Assalom, Yangi yil
Assalomu alaykum, “Gulxan”ning aziz va qadrdon muxlislari! Sizlar bilan Yangi yilning ilk sonida uchrashib turganimizdan behad xursandmiz. 2021-yil barcha-barchaga quvonch va shodlik olib kelsin, kutilmagan muvaffaqiyatlar yili boʻlsin. Mushtariylar qatoriga bu yil kelib qoʻshilgan jurnalxonlarni esa alohida tabriklaymiz. Sababi, siz jurnalga obuna boʻlib juda toʻgʻri qildingiz. Buning chin maʼnodagi oqilona qaror ekanligini “Gulxan”ning ushbu sonini oʻqib chiqqaningizdayoq bilib olasiz va bu haqida, albatta, bizga xabar qilasiz. Manzilimiz, internet tarmogʻidagi elektron raqamlarimiz jurnalning soʻnggi sahifasida eʼlon qilingan.
Muhtaram Prezidentimiz Yangi yil arafasidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2021-yilni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berishni taklif etdilar. Bu borada “Gulxan” jurnalining ijodiy jamoasi ham yangi yilda oʻz oldiga yangi rejalar tuzib qoʻydi. Jurnalning har bir sonini diqqat bilan kuzatib borsangiz, bu haqida albatta bilib olasiz.
Prezidentimiz oʻz nutqlarida “Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino, bundan ming yil oldin “Dovyurak, botir insonlar kelajakda sodir boʻladigan qiyinchiliklardan qoʻrqmaydi”, – deb bejiz aytmagan. Kuni kecha Yoshlar forumida oʻgʻil-qizlarimizning yonib turgan koʻzlarida ulkan azm-u shijoatni, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni koʻrib, yanada ruhlandim va ulardan kuch oldim. Ibn Sino bobomiz aytgan dovyurak va botir yoshlar aynan shu farzandlarim ekaniga yana bir bor amin boʻldim... Yangi Oʻzbekistonni ana shunday bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz”, – dedilar. Shuningdek, mamlakatimiz rahbari yangi yilda yurtimizda yana 10 ta Prezident maktabi, kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab oʻz faoliyatini boshlashi haqida ham maʼlumot berdilar.
Prezidentimiz qaysi viloyat yoki tumanga borsalar, u yerdagi isteʼdodli yoshlarga alohida eʼtibor qaratadilar, ularni qoʻllab-quvvatlaydilar, oʻrni kelganda munosib ragʻbatlantiradilar. Iqtidorli bolalar uchun maxsus maktab yoki sport maydoni, madaniyat saroyi yoki kutubxona ochib berish haqida farmoyish beradilar. Ana shu eʼtibordan ham koʻrinib turibdiki, Prezidentimiz kelajak avlodga nihoyatda ishonadilar. Ajdodlarimizga munosib avlod boʻlishingizga, bugun ota-onalaringiz, mamlakatning fidoyi va jonkuyar rahbarlari boshlagan ezgu amallarni kelgusida siz yoshlar davom ettirishingizga koʻzlari yetadi. Shunday ekan, aziz oʻquvchilar, bugun mana shu “Gulxan” jurnalini qoʻlingizga oldingizmi, qunt bilan oʻqib chiqing-da, yoningizdagi sinfdoshingizga koʻrsating. Ishonamiz, ana shu sinfdoshingiz kelasi oydan albatta jurnalga obuna boʻladi. Sizga maʼqul boʻlgan, hikoya, ertak va maqolalar haqida oʻrtoqlaringizga soʻzlab bering. Tengdoshlaringiz yozgan sheʼr, chizgan rasmlarini diqqat bilan kuzating. Balki siz ham yaxshi rasmlar chizayotgandirsiz, sheʼrlar yozilgan mashq daftaringiz ham bordir. Jurnalni koʻrgach, ana shu ijod namunalaringizni tahririyatga yuborgingiz kelib qolar. Bular haqida ustozingiz yoki yoningizdagi partadoshingizga aytib fikrlasharsiz. Shunday qarorga kelsangiz, “Gulxan” jurnali ijodkorlari sizlarga yaqindan yordam berishga, qoʻlingizdan tutib ijod dunyosiga olib kirishga tayyor.
Yana bir bor kirib kelgan Yangi yil bilan siz jurnalxonlarni samimiy muborakbod etamiz. Oʻqish va ishlaringizda ulkan zafarlar tilaymiz. Hamisha sizlarga eng yaqin doʻst boʻlib qolishga soʻz beramiz.