Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Baxtga eltgan eʼtiqod

Qadrli jurnalxonlar! Bugungi kunda kino olamida katta shov-shuvga sabab boʻlgan “Ibrat” badiiy filmini koʻrib xayolingiz va tasavvuringizdagi maʼrifatparvar shoir, olim, matbaachi, muallim Isʼhoqxon Toʻra Ibratni topa oldingizmi?! Shubhasiz, topgansiz. Zero, filmda tarixiy manbalar asosida Ibratning hayoti va faoliyati toʻlaqonli yoritilgan.

Shuni yodda tutishimiz lozimki, har bir yaxshi film ortida, albatta, tajribali rejissorning zahmatli mehnati turadi.

Biz “Ibrat” filmidan tashqari “Suv yoqalab”, “Changak”, “Yaralangan qush hamon uchmoqda”, “18-kvadrat”,”Dev va pakana”, “Shaytanat”(birinchi mavsum), “Nazira”, “Shoʻrpeshonalar” nomli kinofilmlarni ham qayta-qayta koʻrganmiz. Ularda yoritilgan voqealar, qahramonlarning matonati va iztiroblari, ibrat boʻlishga arzigulik jihatlarini maroq bilan tomosha qilganmiz. Biz zavq bilan tomosha qilayotgan ushbu kinofilmlar Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Doʻstlik” ordeni sohibi, taniqli kinorejissor, bir qator ssenariylar muallifi Jahongir Qosimovning zahmatli mehnatlari samarasidir.

Ushbu sahifamiz orqali sizni oʻsha – xalqimizga birday manzur boʻlgan filmlar muallifi, sevimli ijodkor, kamtar va vazmin inson – Jahongir QOSIMOVning bolalik xotiralari bilan tanishtirishni niyat qildik.

 

Buvimning mehri

Men 1958-yil 2-dekabrda Toshkent shahrida tugʻilganman. Oilada 4 nafar farzandmiz – 2 qiz, 2 oʻgʻil. Toʻngʻich farzand, birinchi nabira boʻlganim uchun ancha erka bola edim.

Rahmatli otam – Mirsobit Qosimov umri davomida zavodda payvandchi – ishchi boʻlib ishlagan. Onam – Qosimova Shahrizoda “Malika” fabrikasida toʻquvchi edi. Onam oilada yagona farzand boʻlganligi uchun buvim (onamning onasi) bilan birga yashardik.

Buvim meni yer-u koʻkka ishonmas, doimo erkalatib, koʻnglimga qarardilar. Uyimizda dutor boʻlardi. Buvim dutorni shunchalar chiroyli chalar ediki, men har safar hayrat bilan tinglardim. Keyin buvimga havas qilib men ham dutorni qoʻlimga olib, oʻzimcha bir nimalarni tingʻirlatib oʻtirardim. Qiziqishimni koʻrgan buvim meni musiqa toʻgaragiga olib bordi. U yerda rubob chalish sirlarini oʻrgana boshladim...

Shunday qilib sanʼatga mehr qoʻyishimga buvim – Azizova Umrixon aya sababchi boʻlgan. Buvim juda koʻp kitob mutolaa qilardi. Har kuni menga yangi ertak, hikoyalar aytib berardi. Arab, lotin, kirill yozuvlarini qiynalmay oʻqir edi. Hayratlangan tomonim shundaki, buvim 96 yoshda vafot etgan boʻlsa, shu yoshdayam tinmay kitob, gazeta, jurnal oʻqirdi.

1965-yilda Toshkentdagi 10-sonli rus tiliga ixtisoslashtirilgan maktabning 1-sinfida oʻqiy boshladim...

