Til havosi
Bayram munosabati bilan jurnalimiz muxlislariga milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi bo‘lgan ona tilimiz haqida yangi ma’lumotlar berish maqsadida kutubxonamdagi kitoblarni ko‘zdan kechirdim. Taniqli adib, adabiyotshunos Ahmad A’zamning “Til nomusi” deb nomlangan maqolalar to‘plamini qo‘limga oldim. Adib unda ona tilimizning tarixi, buguni va kelajagi haqidagi kuzatishlari, fikr-mulohazalari, ko‘p yillik izlanishlari haqida yozgan.
“Men vaqti-vaqti bilan lug‘at kitobini varaqlashni xush ko‘raman”, – deb yozadi muallif “Til havosi” maqolasida. Uni roman yo qissa o‘qigandek berilib o‘qiyman. So‘zlar ohanrabodek o‘ziga tortadi... Tilimizning yarim asr ilgarigi manzarasi bugunni ham yoritib, nimalar qilishimiz zarurligini ta’kidlab turadi... Bunga misol qilib tilimizga singib ketgan “Juda xitir odam”, “Ro‘zg‘orda ekanom bo‘lmasa qiyin”, “Menga mushayt qima” kabi so‘zlarni keltiradi. Bunday ruscha so‘zlar odamlarning o‘zaro muomalasiga shu qadar singib ketganki, ularga mana bu ruscha so‘z, o‘zbek tilida “ustamon, ayyor”, “iqtisod” deb qo‘llaniladi, desangiz ular uzoq o‘ylab qolishadi yoki “farqi nima” deb osongina javob qilishadi. “O‘zga tilning surunkali, uzluksiz ta’siri ona tilimizni ichdan yemira boshlaydi. Bunga o‘nlab misollar keltirish mumkin. Chiqib ketgan, tushib qolayotgan so‘zlar o‘rniga yangi, begona atamalar kirib, tilimizning ifloslanish jarayoni to‘xtamayotir”, – deb yozadi kuyunchaklik bilan adib.
Shuningdek, muallif ona tilimizni o‘zimiz sekin-asta, tubdan buzib borayotganimizni aytib, bularga mayda gap deb qaramasligimizni ta’kidlaydi. Daryoga, ko‘lga yaqin turadigan bolalar baliq turlari haqida ota-onalari, buvi bobolaridan eshitgan bo‘lsalar kerak. Lekin shaharliklar baliq nomlarini biladilarmi? Bu haqda A.A’zam shunday yozgan: “Bozordagi baliq rastasiga kiring, “som”, “sazan”, “tolstalob”, “karas”, “shuka”, “belamur” deb “import” nom bilan sotiladi. Holbuki, baliq o‘zimizning ko‘l-u daryolarimizdan tutilgan, baliqfurushlar ham o‘zbek. Hech kim “laqqa”, “zog‘ora baliq” yoki “tangabaliq”, “do‘ngbosh”, “tovonbaliq”, “cho‘rtanbaliq”, “oq amur” demaydi, shunday bo‘lsa, go‘yo xaridor, “e-e, o‘zimizniki ekan-ku”, deb burnini jiyiradigandek. Mayli, oddiy baliqfurushlar lug‘at titkilab yuradimi, lekin televideniyeda ham shunday. Misol: yaqinda ov haqida bir yaxshi ko‘rsatuv berildi, hali bu turkum bo‘lib qolsa kerak, tili ham yomon emas, lekin baliqchi yigit boshidan oxirigacha “sazan” deb gapirdi. Aslida ona tilimizga bunday munosabatning o‘zi katta madaniyatsizlikdir... Bizning barcha badiiy, ma’naviy, ilmiy boyliklarimiz tilimizda. Uning o‘zi eng bebaho madaniy obidadir!”
Darhaqiqat, til shunchaki gapirish yoki yoza olish emas, til bu – madaniyat, tarbiyaning hosilasi. Garchi xususiy telekanallarda o‘zbek adabiy tilini buzib gapirayotgan tili qashshoq boshlovchilar bo‘lsa-da, ona tilimizning rivoji va ravnaqi uchun tinimsiz mehnat qilayotganlar bor.