Aziz Abdurazzoq
Aziz Abdurazzoq 1928-yili Toshkentda tug‘ilgan. Maktabni tugatgach, madaniy-oqartuv bilim yurtida tahsil olgan. Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutida o‘qigan. So‘ng jurnalist sifatida gazeta va jurnallarda faoliyat ko‘rsatgan.
Shoirning ijodi o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlangan bo‘lib, birinchi she’riy to‘plami 1959-yili “Do‘stlarimga” nomi bilan chop etiladi. Shundan so‘ng “Yana bahor” (1961), “Mavj” (1965), “Bodom gulladi” (1965), “Lirika” (1970), “Aziz odamlar” (1975), “Sho‘x yomg‘ir” (1977), “Qalb nuri” (1978) kabi to‘plamlari nashr etildi. “Qalb nuri” to‘plami shoir tavalludining 50 yilligi munosabati bilan saylanma tarzida e’lon qilingan.
O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la aytganidek: “Aziz she’rlaridan non hidi keladi, o‘zi kezib o‘tgan bog‘lar, dala-dashtlar hidi keladi”.
Aziz Abdurazzoq bolalar uchun ham ijod qilgan. Uning “Oh, qanday shirin” (1977), “Qiz va lola” (1979), “Tap-tap elak” (1981) kabi qator asarlari chop etilgan. Ularda beg‘ubor yoshlik manzaralari goh quvnoq, goh kulgili, goh kinoyali tarzda o‘z ifodasini topgan.
Shundan so‘ng uning “Yostiqdan chiqqan ertaklar” (1988), “Bog‘da bitgan ertaklar” (1989), “To‘rt og‘ayni botirlar” (1989), “Ming chinor” (1995) she’riy to‘plamlari nashr etildi.
Aziz Abdurazzoq tarjimon sifatida M.Lermontov, T.Shevchenkolarning ayrim she’rlarini hamda amerikalik mashhur shoir G.Longfelloning “Gayavata haqida qo‘shiq” dostonini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.