El duosida
Bu voqea kuzda, Toshkent viloyatining Angren shahri yaqinida ayni tong chogʻida yuz bergan. Uzluksiz yoqqan yomgʻirdan hammayoq shalabbo boʻlgan. Oʻziga oʻzan izlay boshlagan yomgʻir suvlari birlashib yiqqan kuch yerning chok-chokidan soʻtib yuborgudek vajohatda. Shu tobda “gum” degan dahshatli ovoz borliqni larzaga soldi. Bir-ikki lahzalik sukunatdan soʻng qishloqda shovqin-suron koʻtarildi. Jonsarak hayvonlarning vahimali oʻkirishi, odamlarning iltijoli faryodi atrofni tutdi. “Jigariston” mahallasidagi uylar tonnalab tuproq ostida qolgan edi. Koʻchki keltirgan falokat tufayli hali uch yoshga toʻlmagan Hasan ham tuproq ostida qolib ketdi.
Oradan koʻp vaqt oʻtmay qutqaruv xizmati xodimlari yetib kelib koʻchki ostida qolgan odamlarni qutqarishga kirishdi. Shukrki, Hasanning hech bir yeriga ziyon yetmagan ekan. Xaloskorlar uni ota-onasi bagʻriga eltib qoʻydi...
...Oradan yillar oʻtdi. Hasan boshidan kechirgan oʻsha kunlarni joʻyali eslolmaydi. Ammo, ota-onasining xotiralari koʻmagida bolakay sovuqda qolgan kunlarini-yu hayotini saqlab qolgan jasur qutqaruvchilarni elas-elas ilgʻaydi. Qalbida qutqaruv xizmati xodimlariga nisbatan minnatdorlik tuygʻulari joʻsh urardi. Oʻzini bir muddat boʻlsa-da qutqaruvchilar libosida odamlarga yordam berayotganini tasavvur etadi. Bora-bora bu havas ulkan maqsadga aylandi.
Hasan Raxov oliy bilim yurtini tamomlab, orzusiga erishdi. U oʻz vazifasini Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida boshladi. Shu kunga qadar Hasan yuzdan ortiq koʻngilsizliklarni oldini olishda koʻmakchi boʻldi.
Togʻ va tuproq koʻchkisi, zilzila, suv va sel toshqini, turli avtohalokatlar va yongʻinlar... Bu kabi ofatlar hech qachon inson bilan hisoblashmay, qoʻqqisdan keladigan yovdir. Tabiiyki, bunday hodisalar soha vakillaridan tez va aniq qaror qabul qilishdek yuksak mahorat, jismonan baquvvat boʻlishni talab etadi.
Ayni damda Hasan Raxov oʻz safdoshlari bilan dengiz sathidan 2250 metr balandlikda “Qamchiq” Maxsus qidiruv, yongʻin qutqaruv boshqarmasida yoʻriqchi-qutqaruvchi lavozimida ishlab kelmoqda. Bu yerning harorati qishda 30 daraja sovuq, yoz mavsumida esa 40 daraja issiq boʻladi. Mintaqa tez-tez qor-tuproq koʻchishi, yozda esa sel kelishi bilan xavfli hudud sanaladi. Vatanimizning viloyatlararo muhim qatnov yoʻli ham ana shu hududni kesib oʻtgan. Yoʻlning hamisha gavjum va tirbandligi ishga yanada masʼuliyat bilan yondashishni talab etadi. Hasanboy har safar safdoshlari bilan qutqaruv xizmatiga otlanar ekan, bolalik kezlarida uni tabiiy ofatdan qutqargan yaxshi insonlarni xotirlaydi. Ehtimol, u ham oʻzining kamtarona xizmati tufayli kimningdir hayotini saqlab, ularning duolari-yu minnatdorligiga sazovor boʻlar.
Ana shunday damlarda u xavotirli kasbining barcha mashaqqatlarini unutadi. El koriga yarayotganidan, ular boshiga tushgan falokatni aritganidan gʻururlanadi.
Maʼrifat TOLIPOVA