Koinot tilsimlari
Oyning oʻn beshi – yorugʻ, oʻn beshi – qorongʻu
Bu maqolni kundalik hayotimizda tez-tez qoʻllab turamiz.
Maqol koʻchma maʼnoda ishi yurishmagan kishiga nisbatan ishlatiladi. Yaʼni, “Ishing bugun yurishmagan boʻlsa, ertaga albatta yurishadi”, – deyiladi. Ushbu maqol insonning sabr-toqatli, irodali boʻlishiga turtki boʻladi.
Dono xalqimiz toʻqigan bu maqol zamirida fizik-astranomik sabab ham bor. Chunki Oy ham boshqa osmon jismlari singari doimo harakatda boʻladi. Yaʼni, Oy oʻz oʻqi hamda Yer sayyorasi atrofida harakatlanadi. Istalgan osmon jismining oʻz oʻqi atrofida aylanish davri shu osmon jismi uchun sutka (bir kecha-kunduz) davomiyligi boʻladi. Osmon jismining biror markaziy jism atrofida aylanish davri esa shu osmon jismi uchun yil davomiyligini taʼminlaydi. Oyning oʻz oʻqi atrofida aylanish davri 29,5 yer sutkasiga tengdir. Oyda oʻn besh sutka – qorongʻu, oʻn beshi yorugʻ boʻladi.
Oyni etak bilan yopib boʻlmaydi
Bu maqol ham xalqimiz orasida keng tarqalgan boʻlib, uning oʻziga xos koʻchma maʼnosi bor. “Oyni etak bilan yopib boʻlmaydi” maqoli zamirida biror kishi tomonidan yashiringan, sodir etilgan xatti-harakat bir kuni fosh boʻladi, degan maʼno yotadi.
Maqolning astranomik maʼnosi – sayyoramizga eng yaqin boʻlgan osmon jismi Oy hisoblanadi. Aslida, Oy osmonda bizga yaqin boʻlib koʻrinsa-da, u ancha uzoqda joylashgan. Bu holni quyidagicha izohlash mumkin. Yer va Oy orasidagi masofa 60 yer radiusiga teng, yaʼni oygacha boʻlgan haqiqiy masofa 384400 km ga teng. Endi, Oy qayoqda-yu uni etak bilan yopish qayoqda, tasavvur qilavering.
Oyning ham dogʻi bor
Inson tomonidan yaratilgan buyum yoki bajarilgan ish, yoxud biz benuqson deb oʻylagan kishimizning biror kamchiligi koʻrinib qolganda “Oyda ham dogʻ bor”, – degan maʼnoni ishlatamiz. Mazkur naql yana inson husn-jamolini taʼriflashda ham qoʻllaniladi.
Bu maqolning astranomik maʼnosi yerdan qaralganda, Oyning katta qismi yorugʻ, qolgan qismi qora dogʻ (soya) boʻlib koʻrinadi. Bunga sabab Oyning relyefi ham bir tekis emas. Yaʼni, baland-pastliklardan iborat. Oyda ham togʻlar mavjud boʻlib, bu togʻlar oʻz nomlariga ega. Ushbu togʻlarning balandligi yerdagi kabi 9 kilometrgacha yetadi. Har qanday jism yoritilganda soyalar hosil qiladi. Demak, bu qora dogʻlar Oydagi togʻlarning soyalaridir.
Shirinoy TOJXALILOVA,
Andijon viloyati Boʻston tumanidagi
10-maktabning fizika fani oʻqituvchisi