Abu Rayhon Beruniy
Ulugʻbek Yosh cholgʻuchilarning Venada oʻtkazilayotgan Xalqaro tanlovida ishtirok etish uchun Avstriyaga bordi.
Tanlovdan bir kun avval kun tartibiga binoan ularni shahar boʻylab sayohatga olib chiqishdi. Sayyohlar chiqqan avtobus Venadagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining vakolatxonasi yonida toʻxtadi. Har kim vakolatxona hovlisida hilpirab turgan oʻz mamlakati bayrogʻini koʻrsatib maqtana ketdi. Yurtimiz bayrogʻiga sogʻinch va mehr bilan qarab qolgan Ulugʻbekning nazarida Oʻzbekiston bayrogʻi hamma bayroqlardan chiroyliday, hamma bayroqlardan yuksakroqda magʻrur hilpirayotganday tuyuldi. Ular chopqillab favvora otilib turgan yashil maydonchaga tushishdi. Maydonchaga oʻzgacha shukuh va salobat bagʻishlab turgan haykallar assambleyasi oldida toʻxtashdi. Polshalik bola haykallardan birini qoʻli bilan koʻrsatib Avitsenna, dedi. Haykallarga qarab Ulugʻbek ham hayajonlanib ketdi. Chunki ulardan ikkitasida alloma bobolari Beruniy hamda ibn Sino siymolari aks etgan edi. Ular yonidagisi dadasi hamisha ruboiylarini sevib yod aytadigan Umar Hayyom, yana biri Ulugʻbek uncha tanimaydigan Muhammad ibn Zakariyo ar Roziy ekan.
– Bular – Sharqning buyuk allomalari. Bu haykalni Eron Islom davlati sovgʻa qilgan, – dedi tarjimon, ularning ismlarini bir-bir takrorlab.
– Beruniy, ibn Sino mening bobolarim, men Beruniy bobom kindik qoni toʻkilgan Xorazmdanman, – dedi Ulugʻbek sof ingliz tilida gʻurur bilan. Bolalar unga yalt etib qarashdi. Gid esa “okey” deb uning yelkasiga havas bilan qoqib qoʻydi. Ulugʻbek ichida, bayrogʻimiz bejizga magʻrur hilpiramayotgan ekan-da, deb jilmaydi. U dunyo tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan, qolaversa, Oʻzbekistonni dunyoga tanitgan, bilimi, oʻtkir tafakkuri bilan manaman degan mamlakatlar olimlarini lol qoldirgan bobolariga munosib boʻlib Xalqaro tanlovda gʻolib chiqishga ahd qildi. Ichida esa, uyga borgach buyuk bobolarning dunyo ilm-fani rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini chuqurroq oʻrganib olishni diliga tugdi.
Biz ham ushbu sondan boshlab nafaqat Ulugʻbekni, barcha jurnalxonlarimizni Beruniy, Xorazmiy, ibn Sino, Forobiy, Fargʻoniy kabi oʻnlab alloma bobolarimizning hayoti va dunyo ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi bilan yaqindan tanishtirib borishga qaror qildik.
Abu Rayhon Beruniy
Alloma 973-yil 4-sentabrda qadimiy Xorazm poytaxti Kot shahrida dunyoga kelgan. Ota-onasidan erta yetim qolgan Abu Rayhonni vazir amakivachchasi Xorazmshoh Iroq oʻz tarbiyasiga oldi. Nihoyatda ziyrak va tirishqoq Abu Rayhonga kutubxonadan foydalanishga ruxsat berdi. Abu Rayhon qadimiy faylasuflar asarlarini uqib oʻqidi. Tushunmaganlarini ustozi – astronomiya, matematika, trigonometriya boʻyicha oʻz davrining peshqadam olimi abu Nasr Mansur ibn Iroq al Jadiydan oʻrgandi. Oʻsha davrlarda maʼlum boʻlgan barcha xalqlarga tegishli solnoma tizimlari taʼriflangan “Qadimiy xalqlar xronologiyasi” nomli ilk asari bilan olimlar davrasida shuhrat taratdi. Keyinchalik shoh Maʼmun saroyida Xorazmda yashagan al Xorazmiy, ibn Sino kabi taniqli olimlar jamlangan akademiyani boshqardi. Beruniy dunyo fanida hayratomuz natijalarni qoʻlga kiritgan.
Alloma muvaffaqiyatining asosiy zamini shunda ediki, u arab, fors, yunon, suriy, hatto oʻta murakkab boʻlgan sanskrit tillarini ham yaxshi bilgan.
Beruniyning fikricha, tabiatda barcha narsalar tabiat qonuniyati asosida oʻzgaradi. Bu qonuniyatlarni esa faqat ilm-fan yordamida anglash mumkin. U birinchi boʻlib fanda Yer sayyorasi dumaloq ekanligini, u oʻz oʻqi atrofida va quyosh atrofida aylanishini ilmiy asoslab bergan. Yerning tortishish kuchini oʻrgangan. Yer shari uzunligining aniq hisob-kitobini chiqargan. Yer radiusining uning aylana shaklga egaligidan kelib chiqqan holda, (6000 km dan ortiq) deyarli aniq belgilagan. Yer shari xaritasini chizgan, globusni ham birinchi boʻlib yaratgan. Olimning odamzod imkoniyatidan yuqori, tafakkuriga sigʻmaydigan ilmiy kashfiyotni nihoyatda aniqlik bilan bajargani hanuzgacha insoniyatni hayratga soladi. Beruniy nafaqat astronom balki, ulkan matematik, kimyo, minerologiya, biologiya, tarix, etnografiya, demografiya, falsafa, mantiq kabi qator fanlarda ham jahonshumul kashfiyotlar qilgan. Uning “Hindiston”, “Saydana”, “Osor ul – boqiya” asarlari odamzodning kelib chiqishi, tillarning vujudga kelishi, xalqlar va millatlarning evolutsion taraqqiyot tamoyillari borasidagi noyob durdona hisoblanadi.
Beruniydan bizga 150 ta ilmiy asarni oʻz ichiga olgan bebaho meros qolgan. Alloma bobomiz 1048-yil 11-dekabrda Gʻazna shahrida vafot etgan.
M. HAMIDOVA