 

Zilzila

Bir kuni erta tongda gʻala-gʻovur ovozdan uygʻonib ketdim. Oʻrnimdan turmasdan koʻzimni ochib qarasam, shiftdagi chiroq u yoqdan bu yoqqa tebranardi. Yer silkinayotgan ekan. Dadam singlimni, onam esa ukamni koʻtarib olishganicha hovli tomon shoshishdi. Qoʻrquv ichida meni unutib qoʻyishdi shekilli, degan xavotirda ovozim boricha: “Men-chi, meni kim koʻtaradi?!” deb baqirdim. Shunda xonaning chap tomonidan buvimning “Men, men koʻtaraman seni” degan xavotirli ovozi eshitildi. Buvim meni mahkam quchoqlab koʻchaga yugurdi.

Qoʻshnilarimiz allaqachon koʻchaga chiqib olishibdi. Odamlar qoʻrquvdan qoʻliga nima ilinsa, shuni kiyib olgan, ayrimlar koʻrpa va adyollar yopib olibdi. Yosh bolalarni qalin koʻrpaning ichiga oʻrab qoʻyishgan edi...

Kuchli zilzila oqibatida uylarga kirishning imkoni yoʻq, devorlari ham qulab tushgan edi. Oʻshanda zilziladan talafot koʻrganlar ishkomlarda katta-kichik kapalar qurib yashashgan. Biz ham uch oy kapada yashadik. Mahallamizdagi uylar jiddiy zarar koʻrgani sabab odamlar kamroq talafot koʻrgan tumanlarga koʻchib oʻta boshlashdi. Biz ham boshqa tumanga koʻchib oʻtishga majbur boʻldik...

Bu – 1966-yil 26-aprelda yuz bergan Toshkent zilzilasi edi.

 

Asl sabab

Men yangi uyimizga yaqinroq boʻlgan 185-sonli rus maktabiga qatnay boshladim. Ammo bu maktabda baholarim pasayib, darslarni oʻzlashtirishim ancha qiyin boʻlib qoldi. 2-sinfni tugatishim bilan ota-onam: “Oʻgʻlimiz rus maktabida oʻqishga qiynalyapti. Balki oʻqituvchilarning gaplarini tushunmayotgandir”, deb meni 133 oʻzbek maktabiga olib borishdi. Shunday qilib men uch yil ichida uchta maktabga koʻchdim.

Bir kuni oʻquvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi. Tekshiruvlar paytida men koʻz shifokorining qabulida ancha qolib ketdim. Shifokor menga koʻrishim yaxshi emasligini, darhol koʻzoynak taqishim kerakligini aytdi. Uydagilar shifokor koʻrsatmasi asosida koʻzoynak olib kelishdi. Uni taqishim bilan atrof-tevarak koʻzimga shunday aniq va tiniq koʻrindi-ki, quvonchdan yuragim xapriqib ketdi. Ana shundan keyin darslarni oʻzlashtirishim oson boʻldi. Keyin bilsam, doskadagi soʻzlarni ham, kitobdagi mavzularni ham oʻqishga qiynalib, tushunmagan ekanman...

 

Eng baxtli inson

Bir kuni ustozimiz Lyubov Alekseyevna bizni Hamza teatriga olib bordi. U yerda “Oltin devor” spektaklini tomosha qilib, katta taassurot bilan qaytdik. Shundan keyin koʻzimizdagi hayrat va zavqni koʻrgan ustozimiz bizni koʻproq teatrlarga olib borishga harakat qiladigan boʻldi. Ketma-ket teatr tomoshasiga borishlarim drama toʻgaraklariga boʻlgan qiziqishimni orttirdi.

Buni sezgan buvim meni Madaniyat uyida tashkil etilgan “Kino” toʻgaragiga olib bordilar. Bu toʻgarakka shu qadar qiziqib ketdimki, hajmi katta sheʼrlarni ifodali oʻqib, mazmunli hikoyalarni doʻstlarim bilan oʻzimiz sahnalashtira boshladik. Bundan tashqari maktabda oʻtkaziladigan jamoat ishlarida ham faol qatnashardim.

