Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kelajak – matematika bilan

Buyuk nemis shoiri Gyotening Matematika qiziqarli, matematik fokuslar ta’sirli bo‘lishi mumkin,   raqamlarning bir-biriga aloqalari g‘alati bo‘lishi mumkin. Raqamlar dunyoni boshqarmaydi, lekin ular dunyo qanday boshqarilishini ko‘rsatadi degan fik­ri bor. Darhaqiqat, qaysi davlatda rivojlanish yuqori bo‘lsa, o‘sha yerda matematik ilm, olimlar darajasi baland bo‘ladi. Yuqori texnologiyalar, zamonaviy fanlar muvaffaqiyati zamirida matematik nazariya yotadi. Akademik Otkir Roziqov bilan matematikaning hayotimizdagi o‘rni haqida suhbatlashdik.

– Otkir aka, matematika ilmida sizni hayratlantirgan narsa nima?

– Har sohaning jozibasi bo‘ladi. Adabiyotshunos uchun badiiy olam o‘zgacha zavq manbayi, biologga tabiat mo‘jizalari tinchlik bermaydi. Matematik uchun shu soha sirlari bilan shug‘ullanish zavq bag‘ishlaydi. Matematikada “x”ni topish hamda eng muhim matematik g‘oyalarni sodda va aniq izohlashning zavqi boshqacha. Matematika tufayli yomon odatlardan qutulamiz. Ikkilanmasdan, faqat aniq atamalar bilan ishlaymiz, axborot va qoidalarni shunchaki eslab qolmasdan, ularni baholash, tahlil qilish, fikrlash, tushunishni o‘rganamiz. Olamni boshqacharoq ko‘ra boshlaymiz.

 – Matematika sizning qismatingiz ekanligini qachon anglab yetdingiz? Bunga kim yoki nima sabab bolgan?

– O‘qituvchi oilasida dunyoga kelganman. Otam Abdulla Roziqov juda iqtidorli fizik edi. Otam bilan suhbatlar menda aniq fanlarga mehr uyg‘otgan. Maktabda o‘qiyotganimda matematikaga qiziqishim kundan kunga oshib borgan. O‘quvchilik yillarimning asosiy vaqti paxta dalasida o‘tgan. Lekin matematikaga muhabbatim ustunlik qilib, aniq fanlar bo‘yicha sinfdan tashqari kitoblar, jurnallarni topib, mustaqil o‘qishga harakat qilardim. Maktabda o‘qituvchim Sultonova Mayram opa matematika fanini o‘rganishimga katta hissa qo‘shgan: mavzularni sinfdoshlarimga nisbatan tezroq o‘zlashtirishim sababli ustozim dars boshlashdan oldin mening partamga alohida misollarni qo‘yar va maktab olimpiadasiga tayyorlanish uchun yordam berardi. Qiziqishlarim meni Samarqand davlat universiteti mexanika-matematika fakultetiga yetaklagan. Samarqandni tanlashimga sabab, o‘shanda (1987-yil) maktabimizni mendan bir-ikki yil oldin bitirib, SamDUga o‘z kuchi bilan amaliy matematika, ingliz tili va fizika fakultetlariga o‘qishga kirganlar borligi bo‘lgan. Chunki o‘sha paytlar o‘z kuchi bilan o‘qishga kirish juda qiyin edi. Universitetni to‘g‘ri tanlagan ekanman – o‘qishga kirdim. O‘shanda SamDU mexanika-matematika  fakul­tetida Moskva, Novosibirsk va Sankt-Peterburg universitetlarini bitirib kelgan ko‘pgina yosh domlalarning borligi va boshqa o‘qituvchilarning ham kuchliligi, halol ishlashi menga ayni muddao bo‘lgan. Besh yil o‘qib biror marta sinov daftarchamda “4” baho bo‘lmagan. Olimpiadalarda faol bo‘lganman, respublika bosqichida ikki marta ikkinchi o‘rinni olganman.

