Aziz Said
Aziz Said 1961-yili Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1984-yilda ToshDUning (hozirgi O‘zMU)jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1992-yilda filologiya fakulteti aspiranturasini tugatgan.
Navoiy viloyati O‘rta Osiyo temir yo‘l qurilishi ko‘chma stansiyasida yo‘l montyori, Qiziltepa parrandachilik fabrikasida ishchi, “Qizil tong” gazetasida musahhih, bo‘lim boshlig‘i, G‘afur G‘ulom nashriyotida muharrir, “Yosh kuch” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, “Sinfdosh” jurnali bosh muharriri, “Jahon adabiyoti” jurnali mas’ul kotibi, “XXI asr texnologoyalari” jurnali bosh muharrir o‘rinbosari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining davlat tili bo‘yicha maslahatchisi vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan. Ayni paytda “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharrir o‘rinbosari.
Aziz Saidning “Chiltor” (1987), “Dili qani Bedilning” (1994), “Fursat darvozasi” (2011), “Vaqt manzili” (2021) she’riy to‘plamlari, “G‘oyibdan do‘st bilan suhbatlar” (2004) adabiy-tanqidiy maqolalar to‘plami nashr etilgan. She’rlari bir qancha chet tillariga tarjima qilinib, turli adabiy-badiiy jurnal va almanaxlarda chop etilgan.
Tarjimon sifatida Paulo Koeloning “Alkimyogar” romanini, Nozim Hikmat she’rlari, “Yusuf va Zulayho” dramasini, Uolt Uitmen, Muin Bsisu, Yevgeniy Yevtushenko, Yozef Rubak, Donat Shayner she’rlarini, Pokiston she’riyatidan Josh Malihobodiy, Ahmad Faraz, Vazir Og‘a, Anis Nagi, Shahzod Ahmad ijodidan namunalarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, jahon adabiyotidan Rene Aviles Fabila, Migel de Astiruas, Tomas Ouen, Frensis King hikoyalarini, Bertold Brext adabiy maqolalarini, Nikolay Shmelev hikoyalarini, Aleksandr Volkov “Zumrad shahar” qissasini, Yana Vagner “Shogird” dramasini, Sergey Mogilsev “Egizaklar” dramasini, Vitol Gombrovich “Ivonna, Burgund malikasi” dramasini, Marta Kim asarlarini mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan.
1987-yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
2021-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.