Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Asqad Muxtor

“Opa-singillar”, “Tugʻilish”, “Davr mening taqdirimda”, “Chinor” romanlari, bir qator qissa, hikoya va dramalari, kuzatuvlarga asoslangan falsafiy lirikasi, jahon adabiyoti namunalaridan badiiy yuksak tarjimalari bilan XX asr oʻzbek adabiyotiga katta hissa qoʻshgan soʻz sanʼatkori Asqad Muxtor 1920-yilning 23-dekabrida Fargʻona shahrida temiryoʻlchi oilasida tugʻildi. Oʻn bir yoshida otasidan yetim qolib, bolalar uyida tarbiyalandi. Maktabni tugatgach, Oʻrta Osiyo Davlat universitetida tahsil oldi. Ish faoliyatini Andijon pedagogika institutida kafedra mudirligidan boshlagan Asqad Muxtor Toshkentga kelgach markaziy gazetalarda ishladi.

“Sharq yulduzi”, “Guliston” jurnallari hamda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasiga bosh muharrirlik qildi.

Asqad Muxtor “Tilak”, “Tong edi”, “Totli damlar” singari ilk sheʼrlarida (1935–1938) sheʼriyatning maqsad va vazifasini, shoirning jamiyat oldidagi burchini aniqlab olishga intiladi.

Shoir Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan “Gʻalaba ishonchi”, “Jangchining bayram kechasi”, “Tugʻishganlar qaytdi”, “Sogʻinish” singari qator sheʼriy asarlarini yaratib, xalqni fashist bosqinchilariga qarshi kurashga undadi. Tinchlik yillarida yurtimiz tabiiy boyliklarini, xalq hayotidagi oʻzgarishlarni tasvirlovchi “Poʻlat quyuvchi” (1947), “Hamshaharlarim” (1949), “Rahmat, mehribonim” (1954), “Chin yurakdan” (1956) sheʼriy kitoblarini yozdi.

Yozuvchining “Daryolar tutashgan joyda” (1950), “Qoraqalpoq qissasi” (1958), “Buxoroning jin koʻchalari” kabi qissalarida, “Opa-singillar” (1955), “Tugʻilish” (1963), “Davr mening taqdirimda” (1964), “Chinor” (1973), “Amu” kabi romanlarida zamonamizning muhim muammolari oʻz ifodasini topdi. “Chin yurakdan” (1956) sheʼriy kitobi, “Hayotga chaqiriq” (1956), “Dunyo bolalari” (1962) hikoyalar toʻplamlari oʻzbek bolalar adabiyoti xazinasini boyitdi. Asqad Muxtorning “Mardlar choʻqqisi” (1948), “Yaxshilikka yaxshilik” (1949), “Samandar” kabi pyesalari tomoshabinlar va oʻquvchilar qalbidan chuqur joy oldi.

Sofokl, A. Pushkin, M. Lermontov, R. Tagor, M. Gorkiy, T. Shevchenko, A. Blok, V. Mayakovskiy, A. Korneychuk asarlari Asqad Muxtor tarjimasida oʻzbek kitobxonlarining maʼnaviy mulkiga aylangan.

Asqad Muxtor “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoni va Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.