dadasining erkatoyi. Qachon qarama, qo‘lida pul bo‘ladi. Tushlikda ham hammadan ko‘p sarflaydi, ba’zan do‘stlarini ham mehmon qiladi. U hammaga o‘zini yaxshi ko‘rsatishni xohlaydi. Shundanmi, ustozlari Sarvarni maqtashlariga chidolmaydi.
– Nima deding, alaming kelyaptimi? – dedi Mahmud.
– Hecham-da, nega alamim kelarkan? Axir bu pullarni mehnat qilib topmagansan-ku. Faqat ishlatishni bilasan.
– O‘zingda yo‘qligi uchun meni ko‘rolmayapsan. Oying bilan dadang seni yaxshi ko‘rmagani uchun kam pul berishadi.
Ikkalasi janjallashib ketdi. Darsga qo‘ng‘iroq chalindi. Oshxonadagi sinfdoshlar Sarvarning yonini olishdi.
Janjal sinf rahbarining qulog‘iga yetdi...
– Men ham oddiy oilada o‘sganman, Mahmud, – dedi sinf rahbari ular bilan alohida gaplashayotib, – ammo ota-onam men uchun hamma narsaga tayyor edi. Biroq imkoniyatlari yetsa-da, menga ortiqcha pul berishmagan. Buning uchun ulardan bugun juda minnatdorman. Agar yana shu masalada do‘stlaringni xafa qilsang, dadangni chaqirtirishga majbur bo‘laman. Qilgan ishing yaxshi emasligini bilsang kerak?
Mahmud jimgina bosh egdi.
Ertasi kuni tanaffus paytida Mahmud Sarvarni imladi.
– Ma, ol, – dedi u Sarvarga pul uzatib. – Qarzga emas, bemalol olaver.
– Ololmayman, – bosh chayqadi Sarvar. – Chunki bular seniki emas, ota-onangniki.
– Mendan xafamisan?
– Yo‘q, shunchaki pul kerak emas.
– Unda bularni nima qilaman?
– Oyingga hech sovg‘a berganmisan?
– Bu pul sovg‘aga yetmaydi-ku.
– Bugun yetmaydi, lekin to‘plasang, albatta, yetadi. Bir quticha topib, unga ortgan pullarni yig‘ib bor. Oyingni tug‘ilgan kunida sovg‘a olib borsang, juda xursand bo‘ladilar.
Mahmud bu taklifdan sevinib ketdi.
Aziz o‘quvchilar, menimcha, hammaning sinfida Sarvar va Mahmud kabi bolalar bor. Keling, ularning muammolarini do‘stlarcha tahlil qilib ko‘raylik. Sarvar oiladagi sharoitni bilgani uchun oyisini ortiqcha qiynamaydi. O‘rnida boshqa bola bo‘lganida bunga e’tibor bermay, har kuni pul olishga harakat qilardi. Mahmud esa sinfdoshining ahvolini tushunmay, mehrni pul bilan o‘lchayapti. Aslida esa unday emas. Barcha ota-ona farzandini yurak-yuragidan yaxshi ko‘radi. Faqat besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, hamma ham Mahmudning ota-onasi kabi bolasining qo‘liga ko‘p pul bermaydi. Bunga oiladagi sharoit, tarbiya yo‘l qo‘ymaydi. Aslida, maktab o‘quvchisiga ortiqcha pulning nima keragi bor? Bu birinchidan, uni sinfdoshlaridan ajratib qo‘yadi. O‘zi sezmagan holda, boshqalarga nisbatan maqtanchoq, bepisand bo‘lib ulg‘ayadi. Qolaversa, boyvachcha o‘quvchi uni keraksiz kompyuter o‘yinlariga, hoy-u havasga sarflashni boshlaydi. Qo‘lida hamisha pul o‘ynab ulg‘aygan bola mehnatga bo‘yin egmaydi, yalqov, dangasa bo‘lib qoladi.
Gulchehra MATYOQUBOVA
Tahririyatdan: Qadrli o‘quvchilar, yuqoridagi fikrlarga siz nima deysiz? Xatlaringizni kutamiz.