Hamma ham matematik bo‘la olmaydi, ammo har bir insonni Alloh nimagadir qodir qilib yaratgan. Faqatgina shu ne’matdan to‘g‘ri foydalana olsa va astoydil harakat qilsa, albatta, muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Matematika sohasiga adashib kirib qolganlar esa, yaxshisi, vaqtida ortga qaytgani ma’qul. Chunki inson o‘zi qiziqmagan, ruhiyatiga begona sohada ishlashi juda katta ruhiy zo‘riqishlarni keltirib chiqaradi. Nafaqat matematik uchun, balki barcha soha odamlari uchun ham tarbiya muhimligi haqida bir misol aytsam: men hech qachon bolalarimni, o‘qiysan, deb majburlamaganman. Farzand tarbiyasida nazoratdan ko‘ra oilaviy muhit muhim, deb hisoblayman. Katta o‘g‘lim Germaniyada, kichigi Singapurda amaliyot o‘tayapti. Ikkisi ham ilm yo‘lini tanlagan. Men ularni urishib, baqirib, qattiqqo‘llik bilan tarbiyalamadim. Bir kuni kichkina o‘g‘lim kompyuterda o‘yin o‘ynab o‘tirgan ekan. Unda hali bola edi. “O‘g‘lim, kompyuter o‘ynayapsanmi?” –  dedim. “Ha” – dedi u kompyuterdan boshini ko‘tarmay. “Mayli, o‘ynasang o‘ynayver, kelajakda chiqindi titkilab, bakalashka yoki makulatura yig‘ib-sotib kun ko‘rasan-da” dedim-u, boshqa indamadim. O‘g‘lim shu gapimdan qattiq ta’sirlangan ekan. Keyin u vaqtini bekorga sarflamadi, mening birgina tanbehim unga dars bo‘ldi. O‘z ustida ishladi, o‘qidi, o‘rgandi. Hozir xorijda nufuzli ilm dargohida matematika bo‘yicha izlanyapti. Yaqinda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shu haqida eslab, post qoldiribdi. Mana, o‘g‘lim Laziz Abdullayev sahifasidan olingan fikrlar: “Ko‘pchilik matematik oilasida tug‘ilganimni bilganida birinchi so‘raydigan savoli “Yoshlikdan shu yo‘nalishga undov va talab qo‘yilgan ekan-da?” degan ma’noda bo‘ladi. Aslida esa otamning hayot tarzini kuzatib ulg‘ayishim shu yo‘nalishga mehr va qiziqishimni shakllantirgan. Hech qachon “Buni o‘qi... Buni qil... Uni qilma...” kabi bosimlar bo‘lmagan”.

Haqiqiy matematikda mantiqiy muammolarni to‘g‘ri hal qilishda qat’iyat, mas’uliyat, aniqlik va tartibni ko‘rish mumkin. Inson matematik masalalarni qanchalik muntazam yechsa, uning xarakteri shuncha kuchliroq bo‘lib boradi. Bu esa hayotdagi muammolarni ham hal qilishda yordam beradi.

Talabalik yillarim yozgi ta’tilga borganimda qish­loqdagi oziq-ovqat do‘konida ishlaydigan Vohid tog‘am “Do‘konimga bir yuk mashina tuz keldi, shuni tushirishga yordam ber” – deb qoldi. Borib qarasam, mashina to‘la qadoqlanmagan tuz ekan. Haydovchi tuzni to‘rt tonna, dedi, tog‘amda esa uni mashina bilan birga o‘lchaydigan katta tarozi yo‘q. Odatda bunday holda oldin yuk mashinani yuki bilan birga o‘lchash, keyin yukni tushirib, yana bo‘sh mashinani tarozida tortish kerak. Shunda yuk og‘irligi kelib chiqadi. Tog‘amda esa bunday imkoniyat yo‘q. Tuzni chelaklarga solib o‘lchash ham ancha vaqt oladi, agar kam chiqsa, yana ortib berish-chi!? Bu masalani men matematik hal qildim: do‘kondan hajmini o‘lchash qulay bo‘lgan bo‘sh quti olib, uni tuzga to‘ldirib og‘irligini o‘lchadim. Keyin mashinaning yukxonasini o‘lchadim. Keyin proporsiya tenglama qilib, mashinada qancha tuz borligini hisobladim. Natija haqiqatan to‘rt tonnaga yaqin chiqdi.

– Badiiy adabiyotga munosabatingiz qanday?

– Adabiyotda matematika bilan deyarli har qadamda uchrashamiz, chunki adabiyot hayotning badiiy talqinidir. Badiiy asar qahramonlari ham doim matematikaga duch keladi. Ajablanarlisi shundaki, adabiyotda ham qonuniyat bor. Masalan, she’riyatda bo‘g‘inlar soni – vazn o‘lchamini olaylik. Ushbu o‘lchamning aruz, barmoq, erkin kabi vaznlari mavjud. Mashhur fantastik-sarguzasht kitoblar muallifi Jyul Vernning asarlaridagi ko‘plab ma’lumotlar o‘quvchidan chuqur matematik tahlil va bilimni talab qiladi. Mashhur yozuvchi Lyuis Kerroll juda zo‘r matematik bo‘lgan! Uning ajoyib kitoblar muallifi ekanligini ko‘pchilik bilmasa kerak. “Yevklid beshinchi kitobining algebraik tahlili”, “Yevklid va uning zamonaviy raqiblari” va mashhur “Alisa ajoyibotlar mamlakatida” asari shular jumlasidandir. O‘zbekistonning taniqli matematigi va navoiyshunosi, akademik Abdulla A’zamovning ijodida ham matematika va adabiyotning uyg‘unligini ko‘rish mumkin. Shu sababli, matematika yozuvchi va jurnalistlar uchun ilhom manbayi degan xulosa chiqarishga asoslar yetarli.