Maktabni tugatgunimga qadar kino toʻgaragiga qatnab yurdim. Shu vaqt oraligʻida koʻnglimda aktyor boʻlish istagi paydo boʻldi.

Ota-onam sanʼat yoʻlini tanlash niyatida ekanligimni bilib, bu fikrimdan norozi boʻlib, Foziljon amakimni maslahatga chaqirishdi. Amakim: “Bizning avloddan ham biror kim sanʼat sohasiga qiziqarmikan, deb koʻp oʻylardim. Bu mening yetolmagan orzuim edi. Sababi, oʻzim sanʼatkor boʻlishni istardim. Men Jahongirning tanlovini qoʻllab quvvatlayman”, dedi. Shundan soʻng Teatr va rassomlik institutiga hujjat topshirib, talabalikka qabul qilindim.

Faoliyatimni televideniyeda koʻrsatuvlar tayyorlashdan boshladim. Birinchi boʻlib “Insho” nomli kichik filmni, soʻng Xayriddin Sultonovning “Yo, Jamshid” nomli hikoyasi asosida “Changak” filmini suratga oldim.

Hozirgi kun bolalarini, nabiralarimni koʻp kuzataman. Toʻgʻrisini aytsam, ularning kelajagi – taqdiri meni koʻproq xavotirga soladi. Yillar oʻtib ular qanday mutaxassis boʻlib yetishadi?! Egallagan kasbining ortidan qadr topa oladimi?! Iqtidorli yoshlarimiz chet el tomon oshiqib, oʻzga yurtlarda ishlab, oʻsha yerlarda oilasi bilan qolib ketishyapti. Biz farzandlarimizni ham, ularning kelajagini ham asrab-avaylashimiz kerak. Sababi, har bir bola oʻz ota-onasining yonida oʻzini baxtli va xotirjam his etadi.

Xudoga shukr, onam hozir 86 yoshdalar. Volidamning yonida men oʻzimni dunyodagi eng baxtli insondek his etaman. Onam doimo menga bir gapni: “Yuragingga cheksiz eʼtiqodni joylab yashagin. Oʻsha eʼtiqod senga toʻgʻri yoʻl koʻrsatib, baxtga eltadi”, deb takrorlaydi. Shuning uchun ham men yuragimda Vatanim, oilam va kasbimga cheksiz eʼtiqod bilan yashayapman...

 

Hayotiy obrazlar

Men uchun rejissorlik haftasiga kino olish degani emas, balki onda-sonda bittagina film suratga olinsa ham, koʻngillarni har kuni oʻyga toldiradigan, yaxshi-yomon amallarimizga oyna tutadigan, ibrat boʻla oladigan kinoasar boʻlishini istayman. Shuning uchun har bir olinayotgan filmning mazmun-mohiyatiga, aynan hayotiy voqealarga asoslangan obrazlar qiyofasini koʻrsatib, ruhiyatini teranroq yoritishga harakat qilaman. Misol uchun “Yaralangan qush hamon uchmoqda” degan filmimda ham shunday obrazni koʻrish mumkin.

Mahallamizda oilaviy sharoiti ogʻir, ruhiyatida biroz oʻzgarishi boʻlgan Solijon degan bola yashardi. Uni mahalladagi bolalar “Soli jinni”, deb masxara qilishardi. Shu bolaga judayam rahmim kelardi. Rahmatli dadam Solijonni koʻrib qolsa pul berardi. Ammo u olishni istamasdi. Shunday paytlarda buvim uni uyga olib kirib ovqat suzib berar, u xursand boʻlganicha ishtaha bilan yeb olardi. Uning qiyofasi meni shunchalik taʼsirlantirgan ediki, yillar oʻtib uning siymosi filmda namoyon boʻldi.

Men oʻzbek kinofilmlarining har birida oʻzbek xalqining haqiqiy siymosi namoyon boʻlishini istayman...

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.