Yoshlikda oʻqigan kitoblarim
Kitob oʻqimay hayot kechirish yoki qoʻlga qalam olib sheʼr va hikoyalar qoralash qanchalar kechirib boʻlmas hol ekaniga oʻzingiz ham ishonch hosil qilayotgandirsiz. Aslida ham shunday. Axir odam ongi, zehni-zakovati bilan dunyodagi barcha jonzotdan ulugʻ va mukarram-da! Bu zehn, bu aqlni charxlab turish uchun esa kitob oʻqish, oʻqilgan kitob magʻzini chaqib, yurakka jo aylab borish kerak boʻladi.
Bolaligimda oʻqigan kitoblarim menga nihoyatda kuchli taʼsir qilgan. Ulardan olgan zavq hamda huzurimni hech qachon unutmayman. Kitob mutolaasi paytidagi tuygan bu zavq-u shavq, hayratni hech narsaga alishmayman. (Shu tobda sizga bir sirni aytgim keldi. Kitob shunday sehrli, moʻjizaviy doʻstki, uni necha marta oʻqisangiz, shuncha marta taʼsirlanasiz. Bu taassurotlar hech qachon bir-biriga oʻxshamaydi)
“Oʻqish kitobi”dagi matnlar, “Zumrad va Qimmat”, “Urtoʻqmoq” kabi xalq ertaklarimiz men oʻqigan birinchi badiiy asarlardir. A. S. Pushkinning “Baliqchi ham baliq haqida ertak”, G. X. Andersenning “Irkit oʻrdakcha”, Raspening “Baron Myunxauzenning boshidan kechirganlari”, J. Rodarining “Jelsomino yolgʻonchilar mamlakatida”, M. Tvenning “Tom Soyyerning boshidan kechirganlari”, X. Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib” kabi asarlarini ham bolaligimda sevib oʻqiganman. Ular menda olam-olam taassurot qoldirgan. Bu kitoblarda qalamga olingan voqea va hodisalar badiiy xayolimni boyitib, adabiyotga oshno tutinishimga turtki boʻlgan. Kitob mutolaasi aytishim mumkinki, ijodkor uchun bir umrlik mashgʻulotdir. X. Poʻlatovning “4 sarguzasht”, A. Volkovning Urfin Jyuns haqidagi asari, A. Gaydarning “Graf saroyi xarobalarida”, N. Fozilovning “Saraton”, I. Turgenevning “Mumu” asarlaridan ham ozmuncha taʼsirlanmaganman. Ularni qayta-qayta oʻqiganman.
Ayni paytda, shaxsiy kitobxonamda 500 ga yaqin badiiy kitob bor. Ular qanday kitoblar ekan, deb qiziqayotgandirsiz? Kitoblarimning koʻpchiligini Rumiy, Navoiy, A. Qodiriy, Choʻlpon, S. Ahmad, E. Vohidov, A. Oripovdan tortib, Iqbol Mirzogacha boʻlgan sevimli ijodkorlarimizning asarlari, L. Tolstoy, F. Dostoyevskiy, A. Pushkin, M. Lermontov, R. Tagor, Markes va boshqa chet el nasr ustalarining kitoblari, shuningdek, qomuslar, hadislar, lugʻatlar tashkil etadi.
Men sizning ham shaxsiy kutubxonangiz boʻlishini juda-juda istayman. Uni ozgina mablagʻ bilan tashkil etish mumkin. Zero, bugungi kunda kitob doʻkonlarimizda istalgan kitobni topib, xarid qilsa boʻladi. Bu ham boʻlsa mustaqilligimizning sharofati! Ilgarilari hozirgidek sifatli, qalin, yaltiroq muqovali, rangli, oppoq qogʻozlarga bosilgan kitoblarni faqat tushda koʻrish mumkin edi, desam ishonavering.
Uyat boʻlsa ham aytay, oʻttiz yoshimgacha juda oz nasriy asar oʻqiganman. Chunki men shoir asosan, sheʼriy kitoblarni oʻqishi kerak, qolganlari uncha zarur emas, degan notoʻgʻri fikrda boʻlganman. Mana endi oʻsha kezlarda oʻqilmay qolib ketgan kitoblarni topib oʻqib, ulardan koʻchirmalar olyapman. Bu mashgʻulot menga maʼnaviy ozuqa berish bilan birga, ijodimga, noshirlik, muharrirlik faoliyatimga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Sevimli shoirlarimning eng kamtari Habib Rahmat boʻladi. Bu shoirning jajji sheʼrlarida oʻziga xos topilmalar talaygina. Sheʼrlari, asosan, uchdan oʻn yoshgacha boʻlgan bolalarga atalgan. Mana bu sheʼrni oʻqib, mushukcha qanday qilib bosh ogʻrigʻi kasaliga duchor boʻlganini bilib olamiz:
– Nima boʻldi, Moshginam?
– Ogʻriyapti boshginam.
– Koʻp uxlaysan pish, pish...
Ana shundan bosh ogʻrish.
13 ta soʻzda bir olam maʼno yashirin, ham bir olam maʼno “yarq” etib koʻrinib turibdi. Shoir sheʼri orqali vaqtning qadriga yet, dangasa boʻlma, harakat – sogʻliq garovi, sen insonsan, kichkina mushukchaning ishini qilma, demayaptimi axir?
Bor gapni shundogʻicha yozishsa, sheʼr sheʼrga oʻxshamaydi. Shu fikrimni bir jajji sheʼr misolida izohlayman.
Faraz qiling: shamol esyapti, kuchli yomgʻir yogʻyapti. Bogʻ boʻm-boʻsh, bogʻdagi uzun skameyka (oʻrindiq) ham boʻm-boʻsh. Chunki bunday paytda unga hech kim borib oʻtirmaydi. Sababi, hammayogʻi hoʻl boʻladi.
Shu gaplarim shundayligicha sheʼriy shaklga solinsa, shubhasiz, u hech kimning eʼtiborini qozonmaydi va oddiy soʻzlar tizmasiga aylanadi. Bu holatni shoira Emma Moshkovskaya quyidagicha tasvirlab jonlantiradi:
Yana barcha yoʻlakchalardan
Shamol yozni supurar bir-bir.
Bogʻchadagi skameykaga
Oʻtqizdirmas hech kimni yomgʻir.
Payqagan boʻlsangiz, manzara butunlay boshqacha tusga kirdi...
Ha, dunyoda yaxshi shoir koʻp. Faqat ularni qalbda kashf etish kerak. Bu yumush esa har bir kitobxonning oʻzida qolgan.
Yusuf Shomansurning “Nishona” nomli sheʼri 1950-yillarda yozilgan, biroq u oʻquvchida kuni kecha yozilganidek taassurot qoldiradi:
Bultur ekkan olxoʻrim
Nishona qildi.
Mana, siz ham yeb koʻring,
Uch dona qildi.
Aytgancha, yeb qoʻyuvdim
Nishonasini.
Danagini koʻrsatsam,
Ishonasizmi?
“Novvotchoy” va “Katta boʻlgach” kabi gʻaroyib sheʼrlar ham Yusuf akaning qalbidan sizib chiqqan.
Aziz yosh ijodkor doʻstlarim, mana shunday goʻzal, badiiy koʻlamdor asarlarni topib oʻqing, mushohada qiling. Nimani qanday yozish mumkinligi haqida oʻylang. Ana shunda siz ham isteʼdodli shoir yoki hech boʻlmaganda, shoirtabiat kitobxon boʻlib yetishasiz.
Abdurahmon Akbar