Dugonamdan olgan darsim
Yozgi ta’til tugab, o‘quvchilar sog‘ingan, intiqib kutgan jonajon maktabiga oshiqardi. Har bir bolada o‘zgacha hissiyot... “O‘rtoqlarimni ko‘raman... Kimda qanday o‘zgarish? Kim qanday kiyimda? Yangi o‘quvchi keldimikan?” degan savollar bilan maktab tomon yo‘l olishgan.
Bizning qahramonimiz ham bu yil 8-sinfga o‘tdi. Bugun katta hayajon bilan bosh-oyoq yangi kiyimlari, birozgina taqillagan tuflisi, opasiga havas qilib oldirgan katta qizlarning sumkasini osganicha maktabga ketardi. Yo‘l-yo‘lakay atrofidagilarga nazar solib, o‘ziga-o‘zi: “Oyim aytgan oq koftadan olmaganim yaxshi bo‘libdi, hamma shundan kiyibdi. Mendagi tufli aniq hech kimda yo‘q. Axir, falon pul tursa... Sinfdosh qizlar yosh boladek popka taqib olgandir... U o‘ziga qat’iy ishonch bilan ketarkan, orqadan kimdir uni “Malika”, deb chaqirardi.
– Shuncha chaqirsam ham qaramaysan-a? – dedi dugonasi Zebo.
– Meni qanday taniding?
– Qiziqmisan, sakkiz yillik dugonamni tanimaymanmi?
– Ha endi, yangi kiyimda bo‘lsam, – dedi maqtanchoq ohangda Malika.
– Menga desa qop kiyib olmaysanmi, yurishlaring o‘sha-o‘sha-ku, – dedi Zebo sinfdoshining yurishlarini taqlidan ko‘rsatarkan.
– O‘tgan yilgi yubkangmi? – g‘alati ohangda dedi Malika o‘rtog‘iga.
– Ha, o‘tgan yili oyijonim atay uzunrog‘idan olib bergandilar, mana bu yil loppa-loyiq keldi.
– Voy, indamay kiyaverasanmi?
– Nima qilibdi, qayerga yozib qo‘yibdi yangi kiyim, yangi sumka olish kerak, deb? Asosiysi toza, ohori to‘kilmagan, chiroyli bo‘lsa bo‘ldi-ku, to‘g‘rimi? – dedi atay tasdig‘ini kutganday dugonasiga qarab Zebo. Malika esa:
– Ha, albatta, – dedi-yu boshqa gap topolmadi.
Ikki dugona maktabga kirib kelib, guruh bo‘lib yig‘ilib turgan sinfdoshlariga qo‘shilishdi. Hamma bir-biri bilan so‘rashgan, quchoqlashgan. Birozdan keyin qizlar ajralib, ikkiga bo‘linib olishdi. Bu ular uchun tabiiy holdek. Malikaning guruhidagi qizlar o‘zi kabi maqtanchoqroq. Ular uchun ustidagi kiyimi, tuflisi, telefoni haqida gaplashish qiziqarli.
Hamma sinfga kirdi. Sinf rahbari Nasiba opa ham bolalarni sog‘ingan, shekilli, ularni ko‘rib xursand bo‘lib ketdi.
– Akbar, bolam, bo‘ying cho‘zilibdi-a? – so‘radi Nasiba opa.
– Ha, ustoz, sport zalga chiqdim, bilindimi? – maqtangan ohangda.
– Ustoz, endi bemalol ish buyuravering, ancha chiniqibdi, – gapga qo‘shildi Kozim.
– Nima sen yoz bo‘yi uxladingmi? – deb kulishdi bolalar.
Birinchi o‘qish kunidan darslar to‘liq bo‘ldi, uyga vazifa, topshiriqlar berildi. So‘nggi darsda, odatdagidek, ayrim bolalar darsdan qochishdi. O‘qishning keyingi kunidan hamma o‘z qolipiga tushib ketdi. Kunda-kunora Malika va Zebo mahalla boshida uchrashib qoladigan bo‘lishdi. Gap orasida Zeboning o‘tkir gap-so‘zlarini eshitib, Malika javob topolmay qolardi.
– Ertaga kimyodan laboratoriya ishi bor, oq xalat esingdan chiqmasin-a, – deya eslatib qo‘ydi Zebo.
– Men shifokor bo‘larmidim, nima keragi bor-a shunaqa darslarni?
– Senga kerak bo‘lmasa, menga, qolganlarga kerak. Qo‘rqma, senga “evrika” qil deyishmaydi, turmush tarzimizda uchrab turadigan kimyoviy hodisalarnigina o‘rgatishadi. Senga yoqmas ekan, demak tibbiyot sohasini tanlamaysan. Qiziqmagan kasbingda ishlab savodsiz kadr bo‘lmaysan.
Malika nima deyishni bilmay, jim ketardi.
– Masalan, uyingda toza suv qolmagan, faqat ariq suvi bor. Undan qanday qilib ichimlik suvini ajratib olsa bo‘ladi? Shuni bilasanmi? Mabodo, kichik yong‘in chiqsa, uni qanday o‘chirasan? Suv yo‘q, nima sepsang bo‘ladi? Qara, oddiy turmush tarzimizda uchraydigan hodisalar haqida ham bilmaysan, – dedi Zebo.
Malika dugonasining shartakilik bilan qaytargan o‘tkir javobidan xafa bo‘lmadi, aksincha, o‘zini xuddi “ahmoq”dek his qildi va undan o‘rganadigan narsalari ko‘pligini angladi.
Ertasi kuni u dugonalari bilan har doimgidek kino, instagram, moda haqida suhbatlashgisi kelmadi. Chunki keraksiz, ma’nosiz suhbatlardan zerika boshladi. Bora-bora Zeboga yaqin yurib, dugonalari safiga qo‘shilishga harakat qildi. U bilan gaplashgan, fikr almashgan sari o‘ziga yangi dunyo ochgandek bo‘ldi. Uning qalbida uyg‘onayotgan yangi dunyoda kelajak haqidagi shirin orzular bor edi.
Qizlarjon!
Buvilarimiz: “Menga do‘sting kimligini aytsang, men sening kimligingni aytaman”, – degan naqlni bejiz aytishmagan. Insonlarning kiyimiga, sumkasiga qarab baho berish to‘g‘ri deb o‘ylaysizmi? Siz qaysi fanlarni hayot uchun muhim emas deb hisoblaysiz? Siz ham dugonalaringiz, qiziqishlaringiz, o‘zaro munosabatlaringiz haqida bizga yozib yuboring.
Hilola ABDURASULOVA