 

 – Galileo Galiley Mumkin bolgan hamma narsani matematikalashtirish shart, mumkin bolmagan hamma narsani ham matematikalashtirish kerak – degan ekan. Bugungi dunyoda matematikaning roli qanday?

– Mashhur faylasuf Immanuel Kant aytganidek, “Har bir ilmda matematika qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p haqiqat bor”. Bu gapni shunday talqin qilmoqchiman: turmushingizda har bir qadamingiz matematikaga qancha asoslangan bo‘lsa, shuncha muvaffaqiyat qozonasiz. Aytmoqchimanki, insoniyat shiddat bilan o‘zgarayotgan bu zamonda o‘z kelajagini matematik asoslarga tayanib qurishi zarur. Buni bir misolda oydinlashtirmoqchiman. Oldingi asrda atom bombasini yaratib, endi undan qutulolmay yurgan bo‘lsak-da, bugungi kunda undan ham xavfli, chegara bilmas muammolar bor. Masalan, kibertahdid, axborot xavfsizligi, virus tarqalishi kabi katta xatarlar bor. Bu muammolarni yechishda informatsion texnologiyalar, dasturlash, matematik modellashtirish va kimyo-biologiya kabi sohalarni rivojlantirish juda muhim. Bu sohalarning asosi esa, albatta, matematika!

– Matematikaning vatanida yashaymiz, Xoraz­miyning avlodlarimiz, deymiz. Bugungi avlod mate­matiklariga qanday baho berasiz? Bizda potensial kattami? Dunyo ilm-fanida o‘zbek matematikasining o‘rni qanday?

– O‘zbek matematiklari xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Mamlakatimizda fanning bir nechta yo‘nalishi bo‘yicha mashhur olimlar rahbarligida ilmiy maktablar yaratildi. Ularning ilmiy izlanishlari jahon miqyosida tan olindi. O‘zbek matematiklaridan to‘rt nafari Jahon fanlar akademiyasi akademigi va olti nafari “TWAS”ning yosh olimlar bo‘limi a’zosi bo‘lishdi.

Bugungi kunda maktablarimiz sinfxonalarida nazorat kameralari o‘rnatilgan va maktab­lardagi tartibni saqlash uchun milliy gvardiya yordam bermoqda. Bunday tizim, masalan, Angliyada ham bor. Bu kameralar orqali nazorat qiluvchi maktab rahbariyati va gvardiyachi o‘quvchining darsda o‘zini tutishida kamchilik ko‘rsa, bu haqida ota-onaga asosli video ko‘rsatib, ogohlantiradi. Buni esa o‘quvchilar ko‘rishi kerak. Shunda har bir o‘quvchi uni kamera nazorat qilayotgani va nazorat ota-onasiga yetib borishini tushunib, tartibni saqlaydi. Mustaqilligimizni mustahkamlash va xalqimiz turmushini yaxshilash uchun, albatta, zo‘r mutaxassis va yetuk olimlar kerak.

Biror sohada boshqa davlatning ko‘magiga qarab qolmasligimiz kerak. Qolaversa, yaxshi mutaxassislargina mamlakat rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi. Shu o‘rinda, yaxshi matematiklar o‘z sohasi orqali boyib ketganiga misol keltiraman. Biror ma’lumot kerak bo‘lganida hammamiz “www.google.com” saytiga kirib qidiramiz. Bu tizim bizga qidirayotgan ma’lumotlarimizni juda qisqa vaqtda yuqori aniqlik bilan topib beradi. Xo‘sh, bu murakkab vazifani “Google” qanday amalga oshiradi? Javob yana matematikaga borib taqaladi. 1996-yilda Kaliforniyaning Stenford universitetida informatiklar Lourens Peyj va Sergey Brin tomonidan tadqiqot loyihasi sifatida boshlangan “Google” bugungi kunga kelib bir daqiqada 37 000 dollar foyda qilayotgan yirik kompaniyaga aylandi. Demak, “Google” yaratuvchilari insoniyatga bebaho qulayliklar taqdim etish bilan birga o‘zlari ham juda katta daromad ko‘rmoqda.

Demak, sira to‘xtab qolmaslik kerak.

 

Shahnoza ROFIYEVA suhbatlashdi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.